Qidirish

22:21 / 2025-02-05 988 0 Siyosat

Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlanmoqda

Musulmonlar idorasi fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Qonun loyihasini qoʻllab-quvvatladi.

world-news

Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va meʼyoriy hujjatlar insonning eʼtiqod erkinligi, ijtimoiy adolatni taʼminlash, uning qadr-qimmatini hurmat qilish hamda huquq-erkinliklarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.

Yangi Oʻzbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarni rozi qilish va har bir insonning farovon hayot kechirishini taʼminlashga qaratilganini oʻz hayotimizda guvohi boʻlayapmiz. Bugun roʻyobga chiqayotgan oʻzgarishlar va yangilanishlar zamirida Asosiy qonunimiz va unga asoslangan normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati mujassam.

Chunki mazkurlarda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulugʻ tushuncha markaziy oʻringa qoʻyilgan. Shu nuqtayi nazardan, Davlat Rahbari barcha islohotlarning asosiy maqsadini “Odamlarni hayotdan rozi qilish – asosiy mezon” degan yuksak tamoyilga qaratmoqda.

Taʼkidlash joizki, taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning eʼtiqod erkinligini taʼminlash xalqimizni maʼnan yuksaltirish va ilm-maʼrifatli avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, moʻmin-musulmonlarimiz ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, mamlakatimiz boʻylab yuzlab masjidlar ochildi, Qurʼoni karim kurslari faoliyat yuritmoqda. Haj kvotasi 3 barobar oshirilgan, Umra ziyoratchilari bir necha yuz mingni tashkil etmoqda. Natijada qariyb 800 ming moʻmin-musulmonlarimiz haj va umra ibodatlarini amalga oshirish baxtiga erishdilar.
Diniy taʼlim tizimining rivojlanishiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 4 ta oliy islom taʼlim muassasasi, 10 ta oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi, jumladan, 2 ta ayollar madrasasi yoshlarga ilm-maʼrifat bermoqda. Dunyoviy va diniy bilimlarni uygʻunlashtirish, diniy sohada kadrlarni tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilgan.

Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlar merosini ilmiy oʻrganish, zamonaviy tahdidlarning gʻoyaviy asoslarini tadqiq etish yoʻlida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari jadal faoliyat koʻrsata boshladi. 
Yaqinda muhtaram Prezidentimiz ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi bilan tanishish jarayonida din arboblari, ziyolilar, olimlar, meʼmorlar bilan suhbatlashar ekan, mazkur imoratni buyuk ajdodlarimiz zakovati, xalqimiz maʼnaviy salohiyatiga mos qilib barpo etish, uni yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi, sayyohlar uchun tabarruk qadamjoga aylantirish kerakligini taʼkidladilar.

Oʻzbekistondagi mazkur umuminsoniy va inson qadri yoʻlidagi islohotlar amalga oshirilishi hamda fuqarolarimizning eʼtiqod erkinligi taʼminlanishida Konstitutsiyamiz va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun mustahkam poydevor boʻlmoqda.

Shu yilning 31-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan tashabbus qilingan Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani ham mana shunday ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Ushbu hujjat bilan tanishar ekanmiz, konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda puxta ishlab chiqilganiga guvoh boʻlamiz. 

Xususan, Konsepsiyaning 3-bandida diniy qadriyatlar Oʻzbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros boʻlib oʻtishiga xizmat qilib kelishi taʼkidlanib, bu Davlatimizda barcha dinlarga boʻlgan eʼtibor va eʼtirofning yorqin dalili hisoblanadi.

Taʼkidlash kerakki, konsepsiya koʻpmillatli va turli konfessiyali yurtimizda erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun barqaror muhitni taʼminlashga qaratilgandir.

Jumladan, hujjatda “Har bir shaxsning qonun asosida teng huquq, imkoniyat va himoyaga ega boʻlishini taʼminlash, har bir inson qadrlanadigan, hurmat qilinadigan va fikri inobatga olinadigan ijtimoiy muhitni yaratish”, deb alohida qayd qilingan.

Demakki, bunday saʼy-harakatlar inson qadr-qimmatini oshirishga, millatlar va dinlararo munosabatlarni mustahkamlashga, tinchlik-xotirjamlikni taʼminlashga qaratilgani bilan ham yanada ahamiyatga ega. Zero, inson qachonki millati, xalqi, dini gʻami bilan yashasa, barkamollikka erishadi. Hayotga tadbiq etilayotgan bu kabi qonun-qoidalar natijasida hamjihatligimiz yanada mustahkamlanadi.

Muhim bandlarni sinchkovlik bilan oʻqigan inson, qaysi sohada boʻlmasin, ilm-maʼrifat, ilmiy asoslanganlik va rivojlanishga targʻib etilganini anglab yetadi. Jumladan, “jahon ilm-fani, madaniyati, sanʼati va adabiyotining ilgʻor yutuqlaridan bahramand boʻlgan holda mamlakat ilm-fani va madaniyatini rivojlantirish”, shuningdek, “mamlakat aholisida, ayniqsa, yoshlarda ilmiy, aqliy salohiyatni yuksaltirish, vatanparvarlik tuygʻularini, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalariga boʻlgan hurmat ruhini kuchaytirish”, degan mazmundagi bandlar bayon etilgan. 

Zero, Islom dini doimo insonlarga taraqqiyot yoʻlida yurishni shart qilgan va kishilarni ilm-maʼrifatga undagan. Chunki jamiyatni ilmdan boshqa narsa toʻgʻri yoʻlga sola olmaydi va taraqqiyotga ham erishtira olmaydi. Mujodala surasidagi 11-oyatda esa ilmli kishilar Alloh taoloning huzurida boshqalardan koʻra yuqori darajada turishi ochiq-oydin aytilgan: “Alloh sizlardan imon keltirganlarning va ilmga berilganlarning darajalarini koʻtarur”.

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kishilarni ilmga targʻib qiluvchi koʻp hadisi shariflarni aytganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, dedilar» (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyatlari). Demak, har bir musulmon ilm talab qilishni oʻzi uchun shart deb bilishi zarur. Yurt taraqqiyoti ham, xalqning farovon hayoti ham ilm bilan boʻlishini har bir inson anglab yetishi juda muhimdir.

Teran nazar bilan loyihani oʻqib chiqqan kishi, mazkur hujjat bilan fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarishga hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, yoʻnalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash taklif etilayotganini tushunib yetadi.

Yana bir eʼtiborga molik jihat shuki, hujjatning juda koʻp muhim nuqtalarida umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarishda tenglik va adolat kabi muhim tamoyillarga katta urgʻu qaratilgan. Bu ham boʻlsa, jamiyatimiz adolatlilik, insonparvarlik va birdamlik yoʻlidan odimlayotganini yaqqol ifoda etadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mazkur Konsepsiya qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, xalqimiz totuvligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlar ilm-maʼrifati, maʼnaviyatini yuksaltirishga, davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlashga zamin hozirlaydi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Izohlar 0

Fikr bildirish