Qidirish

20:04 / 2024-11-01 430 0 Jamiyat

Quramatog‘ tizmalaridagi "Oltin topgan" – OKMK tarixiga bir nazar

OKMKning 75 yilligi bayram tadbiriga tashrif buyurgan mehmonlar 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi bilan tanishdi. Shuningdek tadbir doirasida OAV vakillari uchun ham press-tur ham tashkil etildi.

world-news

Kombinatning  tarixi, shubhasiz, Olmaliq  shahri zaminida qadim-qadimdan ma’danlarga boy hududlarning mavjudligi va u yerdagi topilmalar bilan uzviy bog‘liq.
Manbalarga ko‘ra, bugungi Olmaliq hududida II-XII asrlarda poytaxti Tunkent va To‘qkent nomlari bilan mashhur bo‘lgan ko‘hna Iloq davlati joylashgan. Iloq davlati butun O‘rta Sharqda oltin va kumush qazib olinishi bilan nom chiqargan hunarmandchilik markazlaridan sanalgan. Quramatog‘ tizmalarida joylashgan Olmaliqdan ko‘plab qadimiy hunarmandchilik ashyolari va olovli pechlarning topilgani bu yerlarda ma’danchilik, temirchilik, misgarchilik rivojlanganini tasdiqlaydi.
Yurtimizda foydali qazilmalarni tizimli ravishda izlash ishlari bundan yuz yil oldin ya’ni1924 yilda boshlangan bo‘lib, bu borada Olmaliq kon hududlari asosiy tadqiqot obyektiga aylangan edi. 1927 yildan boshlab Olmaliq kon hududida  qidiruv ishlari olib borildi. Natijada Qalmoqqir va Sariq Cho‘qqi mis molibden rudalarining noyob konlari, shuningdek, qo‘rg‘oshin-rux koni – Qo‘rg‘oshinkon topildi. Muvaffaqiyatli tadqiqotlardan so‘ng, 1931 yilda bu yerda kon metallurgiya kombinatini qurish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilindi. Ikkinchi jahon urushi ko‘plab istiqbolli loyihalar qatori kombinat qurilishiga ham to‘sqinlik qildi. Kombinat qurilishi urushdan keyin – 1946 yillarda yana qayta kun tartibiga qo‘yildi. 1948 yilning 16 iyunida esa Plenum kengashi (sobiq SSSR Vazirlar Kengashi)ning Oltin topgan, qo‘rg‘oshin-rux kombinatini qurish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. 1949 yilda “Oltin topgan” kon metallurgiya kombinati qurilishi boshlandi.
 1967 yilning 5 iyulida Oltin-Topkan qo‘rg‘oshin-rux kombinati Olmaliq kon-metallurgiya kombinati deb nomlandi. Bu vaqtga kelib kombinatda kondan ruda qazib olishdan to qimmatbaho metallar tayyorlash jarayonigacha bo‘lgan tizim shakllangandi.
Mustaqillikning ilk yillaridayoq kombinatda yangi loyihalar ishga tushirildi. Jumladan, 1991 yili kombinatda oltin va kumushni affinajlash sexining qurilishi yakunlandi. 1991 yil 24 dekabr kuni birinchi kumush quymasi, 26 dekabr kuni esa birinchi oltin quymasi olindi. 1992 yildan kombinatda oliy probali oltin va kumush ishlab chiqarila boshlandi. Tozalangan oltin va kumush ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi qisqa muddatlarda xorij ekspertlari e’tirofini qozondi. Jumladan, London qimmatbaho metallar birjasi kombinatda ishlab chiqilgan kumush yombilarga 1996 yilning oktyabr oyida hamda oltin yombilarga 1997 yilning 27 oktyabrida “Good Delivery”, ya’ni “Yaxshi yetkazib beruvchi” maqomini berdi. 
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati – mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli ma’danlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi 30 ta yirik korxona safiga kiradi.
OKMK tarkibiga bugun 6 ta konchilik korxonasi, 5 ta boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari, markaziy ta’mirlash-mexnika zavodi, ohak zavodi, sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi, avtomobil va texnologik transport boshqarmalari, iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, shuningdek, 20 dan ortiq yordamchi sexlar va laboratoriyalar kiradi. 
Kombinatda 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlar ishlaydi. Yiliga 148 ming tonnadan ortiq mis katodi, 90 ming tonna rux metali, shuningdek, oltin va kumush qimmatbaho metallari, molibden, volfram, reniy, selen, tellur va kadmiy kabi noyob metallar ishlab chiqariladi.
Hozirgi paytda 2030 yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi  doirasida “Yoshlik-1” konini” o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari olib borilmoqda. Fabrika foydalanishga topshirilgandan so‘ng 3 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. 
Joriy yilning 15 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida ushbu loyihaning 2-bosqichi doirasida 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berildi. Bu loyiha orqali yiliga 146 ming tonna katodli mis va boshqa qimmatbaho metallarni olish quvvatlari yaratiladi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq kishi ishlaydi.
Yangi fabrikaning ishlab chiqarish jarayonida yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi.
Mazkur loyihalar O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalari hisoblanadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshiriladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish