Qidirish

14:58 / 2024-04-02 3832 0 Biznes

«Turonbank» 2023-yil uchun umumiy hisobotini eʼlon qildi

Milliy matbuot markazida «Turonbank» ATBning jamoatchilik vakillari uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida bir qator maʼlumotlar ochiqlandi.

world-news

Turonbank stipendiyasi haqida. Bu loyiha bu yil ham davom etadimi, qancha talabalarga stipendiya berildi?

«Turonbank» Aksiyadorlik tijorat banki birinchilardan boʻlib respublikamizdagi moliya va iqtisodiyot yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarni ishga jalb etishni yoʻlga qoʻygan.

Bank tomonidan tashabbuskor yoshlarni doim qoʻllab-quvvatlash, bilim hamda koʻnikmalarini muntazam oshirib borish maqsadida maxsus strategiya ishlab chiqilgan. Quvonarlisi, bankda faoliyat yuritayotgan xodimlarning 35% ini yoshlar tashkil etadi.

2022-yilda «Turonbank stipendiyasi» loyihasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hozirga qadar 200 nafar talaba ushbu stipendiya sohibiga aylangan. Shartnoma asosida oʻqishga qabul qilingan talabalarga esa toʻlov kontraktlari ham toʻlab beriladi.

Shuningdek, Turonbankning iqtidorli yoshlari Germaniya, BAA, Janubiy Koreya, Chexiya, Xitoy, Turkiya va boshqa qator davlatlardagi nufuzli taʼlim dasturlarida ishtirok etishlari ham taʼminlangan.

Oʻzbekiston moliya bozorida 33-yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki bugungi kunda Respublika boʻyicha oʻzining 21 ta bank xizmatlari markazi va 70 dan ziyod ofislari orqali 622 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Oʻtgan 2023-yilda tijorat banki fuqarolarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish, biznes egalarining istiqbolli loyihalarini qoʻllab – quvvatlash, yangi mahsulotlarni amaliyotga tadbiq etish boʻyicha samarali ishlarni olib bordi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtgan matbuot anjumanida «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi aʼzolari bu haqida batafsil maʼlumot berishdi.

Qayd etilganidek, 2024-yilning 1-yanvar holatiga bankning jami kapitali 1 trln. 897 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Ayni shu davrda aktivlar 15 trln. 939 mlrd. soʻmga yetib, 23,8 foizga oshdi. Shuningdek, oʻtgan 2023-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan jalb qilingan depozitlar miqdori 4 trln. 661 mlrd. soʻmga yetdi. Bu oʻtgan yil bilan solishtirganda 33,5 foiz koʻp demakdir. Jami kredit qoʻyilmalari esa 11 trln. 894 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 26%ga oʻsdi.

Bundan tashqari, hisobot davrida biznes egalarini moliyaviy qoʻllab – quvvatlash maqsadida bank tomonidan 3 trln. 202 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratildi. Shundan kichik biznes subyektlariga 1 trln. 437 mlrd. soʻm, ayollar tadbirkorligiga 86 mlrd. soʻm, yoshlarning startaplarini amalga oshirish uchun 82 mlrd. soʻm va boshqa qator yoʻnalishlarning mablagʻlar yoʻnaltirildi.

Yirik korporativ mijozlarning istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirish uchun esa Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning Eksimbanki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, Xitoyning Eksimbanki, Germaniyaning «AKA» banki, Chexiyaning CSOB banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yanada faollashtirildi.

Ular orqali «Qishloq xoʻjaligi», «Chorvachilikni rivojlantirish»,

«Oziq – ovqat mahsulotlarini qayta ishlash», «Toʻqimachilik va tekstil», «Meva – sabzavotchilik tarmogʻini rivojlantirish», «Turizm», «Xizmatlar sohasi» hamda «Hunarmandchilik» kabi oʻnlab yoʻnalishlarga xorijiy kredit liniyalari oʻzlashtirildi. Xususan, hozirgi kunga qadar 1000 dan ortiq loyihalarga 270 mln. AQSH dollarlik mablagʻ ajratildi.

«Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki oʻtgan 2023-yilda endigina oʻz biznesini boshlayotgan yoki kapitallashuv darajasini oshirish istagida boʻlgan kichik biznes subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham bir qator manfaatli xizmatlarni taklif etdi.

Xususan, «Aylanma mablagʻlarni toʻldirish», «Ishlab chiqarishni qoʻllab — quvvatlash», «Mikrokreditlash», «Invest loyihalarni rivojlantirish», tender savdolarida qatnashishlari uchun «Bank kafolati», «Eksport amaliyotlarini bajarish» hamda quyosh panellari uchun «Eko panel» nomli mahsulotlari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, yuridik shaxslarning boʻsh turgan sarmoyalarini yuqori foyda bilan xavfsiz koʻpaytirish maqsadida milliy valyutada 20%dan, xorijiy valyutada esa 7%dan depozitlar taklif etilmoqda. Qolaversa, ishbilarmonlarimizning vaqtlari va mablagʻlarini tejash maqsadida, bank tomonidan ular uchun hisobraqamlarga masofadan xizmat koʻrsatuvchi maxsus «TuronBusiness» mobil ilovasi, «SMS va Internet banking» xizmati hamda «One Touch» singari innovatsion dasturlar ham ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur qulaylikdan qariyb 48 ming nafar yuridik mijozlar foydalanishmoqda.

Shuningdek, press – anjuman davomida oʻtgan 2023-yilda jismoniy shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar, taklif etilgan yangi mahsulotlar boʻyicha ham maʼlumotlar berildi. Unga koʻra, «Turonbank» ATB tomonidan jismoniy shaxslarga umumiy hisobda 1 trln. 612 mlrd. soʻm miqdoridagi kreditlar ajratilgan. Ularning 343 mlrd. soʻmi 1 598 nafar mijozga ipoteka kreditiga, 8,2 mlrd. soʻmi 284 nafar mijozga isteʼmol kreditiga, 336 mlrd. soʻmi 25 ming 569 nafar fuqaroga mikroqarzga, 906 mlrd. soʻmi 5 ming 695 nafar mijozga avto kreditga,

18,3 mlrd. soʻmi 2 ming 41 nafar talabalarga taʼlim kreditga va 74 mlrd. soʻmi 13 ming 809 nafar mijozga onlayn mikroqarzga rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, 2023-yil yakunlari boʻyicha «Turonbank» ATB kassalariga 1 trln. 552 mlrd. soʻmga teng aholi omonatlari jalb etilib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga oʻsdi. Buning natijasida mijozlarga qulay va manfaatli boʻlgan milliy valyutada «Ipoteka», «Ustivor», «Imkoniyat plus», «Maksimum onlayn» hamda xorijiy valyutada «Optimum» omonatlari taqdim etildi.

Qolaversa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini koʻpaytirish boʻyicha 2023-yilda 599 ming 162 dona milliy valyutadagi plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan boʻlib, shundan 371 ming 710 donasi «UzCard» va 227 ming 452 tasi «Humo» tizimidagi plastik kartochkalar hisoblanadi. Shu bilan birga, «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki 3 mingga yaqin «Visa» hamda 15 ming 299 ta «MasterCard» xalqaro plastik kartochkalarini ham fuqarolarga ochib berdi. Mazkur plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashtirish, kirim qilish va boshqa amaliyotlar uchun butun Respublika boʻyicha 144 ta «UzCard», 132 ta «Humo» va 63 dona valyuta ayirboshlash xususiyatiga ega bankomatlar ishlab turibdi.

Yana bir jihatni qoʻshimcha qilish lozim. «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022-yilda bankning yangi «MyTuron» mobil ilovasining yangilangan talqinini ishlab chiqdi.

Yangi dizayn, zamonaviy interfeys va koʻplab bank xizmatlarini oʻzida jamlagan ilovani 2023 yakunlari boʻyicha 150 mingdan ortiq foydalanuvchilar yuklab olishdi va indentifikatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtishdi. «MyTuron» mobil ilovasida bir necha daqiqa ichida onlayn mikroqarz olish, «UzCard», «Humo», «Visa» va «Mastercard» plastik kartalariga buyurtma berish, «Humo Virtual» kartasini bepul ochish kabi koʻplab funksiyalar mavjud.

Xususan, birlamchi va ikkilamchi bozordan xonadon xarid qilish istagida boʻlgan mijozlar uchun 10-yildan 20-yilgacha boʻlgan muddatga, yillik 16 foizdan boshlab, hech qanday rasmiy daromadsiz, 416 mln. soʻmgacha ipoteka krediti ajratilmoqda. Albatta, shartlar siz tanlagan uy va uning boshlangʻich toʻloviga qarab oʻzgarishi mumkin.

Qolaversa, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab — quvvatlash maqsadida «Biznesga birinchi qadam» nomli kredit turi ham ishlab chiqilganligi aytildi. Uning doirasida fuqarolarga 5 mln. soʻmgacha boʻlgan moliyaviy koʻmakni hech qanday boshlangʻich toʻlov va garovlarsiz, shunchaki sugʻurta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi bilan olishlari mumkin boʻladi.

Agarda ular oʻz bizneslarini yanada kengaytirish istagida boʻlsalar qoʻshimcha yana 300 mln. soʻmgacha mikrokredit ham ajratiladi. Faqatgina bunda koʻchar, koʻchmas mulk yoki avtotransport vositasi garov sifatida taqdim etilishi lozim.

Qolaversa, mijozlarga «Isteʼmol krediti», «Mikroqarz», «Rasmiy daromadsiz mikroqarz», «Sayohat uchun kredit», «Sogʻliqni saqlash uchun kredit» va «Taʼlim krediti» kabi mahsulotlar ham taqdim etilmoqda. Ular haqida batafsil bankning www.turonbank.uz rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.

Bir soʻz bilan aytganda, «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki oʻtgan 2023-yilda mamlakat moliya bozoridagi oʻz oʻrni va imijini yanada mustahkamlab, jismoniy va yuridik shaxslarga koʻplab yangi xizmat va mahsulotlarni taqdim etdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish