So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
Ustoz Shifu Tay Lungga qarshi yoxud “Temir Mayk” yana ringga qaytadi
Eshitgan boʻlsangiz kerak 57 yoshli Mayk Tayson ayni vaqtda “mahluq” laqabini olgan bloger Jeyk Polga qarshi jang oʻtkazishga rozi boʻldi. Xorijiy nashrlar ushbu jangni qoʻldan kelgancha “shishirishga” urinishmoqda, haqiqatdan ham ajiotaj kuchli.
Ushbu xabarni oʻqiganimdan keyin “Kung-fu Panda” multfilmidagi ustoz Shifu va uning shogirdi Tay Lung qarama-qarshiligi koʻz oldimga keldi. Garchi Shifu mingchandon aqlli va tajribali boʻlmasin, qonga tashna boʻlgan shogirdini yenga olmagandi.
Tay Lung ustozini shafqatsizlarcha kaltaklagani yodingizda-a? Ekspertlar Tayson-Pol jangida ham shunday boʻlishini taxmin qilishmoqda…
Oʻzi “Temir Mayk” nimani isbotlamoqchi yoki maqsad “soqqa” qilishmi? Jeyk otasi tengi Taysonni nega jangga chaqirdi? Maqolamizda quyidagi keltirilgan savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Jeyk Pol “kalishdan baland” sakradimi?
Jeyk Pol oxirgi yillarda nafaqat blogerlik bilan, balki oʻzining boksdagi janglari bilan odamlarni hayratlantirmoqda. Manaman degan professionalarni yer tishlatishga ulgurgan Jeyk, ilk jangini 2020-yil bloger Ali Eson Gib va basketbolchi Neyt Robinsonga qarshi oʻtkazdi.
Qonning “taʼmini” sezgan Pol professionallar shudgoriga “tosh otish”ni boshladi. Dastlab, birinchi raundda Ben Askren keyin esa Tayron Vudlini magʻlub qilgan bloger unga ishonmagan ekspertlarni uyaltirib qoʻydi.
Vudliga qarshi revansh jangda esa, sobiq UFC jangchisini oltinchi raundda nokautga uchratdi. Vudlidan keyingi “nishon” sobiq UFC chempioni Anderson Silva boʻldi. Natijada Pol yana gʻolib boʻldi.
2023-yil Jeyk Tayson Fyurining ukasi Tommi Fyurini ringga chorladi. Ammo treshtoklar ringda foyda bermadi, bong urilgandan keyin gʻoliblik maqomi Fyuriga topshirildi.
Biroq Pol toʻxtamadi va ketma-ket gʻalabalarni qoʻlga kirita boshladi. U “ganster” Neyt Diaz, Andre Avgust va Rayan Burlandni “burdalab” tashladi.
Shundan soʻng, u boksning tirik afsonasi 58 yoshli Mayk Tayson bilan jang qilish istagi borligini aytdi. Promouterlar buni tezlik bilan tashkil qilishdi, Maykni koʻndirish ham unchalik qiyin boʻlmadi. Ayni vaqtda ekspertlar ushbu jangda Jeyk Polni favorit deb hisoblashmoqda, lekin hammasini vaqt koʻrsatadi…
Noshud blogerga boksdan “dars berishmi yoki “soqqa” qilish? “Temir Mayk” nega ringga qaytmoqchi?
Mayk Tayson 58 yoshga kirishiga oz qoldi, lekin shunday boʻlsada, u ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining yuqori formasini hali ham saqlab turganini koʻrsatmoqda. Taysonning gullagan davriga nazar soladigan boʻlsak, u faoliyati davomida 58 ta jang oʻtkazib, undan 50 tasida gʻolib boʻlgan (44 tasi nokaut). Biroq buning hammasi tarixda qoldi.
Tayson soʻnggi bor rasmiy jangda ishtirok qilganiga naqd 19-yil boʻldi. Oʻshanda “Temir Mayk”” Kevin Makbrayddan, soʻngra Denni Uilmsdan magʻlub boʻlgan.
Tayson 2020-yil Roy Jonsga qarshi hayriya jangida jang qildi. Hakamlar afsonalarni ranjitmaslik uchun durang natija boʻlganini eʼlon qilishgan boʻlsada, Mayk Jonsga qaraganda ancha tezkor ekanligini koʻrsatgandi. Eng qizigʻi ushbu kardda, Jeyk Pol ham debyut jangini oʻtkazgan.
Shu vaqtgacha Tayson Frensis Ngannuni sekundanti boʻlib kelmoqda. Lekin yaqinda Ngannu Entoni Joshua tomonidan nokautga uchratildi. Ikkita jang, barchasi magʻlubiyat… Xulosa qiladigan boʻlsak Tayson natijaga “tupurgan” va uni koʻproq vaʼda qilingan “yogʻli” gonorar qiziqtirmoqda.
Xulosa
Jeyk Polga tana tuzilish, boʻy-bast va uzun qoʻllar yordam bersa, Tayson ogʻir vazni va takrorlanmas texnikasi bilan ajralib turadi. Albatta Mayka ortiqcha vazn ustunlik bermaydi, aksincha uning harakatlarini sekinlashtiradi. Vaqt tarozisi kim tomonda? Buni vaqt koʻrsatadi…
Ekspertlarning aytishiga qaraganda, ushbu jang haqqoniy boʻlmaydi, chunki bloger afsonaga qarshi bor kuchini ishlatmaydi. Hurmat yuzasidan ham u buni qilmasligi kerak, qilsa ham muxlislar qargʻishiga qolishi turgan gap.
Katta ehtimol bu qarama-qarshilik shou sifatida tashkil qilingan boʻlib, maqsad kam harakat va hayotdan umidi soʻngan insonlarni sportga qiziqtirish orqali hayotga qaytarish.
Jang qayerda va qachon boʻladi?
Afsonaviy Mayk va Pol oʻrtasidagi jang 2024-yil 20-iyul kuni Texasdagi “Ey-ti-end-ti Stedium” arenasida boʻlib oʻtadi. Jang toʻgʻrima-toʻgʻri Netflix platformasida efirga uzatiladi. Arenaga esa 20 ming muxlis kelishi kutilmoqda.
Abror Eshonxonov tayyorladi