So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
“Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoat kengashining oʻrni katta boʻlishi kerak” — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishi. Biznes uchun sharoitlar izchil yaxshilanib bormoqda. Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yilida tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratiladi. Bu 5 million aholi bandligini taʼminlashda juda muhim oʻrin tutadi. Bu maqsadlar uchun 83 trillion soʻm va 275 million dollar kredit hamda subsidiyalar yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Reyting joriy qilinishi tadbirkorlar faoliyati uchun oʻziga xos ragʻbat boʻladi. Buning ahamiyati haqida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgan edi. Shundan soʻng mazkur reytingning mezonlari va tartib-tamoyillari ishlab chiqildi.
Unga koʻra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, toʻlov intizomi, aholi bandligidagi oʻrni va ish haqi kabi 23 ta mezon asosida 4 ta toifaga ajratiladi. Bu soliq, adliya va sud organlari maʼlumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor oʻz oʻrni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin boʻladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor boʻladi, qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi bir kunda va boshqa soliq turlari boʻyicha ortiqcha toʻlov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻini bojxona va soliq organlarida oʻzaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini boʻlib toʻlash muddati 3-yildan 5-yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni biryoʻla amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.
Bunday reyting shuning uchun ham muhimki, endi tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Koʻrsatkichi past boʻlganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va koʻproq imkoniyatga ega boʻlish uchun harakat qiladi.
Yana bir tomoni, bu reyting tadbirkorlarga oʻz hamkorlari toʻgʻrisida ishonchli maʼlumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Yaʼni, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qoʻyilib, “yashirin” iqtisodiyot qisqaradi.
Shavkat Mirziyoyev bu tizimni puxta ishlab chiqib, adolatli va samarali yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.
«Tadbirkorlarning takliflari asosida biznes uchun sharoitlarni tobora yaxshilab boryapmiz. Yaqinda qabul qilingan qarorlar bilan 16 ta litsenziya va 34 turdagi hisobotni bekor qildik. Tadbirkorlar sinfi jamiyatda yetakchi kuchga aylanmoqda, yoshlar ularga qarab intilmoqda.
Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar oʻrtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan boʻlishni ragʻbatlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini taʼminlashda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoat kengashining oʻrni katta boʻlishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” platformasi 1-martga qadar ishga tushirilishi belgilab olindi.
Savdo-sanoat palatasi tomonidan joylarda uchrashuvlar oʻtkazilib, reyting imkoniyatlarini tushuntirish ishlari olib boriladi. Subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ajratishning shaffof tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Reytingi past tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, faoliyatini jonlantirish va tiklashga yordam berish muhimligi qayd etildi.