Qidirish

07:15 / 2022-12-16 235 0 Jamiyat

Oʻzbekistonda koʻchmas mulk huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish takomillashyapti

Bugungi kun hayotimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bilan birgalikda huquqiy asoslarni qamrab olgan koʻchmas mulk sohasidagi islohotlar alohida oʻrin tutadi.

world-news

Shu bilan birgalikda sohadagi qonunchiliklarni tushunmaslik va notoʻgʻri talqin qilish oʻzaro tushunmovchiliklarga sabab boʻlishi kuzatiladi.

Xalq orasida koʻchmas mulk deganda faqat turar yoki noturar joy binolari tushunilishi, yer uchastkalarini koʻchmas mulk sifatida tushunmasliklari gohida oʻzaro tortishuv va baxslarni keltirib chiqaradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 83-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq 6 turdagi obyektlar koʻchmas mulkni tashkil etadi.

Bular:

- yer uchastkalari;

- yer osti boyliklari;

- binolar;

- inshootlar;

- koʻp yillik dov-daraxtlar;

- yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk.

Shuningdek bino va inshoot yoki ularning qismlari ijarasi huquqi ham bir yildan ortiq muddatga tuzilgan shartnoma asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.

Huquq egasi oʻz navbatida koʻchmas mulk obyektining belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi asosida unga boʻlgan huquqqa ega yuridik va jismoniy shaxs sanaladi.

Joriy yil 28-noyabrda “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ – 803-sonli Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonun quyidagi koʻchmas mulk obyektlariga tadbiq etilishi belgilandi:

- yer uchastkalariga;

- binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlarga;

- koʻp yillik dov-daraxtlarga;

- mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.

10ta bob va 74ta moddadan iborat mazkur Qonun bilan yer osti boyliklariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi davlat boshqaruvi, koʻchmas mulkning kadastr yigʻma jildini tayyorlash, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid faoliyatni tashkil etish, Davlat reyestirini yuritish, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlar, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va ularga oid cheklovlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda nizolarni sudgacha hal qilishning umumiy tartiblari belgilab qoʻyildi.

Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Maxsus vakolatli organ, Davlat kadastrlari palatasi hamda uning hududiy boshqarmalari va vositachilar vazifalari alohida belgilab qoʻyildi.

Qonun bilan Maxsus vakolatli organ Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda vositachilarga quyidagilar kirishi belgilangan:

- davlat xizmatlari markazlari;

- notarial idoralar, notariuslar;

- rieltorlik tashkilotlari;

- tijorat banklari;

- Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Prezidentning qarorlari bilan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ham vositachilar sifatida belgilanishi mumkin.

Navruzbek Allaberganov, Davlat kadastrlari palatasi Xorazm viloyati boshqarmasi axborot xizmati boshligʻi – boshliq maslahatchisi

Izohlar 0

Fikr bildirish