Qidirish

23:28 / 2022-12-15 378 0 Maqolalar

O'zbekistonda koʻchmas mulkka oid qonunda nimalar oʻzgarmoqda?

Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan koʻchmas mulkka doir munosabatlarni tartibga solish va qonunchiligimizni mustahkamlash boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

world-news

Xususan, joriy yilning 28-noyabr kuni “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonun imzolandi.

Xoʻsh, mazkur qonunning maqsad va vazifalari qanday? Ushbu qonun qaysi holatlarda amal qiladi yoki amal qilmaydigan tomonlari ham bormi? Savollarga Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi Axborot xizmati Shohruh Pirimqulov javob berdi.

– Qonunning asosiy maqsadi etib, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish belgilandi. Qonunning amal qilish sohasi esa koʻchmas mulkning yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan obyektlarga, koʻp yillik dov-daraxtlarga, mulkiy majmua sifatidagi korxona turlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etiladigan boʻldi.

Shuni ham aytib oʻtish joizki, ushbu qonunning amal qilishi yer osti boyliklariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi ham belgilab qoʻyildi.

Shu bilan birga, qonunda identifikatsiya qilishga oid maʼlumotlar, kadastr pasporti, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni birlamchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish, cheklanishi, koʻchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish, obyektning kadastr raqami, huquqni belgilovchi hujjatlar, huquq egasi kabi tushunchalarga ham toʻxtalib oʻtilgan.

– Koʻchmas mulkka boʻlgan qanday huquqlar yoki cheklovlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi zarur?

– Endilikda qonun kuchga kirganidan soʻng koʻchmas mulkka boʻlgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻladi. Jumladan, mulk, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, ijara, ikkilamchi ijara, xoʻjalik yuritish, operativ boshqarish, koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish va bepul foydalanish huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Shuningdek, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga nisbatan qonundan kelib chiqadigan yoki vakolatli davlat organlari tomonidan qoʻyilgan cheklovlar ham roʻyxatdan oʻtkaziladi.

– Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish tartibi qanday?

– 2023-yil mart oyining 1 sanasidan boshlab koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni faqatgina ikki holatda bekor qilish mumkin. Birinchi holat koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida yuzaga keladigan nizolar sudga qadar hal qilish komissiyasi tomonidan bekor qilinadi. Ikkinchi holatda esa sudning qaroriga koʻra bekor qilinishi mumkin.

– Kimlar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiradi?

– Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda vositachilar amalga oshiradi.

Barchada kimlar vositachilar boʻlishi mumkin, degan savol tugʻilishi tabiiy. Qonunda bu haqida aniq keltirib oʻtilgan boʻlib, qonuning 16-moddasida vositachilar deb jismoniy va yuridik shaxslarga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan elektron axborot almashuvchilar tushuniladi.

Vositachilar davlat xizmatlari markazlari, notarial idoralar, notariuslar, riyeltorlik tashkilotlari, tijorat banklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shu bilan birgalikda Prezident qarorlarida belgilab qoʻyiladigan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar boʻlishi mumkin.

– Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar qancha muddatda amalga oshiriladi?

– Qonunning 43-moddasiga binoan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar tegishli hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida amalga oshiriladi.

– Qaysi payt koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hisoblanadi?

– Qonunning 46-moddasiga binoan davlat reyestriga yozuv kiritilgan sana va vaqt koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdir. Hech shubhasiz aytish mumkinki, ushbu qonun koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan barcha munosabatlarni qamrab olgan.

Endilikda qonunga asosan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda amaliyotda mavjud boʻlgan va koʻp uchrab turgan tushunarsizlik va muammolar oʻz yechimini topadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish