So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bosh vazirga 10 kun muddat berildi
Yigʻilishda kun tartibidagi asosiy masala – aholini daromadli mehnat bilan band qilish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Bugun, 15-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda kun tartibidagi asosiy masala – aholini daromadli mehnat bilan band qilish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yil boshidan tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli boʻldi.
Jumladan:
- oilalarga dehqonchilik uchun tarqatilgan 100 ming gektar yerlarda, 1 million 200 ming aholi doimiy va mavsumiy band boʻldi.
- hududlarda korxonalar 85 mingtaga koʻpayib, ularning soni 550 mingtaga yetdi. Buning hisobiga 2022-yilda daromad soligʻi toʻlayotgan rasmiy band boʻlganlar soni 400 mingtaga oshdi. Shuningdek, 3,5 mingta sanoat loyihasi ishga tushirilib, 160 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi;
- Yangi Oʻzbekiston massivlari qurilayotgani, ipoteka va qurilish bozori kengaygani hisobiga bu yilning oʻzida 4,5 mingta yangi qurilish korxonasi tashkil etildi va 135 ming doimiy ish oʻrni yaratildi;
- turizm va servis sohalarida yirik xizmat koʻrsatish markazlari ishga tushgani, servis-savdo koʻchalari, turizm qishloqlari tashkil qilingani, ijtimoiy soliq 1 foiz qilingani, ish vaqtiga cheklovlar olib tashlangani hisobiga 1,5 million aholi qoʻshimcha daromadli boʻldi;
- yoʻlovchi tashish, rieltorlik, duradgorlik, kulolchilik, uyda sut mahsulotlari tayyorlash kabi 79 ta faoliyat turi boʻyicha oʻzini oʻzi band qilish imkoniyati yaratilgani natijasida bu yili 914 ming nafar fuqaro roʻyxatdan oʻtib, oʻzini oʻzi band qilganlar soni 2 millionga yaqinlashdi.
Yaqinda Sirdaryo, Navoiy va Fargʻona viloyatlari hokimlari hisob-kitoblar bilan keyingi yilda “ishsizlikdan holi hudud”ga aylantirish boʻyicha oʻziga majburiyat oldi.
Boshqa viloyat, tuman va shahar hokimlari ham 20-dekabrgacha kelgusi yil aholini band qilish dasturini qabul qilishi shartligi taʼkidlandi.
Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini taʼminlash koʻrsatkichlari yaxshi emasligi koʻrsatib oʻtildi.
2022-yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda ushbu tuman hokimlarga nisbatan chora boʻyicha taklif berish topshirildi.
Xususiy sektorda faoliyat koʻrsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yoʻgʻi 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik toʻlab kelmoqda.
Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida – 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdargʻom, Uchqoʻrgʻonda – 75 foiz, Guliston, Namangan, Qoʻshkoʻpir tumanlarida – 70 foiz korxonalarda 1 ta ish oʻrni koʻrsatilgan.
Chakana savdo, yoʻlovchi va yuk tashish, qishloq xoʻjaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, Ay-Ti, avtomobil taʼmirlash kabi faoliyatlar boʻyicha ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilgan.
Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan koʻpi aynan shu faoliyatlar bilan shugʻullanadi.
Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq toʻlash va davlat bilan hamkorlikka oʻta olmayapti.
Shuningdek, 25 yoshgacha boʻlganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.
“Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi oʻrinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70-80 foiz korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib koʻrmagan?”, - soʻradi davlat rahbari.
Viloyat hokimlariga masʼul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda soʻrov oʻtkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
Yigʻilishda aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagani koʻrsatib oʻtildi. Xususan, Kosonda – 1,2 ming gektar, Bekobodda – 141 gektar, Nishonda – 123 gektar, Gʻuzorda – 116 gektar, Sariosiyo, Ellikqalʼa va Shumanayda – 90 gektardan yerlarda ekin ekilmagan.
“Odamlarimizni daromadli qilish maqsadida bu yerlarni oziq-ovqat ekish uchun boʻlib berdik. Qachon bunday boʻlgan? Lekin, tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi oʻzi nima ish qiladi?”, - dedi Prezident.
Tegishli hududlar rahbarlariga ushbu 7 ta tuman hokimlari boʻyicha taklif berish topshirildi. Oʻtgan davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Xizmatlar sohasida ham 15 ta tumanda oʻsish surʼatlari past.
“Mayli, bular sanoatni qila olmasin, chetdan investitsiya olib kelishni bilmasin, lekin xizmatlarni rivojlantirib, odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yoʻq”, - dedi davlat rahbari.
Bu tumanlar hokimlarining 1-oʻrinbosarlari, iqtisodiy idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish topshirildi. Kelgusi yilda 2 million aholiga daromad manbaini yaratib berish, bunda mehnat bozoriga kirib keladigan 700 ming nafar yoshlarni band qilishga alohida yondashuvlar joriy qilish, bugungi kunda mavsumiy va vaqtinchalik ishlar bilan band boʻlgan 1,7 milliondan ortiq aholini yil davomida ishlashiga sharoit qilib berish, norasmiy band boʻlgan 3,8 million aholining kamida 50 foiziga qonuniy faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratish kabi vazifalar belgilab berildi.
Oʻn kun muddatda aniq hisob-kitoblar bilan 2023-yil uchun aholi bandligi boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Aholi bandligini taʼminlash doirasida quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Birinchi yoʻnalish – kelasi yili paxta va gʻalladan boʻshagan 100 ming gektarni aholiga boʻlib berish eng katta zaxira boʻladi.
Endi yerni qoʻlidan ish keladigan, dehqonchilikni biladigan odamlarga berish, kamida 600 ming aholini doimiy va 900 ming aholini mavsumiy daromad olishini taʼminlash zarur.
8 trillion soʻmlik 600 dan ziyod saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun sanoatda ish oʻrinlari yaratishi kerak. Shu bilan birga, kelasi yili qishloq xoʻjaligiga xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan 400 million dollarni koʻproq doimiy ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga yoʻnaltirish zarur.
Kelgusi yilda pilla yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish maqsadida ushbu sohaga ham erkinlik berilishi taʼkidlandi. Endilikda yetishtirilgan pilla aholidan jahon birjalaridan kam boʻlmagan narxda xarid qilinadi. Bu kamida 500 ming aholini band qilib, ularning daromadini 2-3 baravar oshirish imkonini beradi.
Ikkinchi yoʻnalish doirasida ishsizlik ogʻir boʻlgan 1 mingta mahalla uchun 300 ta mikro-markaz tashkil etib, ularga tadbirkorlik uchun imkoniyat yaratilishi zarur.
Tuman va shaharlarning 255 ta markaziy koʻchasi hamda 274 ta mahalladagi savdo-xizmat koʻchalari toʻliq ishga tushishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga 17 ta tuman va shaharning master-rejalarini 1-aprelgacha yakuniga yetkazib, savdo va servis obyektlari uchun yangi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Tushgan mablagʻlar yana 20 ta tuman va shaharning master-rejalarini ishlab chiqishga yoʻnaltiriladi.
Kelgusi yilda avtomobil yoʻllari boʻyida 3 mingdan ortiq yer maydonlarini auksionga chiqarish ham servis sohasida yangi ish oʻrinlari uchun katta imkoniyat boʻladi.
1-aprelga qadar 60 mingta koʻchma savdo shoxobchalari uchun yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Bu orqali kelasi yili kamida 200 ming aholi uchun daromadli ish oʻrni yaratish shart.
Uchinchi yoʻnalish – 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyihani ishga tushirish hisobiga, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish, sanoat zonalarida 16 trillion soʻmlik 1 ming 300 ta loyihani ishga tushirish shart.
Mutasaddilarga kelgusi yilda tadbirkorlarga 536 ta noruda konlar va maydonlarni auksion orqali sotish, bunga investorlarni jalb qilib, qurilish materiallari sohasida yangi doimiy ish oʻrinlari yaratishga topshiriq berildi.
Umuman, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 mingta doimiy ish oʻrni yaratishga masʼul boʻlishi taʼkidlandi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – Yangi Oʻzbekiston massivlari, ipoteka dasturi doirasida va xususiy sektor bilan kelasi yili 90 mingta xonadonli uy-joylar qurish shartligini qayd etdi.
Bugungi kunga qadar ipoteka dasturlari doirasida qurilishi kerak boʻlgan xonadonlarning atigi 20 mingtasi yoki 40 foizi yakuniga yetgan. Bundan tashqari, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida jami 1 ming xonadonli uy-joylarni qurish ishlari boshlanmagan. Bosh vazirga oʻn kun muddatda rejani bajarmagan hududlar boʻyicha xulosa qilib, taklif kiritish topshirildi.
Kelasi yili har bir viloyat hokimi 5-10 ming xonadonli uy-joy qurish rejasini qilib, buning uchun bir oy muddatda yer uchastkalarini auksionga chiqarishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish sohasida 6 oygacha ishga qabul qilish boʻyicha soddalashgan mehnat shartnomalarini ishlab chiqib, kelgusi yilda norasmiy sektordagi 100 ming aholini qonuniy faoliyatga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahallada qurilish brigadalari tuzib, 50 ming aholini daromadli mehnat bilan taʼminlashga topshiriq berildi. Bunda, ularga mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilishi taʼkidlandi. Yigʻilish yakunida hudud va tarmoqlar rahbarlari yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish va yangi vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan Prezidentga hisobot berildi.