Qidirish

17:40 / 2024-01-09 1498 0 Siyosat

Samarqandda hokim yordamchisi, tyutor va yana bir shaxs pora bilan ushlandi

Poraxoʻrlik har qanday sohani botqoqqa yetaklovchi illatdir. Korrupsiya bor joyda na oʻsish va na kutilgan natija boʻladi. Biroq shunday nafs qullari borki, ular uchun na davlat xizmatchisi sifatidagi burch va majburiyatlari ahamiyatli, na poraxoʻrlik bilan bogʻliq holatlarning ayanchli yakuni.

world-news

DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazdi. Unda fuqarolarning ishonchiga kirib, korrupsion holatlarning yanada ildiz otishiga zamin yaratgan bir necha shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xususan, olib borilgan faol tadbir davomida Samarqand davlat universiteti “Matematika” fakulteti tyutori vazifasida ishlovchi, 1975-y.t. T.A. viloyat Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining mansabdor shaxslari bilan jinoiy til biriktirib, mahalliy fuqarolarning mehnat faoliyatlariga 20-yillik ish staji qoʻshib, nafaqaga chiqarib berish evaziga firibgarlik yoʻli bilan 3 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtda qoʻlga olingan.

Xuddi shunday oʻtkazilgan tezkor tadbirlarning birida Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida yashovchi, 1994-y.t. Oʻ.M. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishlovchi yaqin tanishlarining imkoniyati orqali mahalliy fuqaroni kombinatga qarashli “Marjonbuloq” va “Zarafshon” oltin konlaridan biriga ishga kiritishga yordam berishini aytib, undan 2 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, olayotgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda IJQK Departamenti viloyat Boshqarmasi bilan xamkorlikda oʻtkazilgan faol tadbirda 1990-y.t., Samarqand shahrida yashovchi, Samarqand tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi X.E. va 1975-y.t., Past Dargʻom tumanida yashovchi, hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi B.V.lar jinoiy til biriktirgan holda tumandagi mahalla hududidan oqib oʻtuvchi “Siyob” kanali boʻyida joylashgan, hokimlik zaxirasidagi 3,5 sotix boʻsh yer maydonini Prezidentning 03.12.2021-yildagi PF-29–sonli Farmoniga asosan yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash bahonasida auksionga chiqarib, yutib berish va tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirib berish evaziga mahalliy fuqarodan 1 300 AQSH dollarini talab qilib, oldindan 1 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni boʻnak sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Hozirda yuqorida keltirilgan barcha shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish