Qidirish

19:04 / 2023-12-25 1048 0 Siyosat

Kartadan kredit va boshqa toʻlovlarga egasining roziligisiz pul yechib olish qatʼiy taqiqlanmoqda

world-news

Markaziy bank tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tizimlaridan “mijozning roziligisiz va uni ogohlantirmagan holda uning kartasidan kredit va boshqa qarz toʻlovlari uchun mablagʻlarni akseptsiz yechib olish” amaliyotiga chek qoʻyishni qatʼiy talab qilmoqda.

Bu boʻyicha Markaziy bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari tomonidan imzolangan tegishli xat joriy yil 21-dekabr kuni tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tizimlariga yuborilgan.

Xatda tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan mablagʻlarni masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali kredit toʻlovlari uchun avtomatik tarzda hisobdan chiqarish (avtotoʻlov) jarayonlarida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilayotgani, bu borada bir necha bor murojaatlar kelib tushayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, ayrim banklar kredit taʼminoti sifatida sugʻurta polisi olayotgani bois, ushbu kreditlar belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, sugʻurta tashkiloti tijorat bankiga kredit qarzdorligini toʻliq qoplab berayotganligi, natijada bankning majburiyat (kredit) boʻyicha qarz oluvchiga boʻlgan huquqlari sugʻurta tashkilotiga oʻtganligi uchun, sugʻurta tashkiloti qarz oluvchining bank kartalaridan mablagʻlarni akseptsiz tarzda yechib olayotgan holatlar tanqid qilingan.

Xatda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga koʻra, mijozning topshirigʻisiz hisobvaraqda turgan pul mablagʻlarini oʻchirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qoʻyilgan yoxud bank bilan mijoz oʻrtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.

Qarz oluvchi bilan sugʻurta tashkiloti oʻrtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablagʻlarni akseptsiz tarzda yechib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ham koʻzda tutilmagan. Bundan tashqari, ayrim toʻlov tashkilotlari tomonidan sugʻurta tashkilotlarini "E-POS” maxsus terminallar bilan taʼminlab berilganligi natijasida, ularga qarz oluvchilarning bank kartalaridan mablagʻlarni akseptsiz tarzda yechib olishiga imkon yaratib berilgan. Bu esa, fuqarolar tomonidan bank kartalaridan foydalanmaslikka yoki karta hisobvaragʻida pul mablagʻlarini saqlamaslikka olib kelmoqda. (Markaziy bank xatidan)

Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan pul mablagʻlarini ushbu bank kartalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlamagan holda hisobdan chiqarilishiga (shuningdek, bunday imkoniyatni sugʻurta tashkilotlari uchun yaratilishiga) yoʻl qoʻyilganligi faktlari isteʼmolchilarining huquqlari buzilganligi holati deb baholanadi hamda bunday qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan tijorat banklariga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrilishiga sabab boʻladi, deb taʼkidlagan Markaziy bank.

Shuningdek, Markaziy bank “Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisida”gi Nizomga (№3030, 2018-yil 2-iyul) muvofiq, bank tomonidan kreditlar, mikroqarzlar va lizing boʻyicha qarzdorliklarni soʻndirishda avtotoʻlov usulidan foydalanganda, bank keyingi ish kuni hisobvaraq (omonat, karta) egasiga mablagʻ qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganligini koʻrsatgan holda xabarnoma (maʼlumotnoma) yuborishi shartligini eslatib oʻtgan. Shunindek, bu borada tegishli koʻrsatma xatlari oʻtgan yilning mart oyida va joriy yilning yanvar oyida tijorat banklariga yuborilganini aytgan.

Xat yakunida Markaziy bank tijorat banklaridan:

  • fuqarolarning bank kartalarini (tijorat banki bilan tuzilgan oʻzaro shartnoma yoki oferta asosida) avtotoʻlov xizmatiga ulanishi toʻgʻrisida SMS-xabarnoma orqali oʻz vaqtida xabardor qilishni;
  • avtotoʻlov xizmati orqali amalga oshiriladigan toʻlovlarda “qaysi kredit toʻlovi uchun va kimning foydasiga” undirilayotganligi haqida SMS tarzda bank karta egasiga xabarnoma joʻnatilishi hamda karta egasi rozilik bergan taqdirda toʻlovni amalga oshirish mexanizmini yaratishni;
  • kreditlar boʻyicha qarzdorning va “kafil”ning shartnomada nazarda tutilgan tartibda bank kartasidan pul yechilish jarayonida uning mobil raqamiga “roziligini soʻrash, yuzasidan SMS-xabarnoma yuborish va ushbu xabarnomada qaysi ʻtoʻlov uchun pul yechilishi toʻgrisida toʻliq va aniq maʼlumot koʻrsatilishi va uning roziligini olgan holda toʻlovni amalga oshirishni;
  • xatarlarni minimallashtirish hamda firibgarlikni oldini olish maqsadida tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari mobil ilovadan foydalanuvchi sifatida roʻyxatdan oʻtishda, mobil ilovaga bank kartalarini biriktirishda, mikroqarz, kredit rasmiylashtirish amalga oshirilganda mijozlarni identifikatsiyalash uchun qoʻshimcha tarzda Face ID mexanizmini joriy etishni;
  • mijozlarga mikroqarz va kredit ajratishda uning yaqin qarindoshlari yoki tanish-bilishlarining mobil raqamini tizimga kiritishdan avval ularning raqamlariga tasdiqlovchi kod yuborish va ular rozi boʻlganda jarayonlarni davom ettirishni;
  • bank kartalaridan mablagʻlarni akseptsiz tarzda yechish jarayonida qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilinishini soʻragan.

Markaziy bank yuqoridagi topshiriqlar ijrosi nazorati borasida shu yil 29-dekabrga qadar Markaziy bankka hisobot taqdim etilishini talab qilgan, aks holda qonunchilikka muvofiq toʻlov tizimlaridan oʻchirish yoki jarima sanksiyalari qoʻllanilishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirgan.

Manba: Bankers.uz

Izohlar 0

Fikr bildirish