Qidirish

03:17 / 2023-12-25 719 0 Sport

Britaniyalik milliarder “MYU”ning 25 foiz aksiyasini sotib oldi. U klubni “kalamushlar”dan tozalashga vaʼda berdi

Bir necha soat oldin “Manchester Yunayted”ning 25 foiz aksiyasi britaniyalik milliarder Jim Ratkliff tomonidan 1,25 milliard funt sterling evaziga sotib olingani haqida eʼlon qilindi. Yoʻq, afsuski yoʻq! Aka-uka Gleyzerlar (Joel va Avram) klubdan butunlay ketishmadi, ammo ular endi “pitbol-mitbol”ga aralashishmaydi...

world-news

Ratkliff kim?

Jeyms Ratkliff — 29,6 milliard funt sterling boyligi bilan Britaniyaning ikkinchi eng boy odami hisoblanadi.

Sobiq kimyo-muhandisi Ratkliff konglomerat sintetik moylar va plastmassalardan tortib insulin va antibiotiklar uchun maxsus idishlarni ishlab chiqaradigan “Ineos” kompaniyasining asoschisi.

Kimyo-sanoatida ishlari “bovillab” ketgan “birat” futbolni ham yaxshigina tushunadi va ushbu sohada ham “soqqa” qilishni biladi. Hozirda u Fransiyaning “Nissa” va Shveysariyaning “Lozanna” jamoalarining xoʻjayinidir.

Ratkliff “Manchester Yunayted”ga nimalarni vaʼda qilmoqda?

Ratkliff zudlik bilan “Manchester Yunayted”ga 300 million dollar sarmoya kiritadi, bu mablagʻ “Old Trafford”ni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Hujjatlar rasman imzolanmasdan turib, “qizil iblislar”da kadrlar almashinuvi boshlandi: noyabr oʻrtalarida klub bosh direktori Richard Arnold isteʼfoga chiqdi, uning oʻrnini vaqtincha klub bosh maslahatchisi Patrik Styuart egalladi. Kelishuv yakunlangach, boshqa rahbarlar ham ketishi kutilmoqda.

Xususan, Ratkliff “MYU”ning asosiy muammosi — bosh murabbiy Erik Ten Xag ekanligini aytib, unga chiqish eshiklari koʻrsatilishini aytdi:

Klubda birinchi qiladigan ishim, Erik Ten Xagni boʻshatish, men shuning uchun jamoani sotib oldim”.

Shuningdek, u “Manchester Yunayted”ni avvalgi oʻrniga qaytarishga vaʼda berdi:

Manchester Yunayted” boshqaruvi bizga oʻtganidan xursandman. Tan olish kerak jamoa oxirgi yillar oʻzining xaqiqiy darajasini koʻrsatolmayapti.

Endilikda boshqacha yoʻl tutamiz, yaʼni klubni yanada takomillashtirishga yordam berish, shuningdek, “Old Trafford”ga sarmoya kiritish uchun “Ineos” sport guruhining tajribasidan foydalanamiz.

Sizlarni ishontirib aytamanki, bu yerga uzoq muddatga keldik va bizni oldinda juda koʻp qiyinchiliklar va mashaqqatli mehnat kutayotganini bilamiz.

Bizning umumiy ambitsiyamiz aniq — “Manchester Yunayted”ni Angliya, Yevropa va jahon futbolining eng yuqori pogʻonasidagi oʻrniga qaytarish”, - dedi Ratkliff.

Aksiyalarning toʻrtdan bir qismi bilan “Manchester Yunayted” taqdirini oʻzgartirish mumkinmi?

Reuters maʼlumotlariga koʻra, Gleyzerlar oilasi “Red football LTD” orqali (hozircha) “Manchester United Plc” futbol klubi aksiyalarining 96 foizini nazorat qiladi, qolgan 4 foizi minoritar aksiyadorlarga tegishli yoki ochiqdir.

Britaniya jamoat kompaniyasi reyestri Gleyzerlar hali ham klub aksiyalarning 75% dan ortigʻiga ega ekanligini tasdiqladi.

Bundan kelib chiqadiki yakuniy qarorni baribir aka-ukalar chiqarishadi, futbolga oid masalalar esa bundan mustasno...

Ratkliff “Manchester Yunayted”ni butunlay sotib olsa boʻladimi?

Ha, lekin bu yerda kichik muammo bor - ochkoʻz va har daqiqada qarorini oʻzgartiradigan Gleyzerlar! Moliyaviy ekspert Den Plumlining fikricha, Ratkliffning “Manchester Yunayted”ni toʻliq nazorat qilish boʻyicha uzoq muddatli rejasi bor, u “Yunayted”ning narxini 7 milliard funt sterlinggacha koʻtarmoqchi.

Muzokaralar nega uzoqqa choʻzildi?

Bunday tranzaksiyani amalga oshirish uchun Premyer-liga, Futbol Assotsiatsiyasi va Britaniya Moliyaviy nazorati qoʻmitasining roziligi talab qilinadi.

Misol uchun, “Nyukasl”ni Saudiya investitsiya fondiga sotish boʻyicha muzokara bir yilga choʻzildi. Dastlab Premer-liga kelishuvga toʻsqinlik qildi va u bir qator shartlar (masalan, Qatarning Bein Sports telekanaliga nisbatan sud taqiqining bekor qilinishi) va Saudiya Arabistonining klub ishlariga aralashmaslik kafolatlaridan soʻnggina “yashil chiroq”ni yoqdi.

“Chelsi”ni amerikalik Todd Bouli boshchiligidagi konsorsiumga sotish boʻyicha muzokara Roman Abramovichga qarshi sanksiyalar qoʻllanilganligi tufayli bir necha oyda hal boʻldi.

Ratkliffda esa moliyaviy nazorat bilan bogʻliq muammolar boʻlmagan. Ammo Gleyzerlar bilan kelishuvning “nozik” qismi ehtimol, koʻp vaqt talab qilgan.

“Manchester Yunayted”ning kelajagini Gleyzerlarsiz koʻrish mumkinmi?

Shubhasiz, “Manchester Yunayted”ni yangi davr kutmoqda. “Yunayted”ning hozirgi egalarining olib borayotgan siyosati uzoq vaqtdan beri muxlislarga yoqmasdi va ular buni bir-necha bor ochiq oydin aytishgan. Lekin shunday boʻlishiga qaramasdan aka-ukalar oʻzlarining axmoqona siyosatlaridan voz kechishgani yoʻq.

Mana masalan 2022-yili klubning qarzi 507,3 million funtni tashkil qilishiga qaramasdan, “ochkoʻz” Gleyzerlar va boshqa aksiyadorlarga 33,6 million funt sterling dividendlar toʻlangan.

Shundan bilsa boʻladiki aka-ukalarga jamoaning nufuzi emas, balki undan kelayotgan jaraq-jaraq millionlar qiziq.

Qisqa va loʻnda qilib aytadigan boʻlsak, “Manchester Yunayted”ning yangi aksiyadori: futbol ishlarini shaxsan oʻz zimmasiga oladi, “Old Trafford”ni rekonstruksiya qiladi va “Gleyzerlar”ni “ketiga” tepadi.

Abror Eshonxonov tayyorladi

Izohlar 0

Fikr bildirish