Qidirish

11:48 / 2023-12-12 701 0 Siyosat

COP28: iqlim oʻzgarishi yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlariga salbiy taʻsir koʻrsatmoqda

world-news

Dubaydagi COP28 — BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasi doirasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maʼlum qildi.

Unda BMTning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya hisoboti haqida maʼlumot berildi.

Tabiat hayotimizning asosini tashkil etadi — ekotizimlar, oziq-ovqat, suv xavfsizligi, sogʻlom iqtisodiyot barchamizga bogʻliqdir.

Koʻchib yuruvchi turlarning iqlim oʻzgarishi natijasida duch keladigan muammolari esa atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha muvofiqlashtirilgan global harakatlar zarurligini koʻrsatadi, shuning uchun Buyuk Britaniya tabiatni tiklash, biologik xilma-xillik yoʻqolishini toʻxtatish va erishish boʻyicha saʼy-harakatlarda yetakchi rol oʻynaydi.

2030-yilgacha quruqlik va dengizning 30 foizini himoya qilishni maqsad qilganmiz”, – dedi Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha Davlat kotibi Stiv Barklay. 

Tadbirda zaif koʻchib yuruvchi turlarning oʻzgaruvchan iqlimga moslashishiga yordam berish uchun tezroq harakat qilish zarurligi taʼkidlandi.

Qoʻriqlanadigan hududlarning keng qamrovli va oʻzaro bogʻlangan tarmoqlarini yaratish hamda hududlarni muhofaza qilishning boshqa samarali choralari iqlim oʻzgarishiga javoban turlarning harakatini qoʻllab-quvvatlash uchun juda muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, baʼzi hollarda insonning bevosita aralashuvi, masalan, turlarning zaif populyatsiyalarini koʻchirish kerak boʻladi.

Oʻzbekiston ekotizim degradatsiyasi, yashash muhiti va bioxilma-xillikning yoʻqolishiga jiddiy taʼsir koʻrsatuvchi iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsiridan eng koʻp jabr koʻrayotgan davlatlardan hisoblanadi. Hukumatimiz mintaqaviy transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash, biologik xilma-xillikni, koʻchib yuruvchi turlarni saqlash va himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish, milliy, mintaqaviy va global miqyosda chora koʻrish tarafdori.

2024-yil 12-17-fevral kunlari Samarqand shahrida 2Tabiat chegara bilmaydi2 shiori ostida boʻlib oʻtadigan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya (CMC COP 14) tomonlar konferensiyasining 14 yigʻilishida bu boradagi muhim muammolarga eʼtibor qaratiladi”, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

BMTning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CMS) koʻchib yuruvchi hayvonlar va ularning yashash joylarini saqlash hamda ulardan barqaror foydalanish uchun global platformani taqdim etadi.

 Ushbu konvensiya hukumatlar va yovvoyi tabiat boʻyicha mutaxassislarni butun dunyo boʻylab quruqlik, suv va qushlar migratsiya turlarini hamda ularning yashash joylarini saqlash ehtiyojlarini qondirish uchun birlashtiradi.

Konvensiya 1979-yilda kuchga kirganidan beri uning aʼzolari soni barqaror ravishda oʻsib bordi va Afrika, Markaziy va Janubiy Amerika, Osiyo, Yevropa va Okeaniyadan 132 ta ishtirokchini qamrab oldi.

Taʼkidlash joizki, “Iqlim oʻzgarishi va koʻchib yuruvchi turlar: taʼsirlar, tabiatni muhofaza qilish boʻyicha harakatlar, koʻrsatkichlar va ekotizim xizmatlarini koʻrib chiqish” hisoboti Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hukumati tomonidan Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi yordamida taqdim qilinadi.

Hisobot iqlim oʻzgarishi boʻyicha konvensiya va Britaniyaning ornitologiya tresti (BTO) tomonidan tayyorlangan.

BTO (British Trust Ornitology) — 1932-yilda tashkil qilingan Buyuk Britaniyaning qushlarni oʻrganish boʻyicha yetakchi xayriya tashkiloti boʻlib, qushlar va tabiatning kelajagini taʼminlashga xizmat qiladi.

U oʻzining ilm-fan, monitoring va maʼlumotlaridan atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisida toʻgʻri qarorlar qabul qilish uchun foydalanadi, boshqalarni qushlarning moʻjizasi bilan ilhomlantiradi va ularga tashkilot bilan ishlash imkoniyatini beradi.

Oshib borayotgan aʼzolar va 60 000 ga yaqin koʻngilli qush kuzatuvchilari BTO soʻrovlariga hissa qoʻshib, Buyuk Britaniyadagi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha harakatlarni asoslovchi maʼlumotlarni toʻplaydilar. BTO xodimlari soʻrovlar va loyihalar natijalarini tahlil qiladi hamda eʼlon qiladi.

Hisobotda, shu bilan birga, haroratning global koʻtarilishi koʻplab koʻchib yuruvchi turlar guruhlariga salbiy taʼsir qilishi qayd etilgan. Xususan, iqlim oʻzgarishi koʻchib yuruvchi turlarning tarqalishi va migratsiya vaqtiga taʼsir koʻrsatadi. Bu esa, masalan, suzib yuruvchilarda koʻpayish davri va oʻlja turlari eng koʻp boʻlgan vaqt oʻrtasida nomuvofiqlikni keltirib chiqaradi.

Taʼkidlash joizki, biologik xilma-xillik global miqyosda misli koʻrilmagan surʼatlarda kamayib bormoqda va iqlim oʻzgarishi bu inqirozning asosiy omillaridan biridir. 2021-yilda dunyodagi yetakchi olimlar biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va iqlim oʻzgarishi muammolari uzviy bogʻliq ekanligini, ikkalasini birgalikda hal qilish lozimligini taʼkidlashdi.

Oʻtgan yili qabul qilingan Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda tabiatga asoslangan yechimlar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etilgan. Koʻchib yuruvchi turlarni va ularning yashash joylarini saqlash ham biologik xilma-xillikni, ham ekologik muammolarni hal qilishning muhim qismidir.

Ushbu hisobotda iqlim oʻzgarishi butun dunyo boʻylab migratsiyaga bogʻliq boʻlgan koʻplab turlarga sezilarli taʼsir koʻrsatayotgani haqida ishonchli ilmiy dalillar keltirilgan. Vaqt koʻplab ikonik turlar uchun kelajakka ishora qilmoqda.

Biz muammolarga yechimlar topish mumkinligi haqida global xabardorlikni oshirishimiz kerak. Hukumatlarni ushbu hisobotdan harakat qilish, migratsiya turlariga yordam beradigan va iqlim oʻzgarishi taʼsirini kamaytiradigan tabiatga asoslangan yechimlarni izlash uchun foydalanishga chaqiramiz”, – ded JNCC va CMC COPʻning sobiq raisi Iqlim oʻzgarishi boʻyicha maslahatchi professor Kolin Galbrait.

Tadbir yakunida koʻchib yuruvchi turlarni iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlaridan asrash uchun oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, ushbu yirik hisobotning taqdimoti 2024-yil 12-17-fevral kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya (CMC COP14) tomonlar konferensiyasining 14-yigʻilishida oʻtkaziladi.

Hisobot iqlim oʻzgarishi koʻplab koʻchib yuruvchi turlarga bevosita taʼsir qilayotganini aniqlashga xizmat qiladi. Oʻzlari yashaydigan ekotizimlarning ajralmas qismi boʻlgan migratsiya turlari iqlim oʻzgarishi taʼsirini yumshatish va iqlim xavf-xatarlariga chidamliligini oshirish uchun muhim ekotizimlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

JNCC — Tabiatni muhofaza qilish qoʻshma qoʻmitasi Buyuk Britaniyaning barcha toʻrt davlati uchun tabiat borasidagi yagona tashkilot boʻlib, fan va tabiatni uygʻunlashtiruvchi ilmiy dalillar va maslahatlarni taqdim etib keladi. 30 yildan ortiq vaqt davomida JNCCʻning ishonchli tajribasi, fidoyiligi va koʻnikmalari tabiatni muhofaza qilish va tiklashga katta hissa qoʻshib kelmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish