Qidirish

03:20 / 2023-12-04 715 0 Siyosat

Sud ishlariga aralashish, undirilgan zararlar, tiklangan inson huquqlari, prokuror nazorati: Bosh prokuratura jamoatchilikka hisobot berdi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Bosh prokuraturada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev raisligida kengaytirilgan hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi.

world-news

Ushbu majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari, prokuratura organlarining barcha tezkor xodimlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti, Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda ularning hududiy boshqarma va boʻlim boshliqlari ishtirok etgan.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan hayʼat majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2023-yilning oʻtgan davridagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilingan.

Hayʼat majlisida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev maʼruza qilib, joriy yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan xato - kamchiliklarga birma - bir toʻxtalib oʻtgan.

Qayd etilganidek, prokuratura organlarining bugungi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni, jumladan yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablarining toʻliq va soʻzsiz bajarilishini taʼminlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.

Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi soʻzsiz bajarilishi zarurligi belgilandi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan davrida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 134 mingga yaqin nazorat hujjatlari qoʻllanilib, 321 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan. Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 2,3 trln. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlangan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qoʻllab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bevosita prokurorlar saʼy - harakati bilan qisqa muddatda 163 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak berilgan, 177 ming ziyod nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtilgan. Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yoʻnalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 12 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 26 ming nafardan ortigʻiga muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashilgan.

Byudjet daromadlari bashorati ijrosini soʻzsiz bajarish va qoʻshimcha manbalarni jalb qilish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga ahamiyat qaratilgan.

Bu borada prokurorlar rahbarligida tashkil etilgan shtablar tomonidan birgina noyabr oyida 20,9 trln. soʻmlik reja 21,9 trln. soʻmga yoki 105 foizga bajarilib, byudjetga qoʻshimcha 1,8 trln. soʻmlik tushumlar taʼminlangan.

Hayʼat yigʻilishida prokurorlar tomonidan dolzarb yoʻnalishlarda, jumladan yoqilgʻi - energetika, qurilish, koʻz - qish, ekologiya kabi sohalarida amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar alohida oʻrin egallagan.

Xususan, kuz - qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammolar bartaraf etilishiga erishilgan.

Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlari barpo etildi, gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi, koʻp xonadonli uylar va ularning muhandislik - kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirlangan.

Koʻmir mahsulotlarini joylarga barqaror yetkazib berishni taʼminlash, koʻmirni talon - toroj qilishning oldini olish borasida prokuratura organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etilgan.

Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari oʻlaroq, davlat dasturlariga kiritilgan 12 583 ta obyektni oʻz muddatida foydalanishga topshirilishi, 2,5 trln. soʻm mablagʻlar tejalishi taʼminlangan.

Yoqilgʻi - energetika sohasida qonuniylikni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan qariyb 157 mingta reyd tadbirlari davomida, 46 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 398 mlrd. soʻm zarar undirilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan doimiy nazorat oʻrnatilib, bevosita prokurorlar tomonidan 456 ming tupdan ziyod daraxt ekildi hamda Respublikaning barcha hududlarida “Prokuror bogʻlari” barpo etilmoqda.

Yigʻilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib, bu borada oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida oʻzboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 2 702 gektar yer maydonlari zaxirasiga qaytarilishi taʼminlanganligi, shuningdek, 12 733 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 664 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligiga urgʻu berilgan.

Ushbu masalada prokuratura organlari zimmasiga katta masʼuliyat va javobgarlik yuklatilganligi masʼullarga yana bir bor uqtirilib, galdagi vazifalar belgilab berilgan.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga oid vazifalar ijrosi, ayniqsa oziq - ovqat xavfsizligini taʼminlash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlangan.

Yangi yil bayrami kunlarida aholini sifatli va arzon oziq – ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bu borada dehqon bozorlari va ijtimoiy soha obyektlarida savdo yarmarkalarini tashkil etishga doir vazifalar ijrosini taʼminlash lozimligi qayd etilgan.

Bosh prokuror oʻta dolzarb boʻlgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan.

Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yoʻl qoʻyilayotgan xato - kamchiliklarni keskin tanqid ostiga olgan. Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashning barcha choralarini koʻrish zarurligini qatʼiy taʼkidlagan.

Sudlarda fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar koʻrilishida prokuror vakolatini samarali taʼminlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan oʻz muddatida munosabat bildirib borish boʻyicha ham tegishli topshiriqlar berilgan.

Bu borada odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini yanada oshirishga doir chora - tadbirlar belgilangan.

Sudda prokuror vakolatini samarali taʼminlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan oʻz muddatida munosabat bildirib borish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berilgan.

Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham hayʼat muhokamasidan oʻrin oldi. Maʼlum boʻlishicha, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning qiynayotgan muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 215 mingta murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 40 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Prokuratura organlari faoliyatiga oshkoralik berish, bunda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, bloger va jurnalistlar bilan aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratish haqida yana bir bor eslatib oʻtilgan.

Qolaversa, qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga oid koʻrilayotgan chora – tadbirlarni jadallashtirish lozimligi qayd etilgan.

Shuningdek, Bosh prokuror xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, malakali prokurorlar korpusini shakllantirishni yanada kuchaytirish, bu borada Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalanish boʻyicha topshiriqlar berilgan.

Yigʻilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham soʻz yuritilib, jumladan, Departament va Byuro faoliyati samaradorligini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan.

Umuman, hayʼat yigʻilishida asosiy eʼtibor prokuratura organlarining joriy yildagi faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratilgan.

Hayʼat majlisida masʼullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ijro muddatlari aniq koʻrsatilgan topshiriqlar berilgan. Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli va soʻzsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi boʻlishlari shartligi qatʼiy belgilangan.

Muhokama natijasiga koʻra, faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga intizomiy choralar koʻrilgan. Hayʼatda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilingan.

Izohlar 0

Fikr bildirish