Qidirish

16:36 / 2023-11-10 592 0 Siyosat

UNFF Oʻzbekistonda “Yashil Makon” milliy loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qiladi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Forumi (UNFF) kotibiyati direktori Juliette Biao bilan uchrashdi.

 

world-news

Vazirlik matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, uchrashuvda UNFF bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Xususan, UNFF Kotibiyati rahbariga Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan daraxt ekish, Orol dengizining qurigan tubida deyarli 2 million gektar maydonda saksovulzorlar bunyod etish ishlari haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuv doirasida UNFF kotibiyati bilan Oʻzbekistonda oʻrmonzorlashtirish ishlariga ilmiy yondashuvni rivojlantirishda, “aqlli” qishloq xoʻjaligini tatbiq etish hamda oʻrmonlarni barqaror boshqarishda BMTning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha forumi koʻmagini jalb qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, tomonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirida hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida yuqori malakali ekspertlar maʼruzalarini tashkil etish, shu bilan birga Oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislarning salohiyatini oshirish maqsadida trening va seminarlar oʻtkazish borasida kelishuvga erishdilar.

Qolaversa, oʻzaro manfaatli aloqalarni har tomonlama mustahkamlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqilib, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Taʼkidlash joizki, BMT Bosh kotibi yordamchisi Juliette Byao xonim Oʻzbekistonda ekologiya va oʻrmon xoʻjaligi sohasida olib borilayotgan ishlarda UNFFning faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanligini bildirdi. BMTning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Forumi (UNFF) kotibiyati direktori tashkilot nafaqat oʻrmon xoʻjaligi va bogʻdorchilik sohasini rivojlantirishga yordam berishga, balki Ekologiya vazirligi mutaxassislarini malaka oshirish uchun qabul qilishga ham tayyor ekanligini taʼkidladi.

Maʼlumot uchun, BMTning oʻrmonlar va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha Forumi 2000-yilda tashkilotning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi tomonidan tashkil etilgan. Maqsad barcha turdagi oʻrmonlarni boshqarish, saqlash va barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish hamda uzoq muddatli siyosiy majburiyatlarni mustahkamlashdir.

Izohlar 0

Fikr bildirish