So`ngi yangiliklar
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Oʻzbekistonda klaster va fermerlar oʻrtasida hisob-kitob intizomi buzilgan – Prezident
Bugun, 9-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida hosildorlik, daromad, ish oʻrni va investitsiyalarni koʻpaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish avvalida dunyodagi ziddiyatlar, savdodagi cheklovlar hamda asosiy hamkor davlatlardagi devalvatsiya yil boshida belgilab olingan rejalarni oʻzgartirib yuborgani, bu, ayniqsa, oziq-ovqat va toʻqimachilik eksportiga salbiy taʼsir qilgani qayd etildi.
Vaziyatni jilovlashning yagona yoʻli – qishloq xoʻjaligida hosildorlikni keskin oshirish hisobiga tannarxni kamaytirish, chuqur qayta ishlashga va qoʻshilgan qiymat yaratishga koʻproq investitsiya jalb qilish orqali eksportni koʻpaytirish hisoblanadi.
Buning uchun qishloq xoʻjaligi, butun iqtisodiy kompleks sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangicha yondashuvlarni, tashkiliy va moliyaviy instrumentlarni joriy qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati koʻrib chiqildi. Bu yil 41 ta klasterda hosildorlik 40 sentnerdan oshgan boʻlsa, 9 tasida 30 sentnerdan kamligi koʻrsatib oʻtildi.
Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi hisobiga Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmayapti. Shu bois, kelgusi yildan paxta urugʻchiligi boʻyicha yangicha yondashuvlar joriy qilinadi.
Kelgusi yili ball boniteti past, suv ogʻir boʻlgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan har bir viloyatdagi 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urugʻini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish toʻxtatilib, ular urugʻchilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri va viloyat hokimlariga bu boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. Yigʻilishda ayrim klaster va fermerlar oʻrtasida hisob-kitob intizomi buzilgani qayd etildi.
20 ta klasterda hisob-kitoblar joyida boʻlsa, 122 ta klasterning Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi oldida qarzdorligi bor, 27 ta klaster esa fermerlarga 2022-yil paxta hosilidan tegishli mablagʻlarni toʻlab bermagan. Shu kabi, fermerlarning ham klasterlar oldida qarzdorligi bor.
Yigʻilishda shu munosabat bilan klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar oʻrtasidagi munosabatlar boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Har bir viloyatda yangi klasterlarga moliyaviy koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika taʼminoti boʻyicha talablar qoʻyiladi. Ular kamida ikki bosqichli qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan boʻlishi shart boʻladi.
Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin boʻladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.
Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans koʻrinishidagi imtiyozli kreditlar toʻgʻridan-toʻgʻri fermerlarga ajratiladi.
Mutasaddilarga klaster va fermerlarni moliyalashtirishni yangi tartibini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Bu yilgi paxta hosilini toʻliq qayta ishlash natijasida 2024-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilindi. Buning uchun gazlama-mato, boʻyash va tikuvchilik boʻyicha yangi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yaratib beriladi:
- boʻyalgan matoni 50 foizdan kam boʻlmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada toʻlaydi, ularga mol-mulk soligʻini 3 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi;
- 2025-yil 1-yanvarga qadar paxta va sunʼiy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
- toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.
Yuqorichirchiqda gazlama ishlab chiqarish va boʻyoqxonalar tashkil qilish, Qoraqalpogʻistonda sunʼiy tola, gazlama-mato ishlab chiqarish va boʻyoqxona tashkil etish boʻyicha loyihalar boshlangan. Ushbu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi.