Qidirish

11:42 / 2023-09-25 1067 0 Jamiyat

Koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazishda yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar ham hal etish mumkin

Bu boʻyicha Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi.

world-news

Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning 22-avgust kunida qabul qilingan VM-409-son,   VM-411-son, 25-avgust kunidagi VM-424-son hamda 29-avgust kunidagi VM-426-son Qarorlari mazmun-mohiyatini yuzasidan OAV vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22.08.2023-yildagi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida»gi 409-sonli qaroriga muvofiq, endilikda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchilarning har uch yilda kamida bir marta malakasi oshiriladi. Malaka oshirish soʻnggida roʻyxatdan oʻtkazuvchilar markaz tomonidan test shaklida sinovdan oʻtkaziladi.

Test sinovlaridan oʻta olmagan yoki malaka oshirish kurslaridan chetlatilgan roʻyxatdan oʻtkazuvchilar malaka oshirish kurslarida qayta oʻqib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtguniga qadar ularning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish harakatlarini amalga oshirish vakolati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan cheklanadi.

Bundan tashqari, roʻyxatdan oʻtkazuvchilar har uch yilda bir marta attestatsiyadan oʻtkaziladi. Oliy taʼlim muassasalarini tugatgan va egallagan mutaxassislik boʻyicha birinchi marta ishga kirgan shaxslar, agar ular mazkur mutaxassislik boʻyicha ikki yildan kam ishlagan boʻlsa, attestatsiyadan oʻtkazilmaydi.

Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi bilan uning kasb faoliyatiga bogʻliq boʻlgan asoslar boʻyicha suhbat oʻtkaziladi. Suhbat jarayoni uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchiga attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi. Guvohnomaning amal qilish muddati — uch yil.

Roʻyxatdan oʻtkazuvchi attestatsiyadan oʻtmagan deb topilgan taqdirda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ uni takroriy attestatsiyadan oʻtkazish uchun attestatsiya oʻtkazilgan kundan kamida uch oy oʻtgach, biroq olti oydan kechikmay attestatsiya komissiyasiga murojaat qiladi.

Agar roʻyxatdan oʻtkazuvchi takroriy attestatsiyadan oʻta olmasa, attestatsiya komissiyasi uning ish joyiga bu haqda bildirishnoma yuboradi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bildirishnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida roʻyxatdan oʻtkazuvchini mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilish yoxud boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida uch kun muddatda Kadastr agentligini yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Homilador ayollar, shuningdek, uch yoshgacha bolalari bor ayollardan muddati kelishidan qatʼi nazar, malakasini oshirish hamda attestatsiyadan oʻtish talab etilmaydi.

Maʼlumki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi instituti joriy etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22.08.2023-yildagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni keng jalb etish doirasida kadastr sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi 411-son qaroriga koʻra, endilikda kadastr muhandisi institutini bosqichma-bosqich joriy etish orqali aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan:

    2023-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida;

    2024-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan kadastr muhandisi faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin boʻlgan mutaxassislik yoʻnalishlarini kengaytirish, kadastr muhandislari tomonidan shahodatnoma olish uchun ariza topshirishdan malaka imtihonigacha boʻlgan vaqtni qisqartirish, malaka imtihonini topshirish vaqtini uzaytirish va koʻp yillik dov-daraxtlarga kadastr yigʻmajildini tayyorlash muddatini belgilash yuzasidan Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 25.08.2023-yildagi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida«gi 424-sonli qaroriga koʻra, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va yagona hujjatga birlashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomili, koʻchmas mulkni boʻlish, birlashtirish va ularning yangi chegaralarini belgilash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomili hamda ushbu xizmatlarni koʻrsatganlik uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, bu haqda guvohnoma berilgan koʻchmas mulklarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va undan koʻchirma berish, shu jumladan, mazkur xizmatlarni bepul amalga oshirish boʻyicha Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qaror oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etildi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi 1060-son qarori va 2020-yil 2-sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida«gi 535-son qaroriga 6-ilovaning 2-bandi shular jumlasidandir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.08.2023-yildagi “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 426-sonli qaroriga koʻra, endilikda manfaatdor shaxs koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilmagan, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazuvchining harakatlari (harakatsizligi) uning fuqarolik huquqlarini buzgan deb hisoblasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchining harakatlari (harakatsizligi) ustidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tashkil etiladigan komissiyaga shikoyat qilishi mumkin. Komissiyaning qaroridan norozi boʻlgan taqdirda esa Kadastr agentligi tomonidan tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

Manfaatdor shaxs yozma ravishda yoki Davlat kadastrlari palatasining rasmiy veb-sayti orqali ariza beradi.

Oʻn ish kuni muddatida Komissiya arizada keltirilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yuzaga kelgan nizolarni sudgacha hal qilish choralarini koʻrib, manfaatdor shaxs (hohishiga koʻra) va Komissiya aʼzolari ishtirokida Komissiya majlisida muhokama qiladi va natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.

Manfaatdor shaxs Komissiya qaroridan norozi boʻlganda, komissiya qarorini olgan kundan boshlab ikki oy muddatda yozma ravishda yoki Davlat kadastrlari palatasining rasmiy veb-sayti orqali Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qiladi.

Apellyatsiya komissiyasi oʻn ish kuni muddatida arizani koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Komissiyaning qarorini bekor qilish yoki oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakili hamda Davlat kadastrlari palatasining roʻyxatdan oʻtkazuvchi masʼul xodimiga Apellyatsiya komissiyada murojaat koʻrib chiqilishida ishtirok etish huquqini beriladi.

Manfaatdor shaxs Komissiya va apellyatsiya komissiyasining qarorlaridan norozi boʻlgan holatlarda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish komissiyasi Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi boshligʻi-komissiya raisi hamda uning oʻrinbosari-komissiya raisi oʻrinbosari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalari masʼul xodimlari va Davlat kadastrlar palatasi hududiy boshqarmasining masʼul xodimi-komissiya kotibidan iborat boʻladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish