So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Ta’limdagi TABAQALASHTIRISH...
So‘nggi yillarda milliy va shuningdek xalqaro fan olimpiadalarida erishilayotgan natijalar, qo‘lga kiritilayotgan medallar juda ham quvonarli.
Ayniqsa, so‘nggi 2-3 yillik natijalar avvalgi 10-15 yillik natijalardan ham ustun bo‘la oldi. Milliy va xalqaro fan olimpiadalarda eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, medallar bilan vatanga qaytgan har bir o‘quvchi va uning o‘qituvchisi katta miqdordagi pul mablag‘lari va qator imtiyozlar bilan rag‘batlantirilmoqda. Bu esa, nafaqat o‘quvchilar o‘rtasida, balki o‘qituvchilar o‘rtasida ham erkin raqobat va ta’limda yuqori natijaga erishish uchun ular o‘rtasida o‘zaro kurash muhitini shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Afsuski, yuqoridagi ijobiy natijalarning biz ilg‘amayotgan talaygina SALBIY tomonlari ham mavjud! Ya’ni, milliy va xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishayotgan o‘quvchilarning deyarli barchasi eng malakali o‘qituvchilardan tahsil olayotgan, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan “Prezident maktablari” yoki “Ixtisoslashtirilgan maktab” o‘quvchilari hisoblaniladi.
TABAQALASHTIRILGAN taʼlim tizimi "Qadimgi" va "Oʻrta asrlar"ga xos tizim boʻlib, bu asosan qaram boʻlgan qullar va kambagʻallar sonini koʻpayishiga xizmat qilgan! Tabaqalashtirilgan taʼlim tizimida xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar yo Prezident maktablariga, yo ixtisoslashtirilgan maktablarga yoki xususiy maktablarga oʻtib ishlashadi. Chunki, bu tipdagi maktablar mustaqil boʻlib, undagi oʻqituvchilarga yuqori haq toʻlanib, ortiqcha qogʻozbozlik va tadbirbozliklarga jalb qilinmasdan faqatgina sifat uchun ishlashadi.
Bu maktablar barcha zamonaviy jihozlar va darsliklar bilan toʻlaqonli taminlangan boʻladi! Umumtaʼlim maktablarida esa keraksiz qogʻozbozlik va tadbirbozliklar doimiy mavjud boʻlib, bunday tipdagi maktablar mahalliy davlat hokimiyatidagi har bir tashkilotlarga qaram boʻlib, koʻpchilik ota-onalar bilan doimiy tarzda muammolar mavjud boʻladi. Umumta’lim maktablarining moddiy-nexnik ta’minoti, jihozlanishi va hatto darsliklar bilan ta’minlanishi juda og‘ir ahvolda.
Darsliklar bilan bogʻliq muammolar darsliklar pulli boʻlgan davrlarda ham bor edi. Shunchaki, darsliklar yetishmovchiligi masalasi ayrim "Prezident maktabi", "Ixtisoslashtirilgan maktablar" va "Xususiy maktablar"da ham kuzatilganligi uchun jamoatchilik eʼtiborini tortdi. Aslida esa, yillar davomida umumtaʼlim maktablarida koʻplab darsliklarning (Ingliz tili, Informatika, Tarbiya...) yetishmovchiligi holatlari kuzatilgan.
Ijara haqini toʻlagan ota-onalar darsliklar soni toʻliq boʻlmaganligi uchun umumtaʼlim maktablariga borib sinf rahbarlari va maktab direktorlaridan talab qilishardi. Xuddiki, darsliklar maktab direktorlarining nashriyotlaridan chiqayotgandek. Bunday vaziyatlarda umumtaʼlim maktablaridagi oʻqituvchilar oylik ish haqi kam boʻlsada, toki darsliklar yetib kelgunga qadar har kuni oʻz hisoblaridan har bir oʻquvchi uchun darsliklarning elektron variantidan chiqarishadi. Ayniqsa, soʻnggi ikki yillikda umumtaʼlim maktablarida "Darsliklar yetishmovchiligi" masalasi koʻpaydi.
Tabaqalashtirilgan ta’limda umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasi, ularni qaytadan rekonstruksiya qilish va yangi jihozlar bilan ta’minlanishi asosan “Open.budget” loyihasi asosida amalga oshirilishi juda ham kengaydi. Mazkur loyihalarda yutish uchun esa o‘qituvchilar ishdan so‘ng “to‘yxonalarga borib yoki uyma-uy yurib, bozorlarda yoki aholi gavjum joylarda o‘qituvchilarning o‘z hisobidan olgan qaysidir buyum evaziga ovoz yig‘ish” bilan band. Bunday holatlarda o‘qituvchilarning yagona maqsadi siz va bizning farzandlarimizni yaxshiroq sharoitlarda o‘qishlarini ta’minlashi. “Open.budget” masalasi hech qachon Ixtisoslashtirilgan yoki Prezident maktablarida kuzatilmagan, kuzatilmaydi ham. Xususiy maktablar esa o‘z nomi bilan.
Umumtaʼlim tizimida taʼlim sifati emas, asosan davomat tekshiriladi. Ota-onalarning eʼtiborsizligi sabab maktabga kelmagan har bir oʻquvchi uchun, oʻquvchilarning dam olish kunlari va maktabdan tashqari sodir etgan har bir xatti-harakatlari uchun doimo fan oʻqituvchilari, sinf rahbarlari va maktab direktori javob beradi. Tabaqalashtirilgan taʼlim tizimidagi umumta’lim maktablari bitiruvchilarining juda oz qismi yaxshi natijalarga erishib, asosiy qismi (ayrimlari yakuniy davlat imtihonlariga kelmasa ham) shahodatnoma olish uchun maktabga kelishadi.
Agar davlat imtihonlari xolisona oʻtkaziladigan boʻlsa umumtaʼlim tizimidagi oʻquvchilarning 70-80% sinfdan-sinfga oʻtolmay, qaytadan oʻqishga majbur boʻlishadi. Afsuski buning ummuman iloji yoʻq. Chunki, oʻqituvchi vijdonan baho qoʻyib, xolisona yondashsa deyarli 80% oʻquvchilar sinfdan-sinfga oʻtolmagani uchun avvalo oʻqituvchilar aybdor qilinib, maktab direktorlari orqali Oʻqituvchilarga bosim oʻtkaziladi. Bundan tashqari, keraksiz reyting tizimi sabab TEPAdan oʻquvchilarga yaxshi baho qoʻyilishi kerakligi haqida doimo buyruqlar keladi. Umumta’lim tizimining mahalliy davlat hokimiyatiga azaliy qaramligi ta’lim tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan eng bosh omil hisoblanadi.
Tabaqalashtirilgan ta’lim tizimi biroz boshqacharoq ko‘rinishda Oliy ta’lim tizimida ham kuzatilmoqda. O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari 2 turga bo‘linadi:
- Davlat tasarrufidagi OTMlari
- Nodavlat (Xususiy) OTMlari
Har ikkala turdagi OTMini bitirish arafasida beriladigan diplomlar bir xil bo‘lsada, ulardagi yaratilgan shart-sharoitlar va erkinliklar bir-biridan farq qiladi. Ayniqsa, Xususiy OTMda dars beradigan o‘qituvchining oylik ish haqi Davlat tasarrufidagi OTMda ishlaydigan o‘qituvchining oylik ish haqidan 2-3 barovar yuqori.
Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi o‘qituvchilar Davlat tasarrufidagidek turli xil hisobotlar, tadbirbozlik va ortiqcha qog‘ozbozliklardan xoliligi sabab davlat tasarrufidagi OTMlarda dars berayotgan PhD va DsI darajalariga ega o‘qituvchilar xususiy oliy talim tashkilotlariga ishga o‘tishmoqda. Buni erkin raqobat muhiti deyishimiz mumkin, ammo tez orada bu holat ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Bundan 6-7 yil oldin, faqatgina davlat tasarrufidagi OTM bor bo‘lib, belgilangan kvotalar soniga qarab talabalikka (grant yoki to‘lov asosida) qabul qilinar edi. U davrda maktab bitiruvchilari, abituriyentlar faqatgina o‘qib maqsadlariga erisha olar, bilimlilargina o‘qishga kira olar edi.
Erkin raqobat muhiti bor edi. Davlat tasarrufidagi OTMdagi “Superkontrakt” tizimi va “kontrakt miqdori Davlat OTMdan yuqoriroq bo‘lgan holda 60 baldan yuqori balni qo‘lga kiritgan har kim OTM talabasi bo‘lishi mumkin” sharoitini yaratib bergan Xususiy OTM maktab o‘quvchilari, abituriyentlar va ularning ota-onalarini farzandlarining ilmga bo‘lgan qiziqishi va o‘qishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi.
Oliy ta’limga kirishda berilayotgan haddan ortiq imtiyozlar masalasi ham juda og‘ir. Aslida esa, “imkoniyati cheklangan” va “boquvchisini yuqotgan chin yetimlar”gagina bunday imtiyozlar berilsa maqsadga muvofiq. Qolgan har qanday imtiyozlarni esa qabul qilib bo‘lmaydi! Chet elda, Xalqaro universitetlarda ham imtiyozlar mavjud, ammo ular boshqacha ko‘rinishda va ularni ayni foydali desak o‘rinli. Birgina misol, talaba bo‘lgan yoki endigina o‘qishga topshirgan abituriyent topshirgan yo‘nalishidagi asosiy fan yoki xalqaro xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lsa to‘lashi kerak bo‘lgan kontrakt miqdorining 10 foizidan 70 foizigacha imtiyozga ega bo‘ladi.
“Superkontrakt” tizimi yaratilganligi, xususiy OTMlari va imtiyozlarning ko‘payganligi sabab Oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar soni bundan 6-7-yil oldingiga qaraganda 4-5 barovar ko‘pni tashkil etmoqda. Buni quyidagi ikkita jadval orqali ham ko‘rishimiz mumkin:
Oliy ta’lim tashkilotlaridagi talabalar soni
Yillar kesimida | 2016/2017 | 2017/2018 | 2018/2019 | 2019/2020 | 2020/2021 | 2021/2022 | 2022/2023 |
Talabalar soni | 268 281 | 297 689 | 360 204 | 440 991 | 571 512 | 808 439 | 1 042 100 |
Oliy ta’lim tashkilotlari soni
Yillar kesimida | 2016/2017 | 2017/2018 | 2018/2019 | 2019/2020 | 2020/2021 | 2021/2022 | 2022/2023 |
OTMlar soni | 70 | 72 | 98 | 119 | 127 | 154 | 191 |
Yuqoridagi jadvaldagi yillar kesimida keltirilgan talabalar soni keyingi 2-3 yilda yana 5-6 barovarga ko‘payadi. Bu raqamlarning oshishi xalqaro andozalardagi quyidagi ikkita ko‘rsatkichning 5-10 yil oldingi davrga qaraganda o‘sganligi bilan baholanishi mumkin:
- 10 yil oldingi davrga qaraganda endi “ayrim rivojlangan davlatlar singari endi O‘zbekistonda ham oliy ta’limga kirish oson, uni bitirish qiyin mexanizmi joriy etilib, har kim ham talaba bo‘lishi mumkin, biroq bilimlilargina oliy ta’limni bitira oladi” deyilishiga;
- Aholining ziyolilik qatlami (oliy ma’lumotlilik ko‘rsatkichi) 10 yil oldingi davrga qaraganda 10-15 barovarga oshirildi. Ya’ni, “aholining oliy ta’limga qamrovi 10-15 barovarga oshirildi” deyiladigan ko‘rsatkichlarni shakllanishiga xizmat qiladi.
Albatta bu ko‘rsatkichlar yaxshi, biroq oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida erkin raqobat muhiti shakllanmasa, bilimi bori ham, yo‘g‘i ham o‘qisa-o‘qimasa talaba bo‘lish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa va ular o‘qimasdan turib oliy ma’lumotli bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladigan bo‘lsa bu albatta kelajakda o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Ayniqsa, bunday davlatlarda korrupsiya ommalashgan bo‘lsa hokimiyatlar tepasiga “davlatni rivojlantiradigan va xalqining farovon turmush tarzini yarata oladigan bilimli kadrlar” emas, “uzoqni ko‘rib islohot qila olmaydigan, avvalo o‘z nafsini ustun qo‘yadigan va xalqni esa umuman o‘ylamaydigan kadrlar” keladi.
32 yil davomida dunyoning ta’lim tizimi rivojlangan davlatlardan andoza olishga harakat qildik, milliardlab pullarni bexuda sarfladik, hech qaysi tizim samara bermadi, bermaydi ham. Qachonki “Jadidlar” singari o‘z “Milliy ta’lim tizimi”mizni yaratsakgina natijaga erisha olamiz! Buning uchun esa, hadeb chetdan kadrlar jalb qilish shart emas. Milliy ta’lim tizimimizning fidoyi-islohotchi kadrlarini eshitaylik, mavjud muammo va ularning yechimini ko‘rsata oladigan, takliflar bera oladigan ustozlarni eshitaylik.
Zavqibek Mahmudov, FA Tarix instituti kichik ilmiy xodimi