Qidirish

18:01 / 2022-12-12 87 0 Jamiyat

Xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston tarixiga oid 9000 dan ortiq madaniy boyliklar aniqlandi – Madaniy meros agentligi

world-news

Madaniy meros agentligi tomonidan hozirga qadar dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid 9000 dan ortiq uy-roʻzgʻor ashyolari, arxeologik topilmalar, turli taqinchoqlar, qoʻlyozmalar, hujjatlar, toʻqimachilik ashyolari (palak, toʻn, atlas, beqasam va boshqa.), musiqa asboblari kabi madaniy boyliklarga oid maʼlumotlar toʻplandi.

Ushbu boyliklarning 44 foizini qoʻlyozmalar tashkil etayotgani bois, ularni oʻrganish va targʻib qilish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan oʻlkamiz tarixi va madaniyatiga oid qoʻlyozmalarni aniqlash, oʻrganish va nusxalarini yurtimizga olib kelish yoʻnalishida 2022-yilda 330 ta madaniy ashyo – 173 ta qoʻlyozma, 157 ta muzey eksponatiga oid maʼlumotlar aniqlangan va ularning ilmiy tavsifi amalga oshirildi.

Dastlabki natija sifatida “Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reestri. Tom 1”.(The Register of Manuscripts Located overseas concerning Uzbekistanʼs cultural heritage. Vol.1./ Reestr zarubejnыx rukopisey, otnosyaщixsya k Uzbekistanu. Tom 1. // Masʼul muharrir R.Bahodirov. – Toshkent, 2020.- 496 b) monografik tadqiqot oʻzbek, ingliz va rus tillarida 1000 nusxada chop etildi hamda Respublikamiz va xorijdagi 40 ga yaqin mamlakatdagi ilmiy-madaniy muassasalar, tashkilotlarga taqdim etilgan. Bugungi kunga kelib mazkur Reestrning 2- va 3-tomlari hamda Alisher Navoiy qalamiga mansub “Badoe al-bidoya”ning Turkiyada saqlanayotgan noyob qoʻlyozmasining ilmiy faksimilesi nashrga tayyorlandi.

2022-yildagi yana bir ilmiy muvaffaqiyat Agentlik xodimi, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirovning bevosita tashabbusi va rahbarligi ostida Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi oliy oʻquv yurtlari kutubxonalarida saqlanayotgan allomalarimiz qalamiga mansub qoʻlyozmalarga taalluqli maʼlumotlarni qamrab olgan birinchi risola – “Habibullayev A. Ajdodlar merosi: AQSHdagi qoʻlyozmalar” nashr etildi.

Risolada quyidagi 13 ta kutubxonaning fondlarini oʻrganish natijasida ularda

31 nafar olim qalamiga mansub 123 ta asarning 556 ta qoʻlyozma nusxasi haqida ilmiy tavsifni oʻz ichiga qamrab olgan maʼlumotlar berilgan.

Prinston universitetidagi – 278 ta;

Yel uniyersittetidagi – 140 ta;

Michigan universitetidagi (Ann-Arbor shahri) – 51 ta;

Kongress kutubxonasidagi (Vashington shahri) – 27 ta;

Kolumbiya universiteti – 16 ta;

Pensilvaniya universiteti – 15 ta;

Gʻarvard universiteti (Kembrij shahri)– 13 ta;

Milliy meditsina kutubxonasi (Vashington shahri) – 11 ta;

Haverford kolleji, Yuta universiteti, Stenford universiteti, Uolters sanʼat muzeyi (Baltimor shahri) va Ayova universiteti kutubxonasining har biridan 1 tadan qoʻlyozma haqidagi maʼlumotlarni keltirgan.

Risolada Ahmad Fargʻoniy, Imom al-Buxoriy, Iso at-Termiziy, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Lays as-Samarqandiy, Abu Rayhon al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy, Saʼduddin at-Taftazoniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi oʻz davrining buyuk namoyondalari asarlarining qoʻlyozmalariga oid qimmatli maʼlumotlar bayon etilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish