Qidirish

13:26 / 2023-08-18 586 0 Siyosat

“Tan olish kerak bundan keyin ham oson boʻlmaydi” – Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazmoqda. Tadbir avvalida davlat rahbari faol tadbirkorlarga yuksak davlat mukofotlarini topshirdi.

world-news

Ayni paytda Prezident mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida nutq soʻzlamoqda.

“Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosdagi yuqori inflyatsiya oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashgani kabi omillar taʼsirini tadbirkorlarimiz juda yaxshi bilishadi.

Tan olish kerak, bundan buyon ham oson boʻlmaydi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan toʻgʻri saboq chiqarib, faqat oldinga intilsak, bizning mehnatkash xalqimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz har qanday mashaqqatni albatta yengib oʻtadi, men bunga ishonaman”, - dedi davlat rahbari nutqining avvalida.

Bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining oʻzidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va bu orqali tezkorlik bilan qaror qabul qilish eng toʻgʻri yoʻl ekanligi qayd etildi.

Oʻtgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga boʻlindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi. Natijada bu tumanlardagi tadbirkorlar oʻtgan olti oyda qariyb 1 trillion soʻmlik imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobiga, 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi oʻtgan yilga nisbatan 1,5-2 baravargacha oshdi.

Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish muddati qisqartirilib, oʻtgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion soʻm qaytarib berildi. Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qoʻshilgan qiymat soligʻini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida, 2 mingdan ziyod tadbirkorlar hisob-raqamiga 7 trillion soʻm kelib tushdi.

Samarasiz soliq mexanizmlarini qoʻllash oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligidan voz kechilgani hisobiga, biznes ixtiyorida 2 trillion soʻm qoldi.

Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov taʼminoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyatdan foydalangan tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berildi.

Shuningdek, mikro-moliya tashkilotlarini ochish tartibi osonlashtirildi. Buning natijasida mamlakatimizda banklarga muqobil kreditlar bozori paydo boʻldi.

Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi. Natijada ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga koʻpaydi. Misol uchun, bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin boʻlgan” 119 ta faoliyat boʻyicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga oʻtkazildi. Birgina respublika hududida yuklarni avtomobilda tashish kabi faoliyat boʻyicha litsenziyalarni bekor qilish hisobiga yuk tashish hajmi 1,5 baravarga oshdi.

2023-yil olti oyida tekshirishlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.

Yaʼni, tadbirkorlar toʻgʻri ishlash “soyada ishlashdan” afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari boʻyicha moliyaviy jarimalar qoʻllash bekor qilindi.

Umuman, oʻtgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga koʻpaydi, oʻrta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga koʻpayib, 1,5 mingta boʻldi.

Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi.

Boʻlib oʻtgan ochiq muloqotlardan keyin soʻnggi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilgi muloqot arafasida tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi.

Ular koʻtargan asosiy masalalar – kredit va moliyaviy yordamni kengaytirish (jami murojaatlarning 26 foizi), biznesni joy va infratuzilma bilan taʼminlash (21 foiz), soliq tizimini soddalashtirish (10 foiz), tekshirishlar va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirish (8 foiz) bilan bogʻliq.

Oldingi ochiq muloqotlarga tayyorgarlik davomida koʻtarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega boʻlib, koʻplari joyida hal qilingan edi. Bu safar 70 foiz tadbirkorlar tizimli muammolarni yechimlari bilan taklif qilishmoqda.

Tadbirkorlar faqat oʻziga emas, butun sohaga naf keltiradigan masalalarni koʻtarayotgani quvonarli, dedi davlat rahbari va ochiq muloqot natijalari boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarda bularning barchasi inobatga olinishini taʼkidladi.

Prezident kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish muhimligini taʼkidladi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha katta amaliy ishlar qilindi. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkorlar paydo boʻlib, minglab doimiy ish oʻrinlari yaratilmoqda.

Lekin kichik biznesni manzilli qoʻllab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qulay muhit hali toʻliq shakllanib ulgurmadi, dedi davlat rahbari.

Kichik tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy qilinadi.

Bunda, ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.

Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank” “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha boʻladi.

Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi. Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashadi, oʻz hisobidan yangi loyiha qilmoqchi boʻlgan tadbirkorlarni oʻqitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini koʻrsatadi.

Hududlardagi kichik biznes markazlarida oʻqigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda, kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning oʻzi, qolgan 45 foizi uchun davlat koʻmagida resurs yoʻnaltiriladi.

Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablagʻlarning 150 million dollari boʻyicha kredit liniyalari 1-oktyabrdan ochiladi.

Oʻz biznesini yoʻlga qoʻya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza boʻlgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sugʻurtalash, xom-ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.

Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Kichik biznes markazlari koʻmagida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari oʻrnatiladi. Bunda yangi korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish va mahsulotini realizatsiya qilishga markazlar yordam beradi.

Shu bilan birga ushbu korxonalarga davlat xaridlari tizimida oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni 2 yil davomida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma bilan sotishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, kichik biznes markazlarini boshqarishga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Ushbu tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki”ga ulushdor boʻlib kirish huquqi beriladi. Markazlarga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.

Bunda biznes-konsultant, muhandis-texnolog, dizayner, mehmonxona boshqaruvchisi, marketolog, agronom, veterinar, urugʻshunos kabi xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga Oʻzbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish muddati hozirgi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi. Ishlashga ruxsatnoma toʻlovi esa hozirgi 10 million soʻmdan 330 ming soʻmga tushiriladi. Ularga hududiy mehnat organidan ishga jalb etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa olish talab qilinmaydi.

Markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar soddalashgan tartibda belgilanadi.

Bank ham, markaz ham yangi loyiha daromad keltirib, tadbirkor faoliyati rivojlanishidan manfaatdor boʻlishi uchun yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablagʻi uchun oʻtkazib beriladi.

Yaʼni, tadbirkor qancha koʻp daromad topishidan bank manfaatdor boʻladigan tizim yaratiladi.

Eng asosiysi, ushbu dasturda istalgan davlat va xususiy banklar ishtirok etishi, oʻzlari ham resurs jalb qilishi mumkin boʻladi. Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi.

Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilinadi.

Ushbu tashabbuslardan bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes subyektlarini “oyoqqa turgʻizish”, kamida 25 mingtasini oʻrta korxonalarga aylantirish, sohada 250 ming yangi doimiy ish oʻrinlarini yaratish maqsad qilingan.

Prezident iqtisodiyotimizning yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan, sifatli hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan muhim boʻgʻini – oʻrta biznes ekanligini taʼkidladi.

Lekin hozir oʻrta biznes uchun sharoitlar yetarli emasligi qayd etildi. Shu bois, kichikdan oʻrta biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham yangicha yondashuvlarni yoʻlga qoʻyiladi.

Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud jamgʻarmalarning faoliyati ham, ishlash usuli ham tubdan oʻzgaradi. Endilikda Tadbirkorlik jamgʻarmasi xizmat koʻrsatish, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam koʻrsatishga, Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi esa sanoat loyihalari uchun masʼul boʻladi. Jamgʻarmalarni boshqarishga malakali xorijiy menejerlar olib kelinadi.

Ushbu jamgʻarmalar byudjet mablagʻlari bilan cheklanib qolmaydi, ularga mustaqil investitsiya jalb qilish vakolati beriladi. Bu orqali kelgusi bir yilda ushbu jamgʻarmalar oʻrta biznes uchun qoʻshimcha 1 milliard dollar mablagʻ olib keladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish