Qidirish

05:51 / 2022-01-18 126 0 Maqolalar

Atrof-muhit ifloslanishining ekologiyaga taʼsiri…

world-news

Koʻchalarning toza ekanligi siz uchun qanchalik ahamiyatga ega? Siz oʻz oilangizning toza va ozoda joyda yashashlari uchun haqli deb hisoblaysizmi? Bu savollarni oʻzingizga berib, ozgina boʻlsa ham fikrlashga urinib koʻring!

Xoʻsh, siz qanchalik oʻzingizni yaxshi joyda yashashga haqli inson deb hisoblaysiz? Qolganlar ham oʻzlariga shunday muhitni yaratishni va ozoda boʻlgan joyda yashashni orzu qilishadi, albatta. Buning uchun esa, faqat harakat talab etiladi. Siz va biz bugun kelajakning quruvchilarimiz. Uning qanday boʻlishi bugungi qarorlarimizga bogʻliq boʻlib turgan sharoitda hech bir notoʻgʻri qadamga oʻrin yoʻq.

Togʻli hududlar insonlarni doim oʻziga jalb etib turadi. Oila va doʻstlar bilan aylanish uchun juda koʻpchilik aynan shunday manzarali joylarni tanlashlari ham bejiz emas. Ammo buning salbiy tomonlari ham bor. Masalaning bu tomoni koʻpchilikni oʻyga toldiradi. Bunday joylarni atrof-muhit ifloslanishidan xoli hudud deya olmaymiz.

Dam olib boʻlishgacha insonlar oʻzlaridan chiqqan chiqindilarni soy, koʻl va daraxtlar ostiga tashlab ketishlari ham achchiq haqiqat. Koʻz yumish kerak boʻlgan vaziyatlar ham bor albatta, ammo bunday koʻngilsiz holatlarga qachongacha koʻz yuma olish mumkin. Oʻz farzandi salomatligi uchun inson qanchalik harakat qilsa, atrof-muhitni ham oʻz farzandidek tasavvur etib uning kasallanishiga ham yoʻl qoʻymasligi zarur.

Sanoat binolaridan chiqayotgan turli chiqindilar ham atrof-muhitga zarar keltirayotgani ham ayni haqiqat. Buning oqibatida ozon qatlamining yupqalashib, yemirilishi, muzliklarning erib borishi kabi holatlar koʻpayib bormoqda.

Ozon – bu yerdan taxminan 12-50 km uzoqlikda joylashgan stratosferadan topilgan kislorod turi. Ozon qatlami maʼlum miqdordagi ultrabinafsha nurlarini yutib, oʻziga xos filtr vazifasini bajaradi. U Yer sharini toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlaridan himoya qiladi.

Bu qatlam yemirilishining asosiy sabablari: raketa va sunʼiy yoʻldoshlarning kosmosga uchirilishi, 12-16 km balandlikda havo transportining ishlashi, freon (zararli modda)larning havoga chiqarilishi bu kabi omillar juda koʻp.

Bunday muammolar izlansa koʻplab topiladi. Bularning barchasiga esa inson omili asosiy sabab. Oʻzbekistonda bugungi kunda eng katta muammoli vaziyat Orol dengizining qurishi. Oʻtgan asrning 60-yillaridan boshlangan vaziyat bugungacha oʻz yechimini topmadi.

Orolning qurishi global darajadagi muammolar qatoriga kirib bordi. Dengizning qurib borishi oqibatida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududida yuzaga kelgan 5,5 million gektar maydonda yil davomida 75 million tonna chang va boshqa zararli tuzlar atmosferaga koʻtarilib, Tyan-Shan, Pomir va hattoki, Grenlandiya, Arktika va Norvegiya oʻrmonlari qadar yetib, ekologiyaga salbiy taʼsir etmoqda.

Buning oldini olish uchun qurib, choʻl boʻlgan hududlarga saksovul ekish tadbiri ishlab chiqildi. Qaysidir maʼnoda bu bilan Orol dengizidan chiqayotgan tuz va boshqa zararli moddalarni atmosferada tarqalishining oldi olindi. Dunyoda kattaligi boʻyicha uchinchi oʻrinda turgan dengizning bunday holatga kelib qolishi ayanchlidir.

Orol fojiasi aholi salomatligiga jiddiy tahdid solayotganligi ham bor gap. Bugun Orol atrofida yashayotgan aholi orasida nafas yoʻllari, jigar, buyrak, kamqonlik, onkologik va yurak-qon tomir kasalliklari tez-tez uchrab turibdi. BMT Bosh Assambleyasining 75 va 72-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Orol dengizi masalasini kun tartibi roʻyxatiga kiritish kerak ekanligini taʼkidlagan edi.

Xullas, hozirda koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan muammolar soni koʻpayib ketmoqda. “Davlat qilishi kerak”, “Bu ularning ishi”, - deb bahona qilish bu eng oson yoʻl boʻlib qoldi insonlar nazdida. Bir kishi qilgan bilan 10 yoki 100 kishi qilgan ishda farq boʻladi. Har holda, “Qars ikki qoʻldan chiqadi” degan naql bor.

Xalq oʻzi harakat qilmasa, ekologiyaning zararlanishi ham davom etaveradi. Bu esa kelajakda yana koʻplab yangi kasalliklarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Ekologiyaning yomonlashishi, atrof-muhitning zararlanishi daryo va dengizlarning qurib borishi, muzliklarning erishi – bular barchasi insoniyat sababli sodir boʻlayotganligini unutmasligimiz zarur.

Men chiqindilarni doim chiqindi qutilariga tashlayman. Bugungacha atrof-muhitga hali biror marta ham zarar yetkazmaganman”, - shu fikrlarni ayta oladigan biror bir inson topiladimi oramizda? Yoʻq, toʻgʻrimi? Shunday ekan, ekologik vaziyatning ijobiy tomonga oʻzgarishi shu jamiyat fuqarolarining yaʼni bizning burchimizdir.

Izohlar 0

Fikr bildirish