Qidirish

04:37 / 2023-07-26 7716 0 Maqolalar

Gʻalati va mantiqsiz ishlar: Qoraqalpogʻistonda sholikorlarga nega norasmiy taqiq qoʻyildi?

Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumanida fermerlarning sholi ekkan maydonlari ekskvator bilan payhon qilinyapti. Mahalliy sholikorlar yuborgan videolavhalarda, xatto, ichki ishlar xodimlarining qoʻlida kurak, ketmon tutib dala kezib yurganini ham koʻrinadi. Xuddi shunday holat bir necha kun avval Amudaryo tumanida ham kuzatilgan edi.

“Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak”.

Shavkat Mirziyoyev

40 yoshlar atrofidagi sholikor erkakning yaydoq dalani kezib, “Noinsoflar, hamma narsamdan ayrildim, Xudo boʻlsa, bola-chaqasidan qaytsin” deb faryod solib yigʻlashi kщpchilikni yuragini oʻrtadi. Bu voqealar ortida kimlar va nimalar yotgani xususida hozircha aniq maʼlumotga afsuski, yoʻq. Minglab gektarlada ekilgach, pishishga kelib qolgan sholi maydonlari sud qarorisiz buzilyapti.

Mavjud hujjatlardan kelib chiqsak, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi va Vazirlar Mahkamasi bundan buyon faqat 3 tuman — Boʻzatov, Moʻynoq va Taxtiakoʻprikda 20 ming gektar maydonda sholi yetishtirishga qaror qilgan. Demakki, yaqinda Amudaryo, Kegeylidagi sholi maydonlarida oʻtkazilgan zoʻravonlik tadbirlari Qoraqalpogʻistonning qolgan 11 ta tumanida ham sodir etilishi hech gap emas.

Faqat bir savol juda oʻylantiryapti. Vaholanki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati sholi yetishtirishni kamaytirishni rejalashtirgan ekan, nima uchun bu ishga yilning qoq oʻrtasida kirishdi? Nima uchun oʻtgan yili hamma fermerlarni chaqirib, “Hurmatli tadbirkorlar, kelasi yildan sholi faqat uch tumanda ekiladi, shunga qarab harakatlaringni qilinglar. Bu talabga amal qilmaganlarga qonun boʻyicha chora koʻriladi” deyilmadi? Deyilgan boʻlsa, ham nega ekilgach, keyin buzish yodimizga tushib qoldi.

Fermerlar oʻzboshimchalik bilan sholi ekkandir, boʻlar ish boʻldi, lekin ularning bir necha oʻn million soʻmlab harajatiga ekkan sholisini yigʻib olishga imkon berish kerak emasmidi? Odamiylik qayerda qoldi? Oʻzbekiston sholi mustaqilligiga toʻla erishmagan va shu hosil mamlakatga nihoyatda kerak davrda nega bunday harakatlar sodir etilmoqda?

Gapga quloq solmagan fermerga “Bu yil haddingni bilmading, bola-chaqang, xodimlaring och qolmasin, ekkaningni yigʻib ol, xonavayron boʻlib ketma, ammo yana bir marta shu ish takrorlansa, qonun oldida javob berasan” deyish ham insoniylik boʻlmasmidi? Fermer qargʻab emas, alqab yurmasmidi? Mard ekan, erkak ekan deb yoningizda turmasmidi?

Ayrim mamlakatlarda haykallar, ibodatxonalarni buzib tashlashgani, qabrlarni tahqirlashgani toʻgʻrisida oʻqib qolamiz. Biz ularni vandallar deb ataymiz. Biroq Oʻzbekistondagi eng ommabop oziq-ovqat mahsuloti, non qatorida aziz koʻriladigan guruch maydonlarini ayovsiz payhon qilish, oʻnlab fermerlarni inqirozga olib kelib qoʻyish nima deb nomlanadi? Yoki biz qadimiy vandallar qabilasi kabi tarixda ayanchli nom qoldirishni istayapmizmi?

Prezidentning PQ-4973 sonli “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yilda Qoraqalpogʻistonning 16 tumanida 44 ming gektar maydonda 187 ming tonna sholi yetishtirish prognoz qilingan. 2023-yilda davlat esa qoraqalpogʻistonlik sholikorlardan 147 ming 250 tonna sholi kutyapti.

16 tuman bilan 187 ming tonna sholi yetishtirishga zoʻrgʻa daʼvo qilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati endi uchtagina tumanning 20 ming gektar maydonidan 147 ming 250 tonna sholi olishiga aql bovar qilmayapti. Bu esa, yaqindagina, Prezident maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda qoralangan qoʻshib yozish, koʻzboʻyamachilik kabi holatlarga olib kelishi nega prognoz qilinmayapti.

Qishloq xoʻjaligi Vazirligi Qoraqalpogʻiston sholikorlari atrofidagi voqealarga munosabat bildirishda eng silliq yoʻlni tanladi. Vazirlik Amudaryo, Kegeyli fermerlari toʻgʻrisida bir ogʻiz ham gap aytmay, hammaning eʼtiborini Hindiston guruchiga qaratib, qutilib qoʻyaqoldi. Qishloq xoʻjaligi vaziri boʻlganimda, vaziyatdan shunday chiroyli olib chiqib ketishga qodir ustamon matbuot xizmatini bir qop guruch bilan siylagan boʻlardim.

Ichki ishlar xodimlarining dalama-dala bu ishga bosh-qosh boʻlib yurishidan ajablanmasak ham boʻladi, chunki ular shunchaki buyruq ijrochisi xolos. Yuqoridan topshiriq boʻlmasa, ularning bu ishlarga jurʼati yetmagan boʻlardi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2023-yil hosili uchun sholi ekish ishlarini muvofiqlashtirish va tizimli tashkil etish boʻyicha Respublika ishchi guruhiga esa Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Saidkarim Nishanbayev rahbarlik qiladi. Ishonchimiz komilki, bir paytlar Toshkent viloyati IIB boshligʻi lavozimida ishlagan vazir oʻrinbosari fermer xoʻjaliklari yerini payhon qilish qonunga zid ekani, barcha masalalar sud orqali hal qilinishi kerakligini yaxshi biladi.

Albatta, nima uchun sholi ekish ishlariga Ichki ishlar vazirligi vakili rahbarlik qilayotgani biz uchun ham ajablanarli. Balki Respublikada jinoyatchilikka butunlay barham berilgan-u, biz bexabar qolganmiz...

Qoraqalpogʻistonlik sholikorlar atrofidagi voqealar Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ham eʼtiborini tortdi. Sobiq deputat oʻz telegram kanalida “sholi oʻzboshimchalik bilan ekilgan boʻlsa-da bu sud hujjati bilan buziladi, zoʻravonlik bilanmas” deb “huquqdan xabari bor va xushyorlarni” ogohlikka chaqirgan.

Koʻplat Rasul Kusherbayevning yana bir fikriga yakdil qoʻshilishi tabiiy: “Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham saylovoldi dasturidagi chiqishida “reja bajarilmayapti” degan yoki boshqa vajlar bilan fermerlar faoliyatiga aralashishga qatʼiyan chek qoʻyilishini maʼlum qilgandi”.

Shuningdek, yana bir jamoat faoli Zafar Solijonov ham masalaga eʼtibor qaratdi:

Yaqinda Hindiston don mahsulotlari narxining keskin oshishiga yoʻl qoʻymaslik uchun Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarga guruch eksportini taqiqladi. Bu holat guruch import qiladigan Oʻzbekistonga ham oʻz taʼsirini oʻtkazishi mumkin. Respublika aholisini guruch mahsulotlari bilan toʻliq taʼminlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi zarur.

Dunyo shu kabi holatlarga tayyorlanayotgan bir vaqtda Qoraqalpogʻistonning Kegeylisida (sal oldinroq boshqa hududlarda ham shu kabi hol kuzatilgan, jumladan Amudaryo, Ellikqalʼa, Nukus tumani) bir qator fermer xoʻjaliklarining sholi maydonlari organ xodimlari tomonidan buzib tashlanayotgani aytilmoqda. Ushbu ishlar qonuniymi, biror hujjat bormi degan savollarimiz ham bor. Gʻalati va mantiqsiz ishlar.

Chunonchi, yer maydonlarini fermerlarga uzoq muddatga ijaraga bergan va bu muammoni hal qilishda bevosita ishtirok etishi shart boʻlgan Amudaryo va Kegeyli tuman hokimliklari esa sukut saqlashni afzal koʻryapti. Yuqoridan keladigan buyruqni kutishyapti.

Ammo “choʻgʻ ustida oʻtirganimni birov bilib qolmasin”, deb olovni ishtoni bilan yopgan odam eng nozik joyini kuydirib olishi hammaga yaqqol ayon-ku. Ham chandigʻi qoladi, ham ishtonidan ayriladi. Afsuski, shunday ishlar boʻlmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Izohlar 0

Fikr bildirish