So`ngi yangiliklar
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Nigʻmatulla Yoʻldoshev dolzarb masalalar boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev rahbarligida prokuratura organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirokida Bosh prokuratura hayʼatining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Videoselektor tarzida oʻtkazilgan hayʼat majlisida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qoida va normalarini soʻzsiz ijro etilishini taʼminlashning dolzarb masalalari birma – bir koʻrib chiqilgan.
Hayʼat majlisida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev maʼruza qilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinganligi mamlakatda olib borilayotgan xalqchil islohotlarning uzviy davomi ekanligi, Konstitutsiya talablarining toʻliq va qatʼiy bajarilishini taʼminlash prokuratura organlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi ekanligini alohida taʼkidladi.
Qayd etilishicha, insonning huquq va erkinliklari qonunlar va davlat organlari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi haqidagi konstitutsiyaviy qoida prokuratura organlari faoliyatini tashkil etishning eng asosiy tamoyiliga aylanadi.
Barcha sohalarda nazorat faoliyatini amalga oshirishda, eng avvalo, Konstitutsiyaning davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida toʻgʻridan - toʻgʻri va soʻzsiz qoʻllanilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligi barcha xodimlarga uqtirildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiya normalarini tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qoʻllashning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, bu faoliyatni amalga oshirishda inson huquq va erkinliklari, shaxsiy va oilaviy siri, uy - joy va mol - mulki daxlsizligini qatʼiy taʼminlash, ulardan mahrum qilish yoki cheklashga faqatgina qonuniy asoslarga koʻra va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi har bir xodim eʼtiboriga yetkazildi.
Shaxsni asossiz ushlash, qamoqqa olish, javobgarlikka noqonuniy tortish, qiynoq va boshqacha tarzdagi tazyiq holatlariga yoʻl qoʻymaslikning zarur choralarini koʻrish, bunday qonunbuzilishlarga nisbatan keskin munosabat bildirib borish barcha darajadagi prokurorlarning doimiy eʼtiborida boʻlishi qayd etildi.
Umuman, fuqarolar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, inson huquqlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, Konstitutsiya va qonunlarni muhofaza qilish borasida prokuratura organlari faoliyatida bundan keyin keskin oʻzgarishlar boʻlishi zarurligi belgilandi.
Bundan tashqari, hayʼat yigʻilishida prokuratura organlarining 2023-yil 1 - yarim yillik faoliyat yakunlari haqida alohida soʻz yuritildi.
Taʼkidlanishicha, prokuratura organlari tomonidan oʻtgan yarim yilda aniqlangan qonun buzilish holatlari 91 mingdan ortiq nazorat hujjatlarini qoʻllash orqali bartaraf etilgan, 225 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.
Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,3 trln. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlangan.
Nazorat faoliyati bilan birgalikda bevosita prokurorlar saʼy – harakati bilan qisqa muddatda 120 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak berilgan, qariyb 157 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab - quvvatlashga oid choralar doirasida 19 316 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, qariyb 18 ming nafarining muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashilgan, natijada 12 469 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishilgan.
Prokurorlar koʻmagi bilan dolzarb yoʻnalishlarda, jumladan qurilish, yoqilgʻi - energetika, ekologiya sohalarida tashkil etilgan yangi tuzilmalar faoliyati ham hayʼat muhokamasidan chetda qolmadi.
Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari oʻlaroq, davlat dasturlariga kiritilgan 6 003 ta obyektni oʻz muddatida foydalanishga topshirilishi, 1,4 trln. soʻm. mablagʻlar tejalishi, 27,5 mlrd. soʻmlik byudjet pullari talon - toroj qilinishining oldi olinishi taʼminlangan.
Yoqilgʻi - energetika sohasida qonuniylikni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan 113 mingta reyd tadbirlari davomida, 31 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 327 mlrd. soʻm zarar undirilgan.
Bosh prokuror oʻta dolzarb boʻlgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yoʻl qoʻyilayotgan xato - kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.
Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqararligini taʼminlashning barcha choralarini koʻrish zarurligini qatʼiy taʼkidladi.
Sudlarda fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar koʻrilishida prokuror vakolatini samarali taʼminlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan oʻz muddatida munosabat bildirib borish boʻyicha ham tegishli topshiriqlar berildi.
Bu borada yangi tuzilgan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi hamda murakkab ishlar boʻyicha qonuniy yechim topishga koʻmaklashuvchi Maslahat kengashlari faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar belgilandi.
Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham hayʼat muhokamasidan oʻrin oldi.
Maʼlum boʻlishicha, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning qiynayotgan muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 126 mingdan ortiq murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 24 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.