So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Hammasi isbotlansa, Abdurahmonovni qanday jazolar kutyapti?
Andijon viloyati perinatal markazi xududidagi 12 tup nina bargli sosna daraxtlari 15 dan 16-yanvarga oʻtar kechasi kesib tashlangan. Markaz xodimlaridan biri daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirigʻi asosida boʻlganligini aytgan. Xoʻsh, agar haqiqatan ham daraxtlar Shuhrat Abdurahmonovning buyrugʻi asosida qonunga zid ravishda kesilgan boʻlsa, qonunda hokimga qanday jazolar qoʻllanilishi mumkin? Ekoqoʻmita Effect.uz muxbiriga dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tabiat dunyosiga yuz million soʻmdan ortiq zarar yetkazilganligini maʼlum qildi.
Qonuniy choralar...
JK 198-moddasining 2-qismiga koʻra, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sabab boʻlsa, qilmish jinoyat deb topilishi kerak. JKga koʻra, koʻp miqdor deb BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha boʻlgan miqdor tushuniladi. Yetkazilgan zarar 73,5 mln soʻmga yetmasagina daraxtlarni noqonuniy kesish maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi va MJtK 79-moddasi 1-qismi bilan malakalanadi.
Oʻzbekiston prezidenti tomonidan 2020-yil 3-dekabrda imzolangan qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunda 2020-yil 4-dekabrdan boshlab, katta miqdorda zarar keltiradigan ekologik qoidabuzarliklar uchun 50 dan 100 BHM gacha jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi mumkin.
Ekinlarga, oʻrmonlarga, daraxtlarga yoki boshqa oʻsimliklarga qasddan zarar yetkazish, yoʻq qilganlik uchun (kesish) — 150 dan 200 BHM gacha jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha jamoat ishlariga jalb qilish, yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash; 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (ilgari jarima miqdori 75 dan 100 BHMgacha, qolganlari oʻzgarishsiz) kabi jazolar belgilanadi. Ushbu cheklovlar atrof-muhitga 300 dan 500 BHM gacha boʻlgan miqdorda zarar yetkazilganida qoʻllaniladi.
Nega hammaning tilida Abdurahmonov?
Andijon viloyati perinatal markazi xududidagi 12 tup nina bargli sosna daraxtlari 16-yanvarga oʻtar kechasi kesib tashlangan. Bu haqda markaz xodimlaridan biri Kun.uz internet nashriga maʼlum qilgan. U suhbat davomida daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirigʻi asosida boʻlganligini aytgan.
Manbaga koʻra, 15-yanvar kuni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat perinatal markaziga kelgan va markazning qurilayotgan yangi binosi bilan tanishgan. Shundan soʻng, markaz oldini ochish uchun daraxtlarni kesish boʻyicha topshiriq bergan.
Andijon shahar obodonlashtirish boʻlimi xodimlari topshiriq boʻlgani aytilgan 15-yanvarning oʻzida, tun vaqtida ishga kirishib, daraxtlarni kesish ishlarini boshlagan. Qiziq jihati, daraxtlarni kesib, perinatal markazi hovlisidan olib chiqib ketayotgan obodonlashtirish boʻlimi yuk mashinasining davlat raqamlari ham yoʻq boʻlgan.
Andijon viloyati hokimligi viloyat perinatal markazi hovlisida oʻndan ortiq daraxt kesib tashlanganiga tezda munosabat bildirdi.
“Hududdagi daraxtlar oʻz joyida turganligi hamda hech kim uni kesib tashlash toʻgʻrisidagi buyrugʻini bermaganligini maʼlum qilamiz”, deyiladi rasmiy izohda.
Lekin yuqoridagi jumlalar oradan biroz vaqt oʻtib, olib tashlangan. Hokimlik holat alohida nazoratga olingani, “qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdorlarga qonuniy jazo choralari koʻrilishi”ni qoʻshimcha qilgan. Ekologiya qoʻmitasi bergan izohga koʻra, mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan.
Eslatib oʻtamiz, bor-yoʻgʻi bir necha kun oldin prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy eʼlon qilingan edi.
Ekoqoʻmita nima deyapti?
Mazkur holat boʻyicha Andijon viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganish ishlari hamon davom ettirilmoqda.
Dastlabki surishtiruv natijalariga koʻra, Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qaragʻayi” daraxtlari moratoriy talablariga zid ravishda noqonuniy kesilganligi qayd etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.02.2020-yildagi 93-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining roʻyxati”ga Eldor qaragʻayi (Pinus eldarica) juda chiroyli manzarali daraxt sifatida kiritilgan.
Mazkur holatda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021-yildagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-sonli Farmonining 2-bandi talablari buzilganligi aniqlandi.
Oʻrganishlar davomida kesilgan daraxtlarning diametr oʻlchamlari 12 sm dan 40 sm gacha ekanligi, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish natijasida oʻsimlik dunyosiga koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi qayd etildi. Mazkur huquqbuzarlik holati boʻyicha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rahbariyati barcha jamoatchilik vakillariga, jumladan, jurnalist va blogerlarga daraxtlarni muhofaza qilish masalasidagi tezkor yordami uchun minnatdorlik ham bildirdi. Aybli deb topilgan shaxslar yuqorida keltirilgan asoslarga koʻra, qonun oldida javob berishga majbur boʻladi...