So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
“Mansabdorlar gohida umr yoʻldoshimning ustlaridan kulishardi” — Tatyana Karimova
Oʻzbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimova birinchi prezident Islom Karimovning hech kim bilmaydigan jihatlarini esga oldi.
“Islom Abdugʻaniyevich qanday lavozimda ishlamasinlar, hech qachon xizmat vazifasidan foydalanmaganlari, vakolatlarini suiisteʼmol qilmaganlariga guvohman.
U kishidan pastroq darajadagi mansabdorlar ham boshqacha yashar va shu bois gohida umr yoʻldoshimning ustlaridan kulishar edi. Ammo bu – Islom Abdugʻaniyevichning qatʼiy pozitsiyasi edi”, — deb yozdi Karimova.
Shuningdek, u, Karimov hech xorijiy mamlakatlarda hordiq chiqarmaganini maʼlum qildi.
“Talabchan, ammo adolatli inson edilar. Oʻzlariga ham, atrofdagilarga ham talabchan edilar. Ular tin olmasdan ishlar edilar. Oʻzlariga xorijiy mamlakatlarda hordiq chiqarishni ravo koʻrmasdilar. Chunki yechimini kutayotgan muammolar tugamas edi. Ular uchun dam olish misli koʻrilmagan hashamat edi”, — deb qoʻshimcha qildi Karimova.
Maʼlumot oʻrnida, Islom Abdugʻaniyevich Karimov — 1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida, xizmatchi oilasida tugʻilgan. Malumoti - oliy. Oʻrta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xoʻjaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Iqtisod fanlari nomzodi.
Mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961-yildan 1966-yilgacha V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor boʻlib ishladi.
1966-yilda Oʻzbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga oʻtib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi oʻrinbosarigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi.
1983-yilda I.Karimov Oʻzbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yilda Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari, respublika Davlat plan qoʻmitasining raisi etib tayinlandi.
1986-1989-yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, 1989-yilning iyunidan boshlab Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.
1990-yil 24-mart kuni Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov Oʻzbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.
1991-yil 31-avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi.
1991-yil 29-dekabrda muqobillik asosida oʻtkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
1995-yil 26-martda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi yakunlariga koʻra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirildi.
2000-yil 9-yanvarda muqobillik asosida oʻtgan saylov natijalariga koʻra, Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2007-yil 23-dekabrida muqobillik asosida oʻtgan saylov natijalariga koʻra, I. Karimov 7 yil muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2015-yil 29-mart kuni muqobillik asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtdi. Uning natijalariga koʻra Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlarga muvofiq, Islom Karimov 5 yillik muddatga, mamlakatning oliy lavozimiga saylandi.
I.Karimov suveren va mustaqil Oʻzbekistonni barpo etish, xalqparvar, demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni taʼminlash ishiga qoʻshgan ulkan hissasi, hamda, bu borada matonat va jasorat koʻrsatganligi uchun “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, “Mustaqillik” va “Amir Temur” ordenlari bilan taqdirlangan.
Shuningdek, u bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning orden va medallari bilan ham mukofotlangan.
I.Karimov Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy aʼzosi. Ayni vaqtda u iqtisod, fan, taʼlimni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun koʻpgina xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori, hamda akademikligiga saylangan.
Oʻzbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bogʻlaydi.
I.Karimov mamlakatda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy oʻzgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir:
- Oʻzbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan atoqli davlat arbobidir;
- demokratik talablar va xalqaro mezonlarga toʻla javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi va uni hayotga tatbiq etishning kafolatidir;
- markaziy hokimiyat va uning joylardagi boʻgʻinlarini isloh qilish, davlat, jamiyat va inson munosabatlarini uygʻunlashtirishga qaratilgan yangi siyosiy-ijtimoiy tizim tamoyillarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi;
- xalqning oʻziga xos xususiyatlari hamda ilgʻor jahon tajribalarini mujassamlashtirgan, iqtisodiy islohotlarning yangi modelini ishlab chiqdi. Bu rivojlanish yoʻli iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, qonun ustuvorligi, oʻtish davrida davlatning boshqaruvchilik roli, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, kuchli ijtimoiy himoya kabi mashhur besh tamoyilni oʻz ichiga oladi va u dunyoda “Oʻzbek modeli” deb eʼtirof etilgan;
- Oʻzbekiston davlatining hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar, Chegara va Ichki qoʻshinlarni zamonaviy islohotlar asosida tashkil etish ishiga boshchilik qildi;
- KPSS Markaziy Komiteti boshchiligidagi kuchlar Oʻzbekistonda adolatsizlik va tazyiqlarni avj oldirgan yillarda oʻzbek xalqining nomini nohaq tahqir va haqoratlardan himoya qilish, xalqimizning or-nomusini, milliy gʻururini tiklashda fidoyilik namunasini koʻrsatdi;
- xalqimiz maʼnaviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda boʻlish, asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimizni, urf-odatlarimizni, bebaho tarixiy merosimizni hayotga qaytarishni davlat siyosati darajasiga koʻtardi;
- xalqaro maydonda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, oʻzbek nomini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qoʻshdi;
- odamlarning tafakkurini oʻzgartirish, ularning ongida yangi milliy gʻoya, milliy mafkura asoslarini shakllantirish va mustahkamlash ishiga rahnamolik qildi;
- yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar oʻrtasida totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish, uni saqlash hamda mustahkamlashga beqiyos hissa qoʻshdi;
- mohiyat-eʼtiboriga koʻra, mutlaqo yangi taʼlim-tarbiya tizimi – Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini yaratish va uni amalga oshirishda bevosita yetakchi boʻlib keldi;
- mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, vakolat va huquqlarini kengaytirish, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish tizimi sifatida uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tashabbuskori boʻldi;
- yurtimizning turar joylarida yangi qurilishlar, shu jumladan, ulugʻ ajdodlarimizning qadamjolarini obod qilish, iqtisodimizning salohiyatini oshirishda katta oʻrin tutgan yirik-yirik korxonalarni bunyod etishda, koʻpgina shahar va qishloqlarimiz, avvalambor, poytaxtimiz Toshkentning shakl-qiyofasining tubdan oʻzgarishida bevosita rahbarlik qildi.
Muxtasar qilib aytganda, Islom Karimov Oʻzbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorugʻ istiqboli yoʻlida koʻpmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulugʻ maqsadlar sari boshlab bordi.
Oʻzbekistonning taraqqiyot bosqichida davlat rahbari olib borgan siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
- mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatni yangilash, iqtisodiyot jadal surʼatlar bilan oʻsishi va uning makroiqtisodiy mutanosibligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bu yoʻnalishlarni amalga oshirishning garovi boʻlmish tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatining izchil qadamlar bilan erkin rivojlanishiga kafolat va imtiyozlar beradigan siyosatni davom ettirish va kuchaytirish;
- iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy oʻzgarishlarni yangi bosqichga koʻtarish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, soliq yukini kamaytirish, yuksak texnologiyalar bilan qurollangan tarmoq va ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish;
- oʻrta sinf vakillari – tadbirkorlik, fermerlik harakati va xususiy biznes tuzilmalarining, barcha moddiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini ustun qoʻyish, ularga toʻliq imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish, ularni qoʻllab-quvvatlash;
- iqtisodiyot yuqori surʼatlar bilan rivojlanishini taʼminlash hisobidan xalqimizning real daromadlari va farovonligini oshirish, muhim ijtimoiy dasturlarni hayotimizga muvaffaqiyatli tatbiq etish;
- zamonaviy mehnat bozorini yanada kengaytirish asosida yangi ish oʻrinlari tashkil etish, sogʻliqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish, onalik va bolalikni himoya qilish, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, yordam va koʻmakka muhtoj toifalarga, kam taʼminlangan oilalarga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirishga qaratilgan ijtimoiy himoya siyosatini amalga oshirish;
- kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich oʻtishga erishish;
- hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga doir islohotlarni faol davom ettirish, shu asnoda inson, uning huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat va boylik sifatida jamiyatimiz hayotida asosiy oʻringa qoʻyish, “Inson manfaati har narsadan ulugʻ” degan tamoyilni amalda roʻyobga chiqarish;
- mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy jamiyat qurish yoʻlidagi murakkab va keng koʻlamli vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash;
- “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” degan hayot haqiqatidan kelib chiqqan holda, madaniy va maʼrifiy sohalarda olib borilayotgan ishlarning taʼsiri va samarasini kuchaytirish;
- Jamiyatimizda demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, bu masalaning eng muhim sharti va garovi boʻlgan koʻppartiyaviylik tizimi, fuqarolik institutlari va nodavlat tashkilotlar faoliyatini, ularning huquq va vakolatlarini kuchaytirish, jamiyatimizdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, ommaviy axborot vositalarining tom maʼnoda toʻrtinchi hokimiyat sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan barcha huquqiy va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish;
- sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning zarur tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish boʻyicha boshlangan ishlarning taʼsiri va samarasini kuchaytirish, sud tizimi mustaqilligini taʼminlash;
- “Adolat – qonun ustuvorligida” degan tamoyilni amaliy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarimizni zamon talablari darajasiga koʻtarish yoʻlida yangi, amaliy qadamlar qoʻyish;
- tashqi siyosat sohasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli asosda sherikchilik qilish, yuzaga keladigan har qanday mojaro va muammoni faqat tinch yoʻl bilan, siyosiy va huquqiy vositalar orqali hal etish, uzoq va yaqin qoʻshnilarimiz bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik va totuvlikda yashash tamoyiliga qatʼiy amal qilish;
- yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolar oʻrtasida totuvlik, turli millatlar va diniy konfessiyalararo hamjihatlikni yanada kuchaytirish;
- Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish, milliy armiyamizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini koʻz qorachigʻiday asrash.
Mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirgan Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov 2016-yil 2 centyabr kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016-yil 3-sentyabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi.