Qidirish

19:38 / 2023-03-14 290 0 Dunyo

Turkiyadagi zilzila sayyohlik oqimiga ta’sir ko‘rsatadimi?

6 fevraldan keyin zilziladan halok bo‘lganlar oilasi va jabrdiydalarga hamdardlik maqsadida jahon bo‘ylab sayyohlarning Turkiyaga kelishi qisqardi. Ayni damda Turkiya o‘ziga kelmoqda.

world-news

Shu yilning 6 fevral kuni  Turkiya janubiy-sharqida 9 soatlik farq bilan - 7,7 va 7,6 magnitudaga teng ikkita  zilzila qayd etildi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘oning fikricha, 1939 yildan beri qayd qilingan eng fojiali zilzila bo‘ldi.Yer qimirlashlari mamlakatning o‘nlab viloyatlarida, shuningdek qo‘shni  mamlakatlarda  ham sezildi.

Bu galgi zilzila 1939 yildan beri Turkiya bo‘ylab sharqdan g‘arbga, Shimoliy Onado‘li yorig‘i bo‘ylab harakatlanayotgan 7,0 magnitudali zilzilalar qatoridagi sakkizinchisi bo‘ldi.

Bilamiz, Turkiya turizm mamlakati. Bir yilda  Turkiyaga keladigan sayyohlar soni 50 millionga yaqinlashib qoldi. Mamlakat janubi–sharqida yuz bergan  zilzila Turkiya janubidagi Antaliya, Alaniya yoki Izmir kabi  sayyohlik markazlariga  ta’sir ko‘rsatadimi, degan savol va havotirlarni  uyg‘otdi.          

Deylik, hukumat zilziladan  jabrlanganlarning bir qismi Antaliyadagi mehmonxonalarga joylashtirilishi borasida  ma’lum qildi.

Tahlilchilarning fikricha, Gaziantep shahrida yuz bergan  zilzila  Turkiya  sayyohlik  sohasiga  deyarli salbiy ta’sir  ko‘rsatmaydi. Jabrdiydalar ma’lum vaqt, masalan may oyigacha mehmonxonalarga joylashtiriladi (ularning mehmonxonalarda yashashlari uchun haq xukumat tomonidan qoplanadi).

Antaliyada  sayyohlik mavsumi asosan  iyun-avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar, masalan  Rossiya turoperatorlari Assosiasiyasi zilzila Turkiya kurortlaridagi xizmat ko‘rsatish  sifatiga ta’sir ko‘rsatmasligiga umid qilmoqda.

Assosiasiya ijrochi direktori Maya Lomidzening aytishicha, zilziladan aziyat chekkan mintaqalar rossiyalik sayyohlar orasida mashhur bo‘lmagan.

“Ko‘p yillik tajribamizdan xulosa qilsak bo‘ladiki, tabiiy kataklizmalar nufuzli yo‘nalishlardagi vaziyatni o‘zgartirmaydi”, – deydi “ITM group” turoperatori bosh direktori Konstantin Malkov.

Uning aytishicha, ko‘p yillar mobaynida Turkiya – noyob turistik salohiyat yarata oldi. 

Darhaqiqat, siyosiy inqirozlar (davlat to‘ntarishiga bo‘lgan urinish) ham, pandemiya ham Turkiyaning turistik salohiyatiga deyarli salbiy ta’sir ko‘rsata olmadi.  Tahlilchilarning fikricha, may oyiga qadar Turkiya turistik salohiyatini to‘la tiklay oladi.   

Tan olish kerak, 6 fevraldan keyin zilziladan halok bo‘lganlar oilasi va jabrdiydalarga hamdardlik maqsadida jahon bo‘ylab sayyohlarning Turkiyaga kelishi qisqardi.

Ayni damda Turkiya o‘ziga kelmoqda. Hayot davom etishini turkiyaliklarning o‘zlari yaxshi tushinishadi. Buning ustiga zilzila episentri bo‘lmish Gaziantep shahri turizm markazi sanalmish Alaniyadan  626 km,  Antaliyadan  823 km, Izmirdan 1100 kmdan ziyod uzoqlikda joylashgan.

Jahon mamlakatlarida Turkiyaga sayohat qilishni xush ko‘ruvchilar  soni bilan  qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyada  Antaliya kurortlarini oldindan buyurtma qilish  avvalgi ko‘rsatkichga chiqa boshlagan.

Shu o‘rinda buyurtma haqida qisqacha ma’lumot. Deylik mavsumda  yo‘llanma 1000 (ming) dollarga sotilsa, hozir yo‘llanma narhi 500 (besh yuz) dollar turadi. Rossiyada buyurtmalash zilzilagacha bo‘lgan davrga qaytibdi. Turistik agentlik mutaxassislarining aytishicha, yoz mavsumida Turkiya kurortlari uchun yo‘llanma sotib olganlar o‘z niyatlaridan qaytmoqchi emas. Chunki, yo‘llanmalar arzon bo‘lmasligi aniq.

Xo‘sh, o‘zbekistonliklarning Turkiyada dam olish rejalari qanday? O‘zbekistonliklar avvalgidek, Turkiyaga borib dam oladimi?

Shu masala bo‘yicha qiziqqanimizda, ko‘plab o‘zbekistonliklar Turkiya qayg‘usiga sherik ekanliklarini, hozir ta’tilning mavridi emasligini, dam olishni yoz yaqinlashishi bilan o‘ylab ko‘rishlarini aytishdi.

O‘zbeklar o‘ta ta’sirchan. Turkiya qayg‘usidan hamon o‘zlariga kelmagan. Ammo o‘zaro suhbatlarda o‘zbekistonliklarning Turkiyaga qiziqishi so‘nmaganini ta’kidladilar.

Yuqorida qayd etilgan masalalar bo‘yicha ba’zi savollarimizga javob topish maqsadida “ASIA LUXYe TRAVEL” milliy tur operatori departament raxbari Ikromjon Qosimov bilan suhbat uyushtirdik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “zilzila yuz berganidan so‘ng bir hafta (to‘g‘rirog‘i motam e’lon qilingan kundan to 12 fevralga qadar) Turkiyadagi aksariyat turistik tadbirlar bekor qilindi, aviachipta narxlari qisman arzonlashdi va o‘z navbatida buyurtmalar soni keskin qisqarishi kuzatildi.

Shu sababli, mexmonxonalar narxlari ham o‘z navbatida arzonlashgani kuzatildi, ammo bu xolat yozgi turistik mavsum vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan charter reyslarga salbiy ta’siri bo‘lmaydi degan umiddamiz. O‘zbekistonliklar turkiyalik birodarlarining dardiga sherik ekanliklarni namoyon qildilar.

"Ularni tushunsa bo‘ladi. Ayni damda yo‘llanmalarni buyurtmalash avvalgi holatga asta sekin qaytishi kuzatilmoqda. Ma’lumki, yo‘llanmalarning bir qismi 5-6 oy avval buyurtma qilinadi.

Mavsum iyun oyida boshlanadi. Mavsum boshlangandan to oxiriga qadar Antaliya, Bodrum, Alaniya va Dalaman shaharlariga charter reyslarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan”, - deydi Ikromjon Qosimov.

Izohlar 0

Fikr bildirish