Qidirish

15:29 / 2025-07-11 128 0 Dunyo

Anqara “2026-yil Turk dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilindi

Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Turizm vazirlarining 10-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda TDT Bosh kotibi Kubanichbek Oʻmuraliyev, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, TDTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlardan delegatsiya rahbarlari hamda AK Partiya raisi oʻrinbosari Kurshad Zorlu ishtirok etdi.

world-news

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ochilish nutqida ushbu uchrashuvning mamlakatlar oʻrtasidagi azaliy qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Ersoy mushtarak til, tarix, madaniyat va sivilizatsiya tushunchasi atrofida shakllangan Turk dunyosi mintaqaviy va global miqyosda yanada koʻzga koʻringan va yaxlit bir tuzilishga aylanayotganini taʼkidladi.
“TDT ushbu oʻzgarishlarning institutsional asosini tashkil etar ekan, u bizga hamkorlik va umumiy salohiyatimizni ishga solish uchun bebaho imkoniyatlarni taqdim etadi”, dedi Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

Mehmet Nuri Ersoy TDTga aʼzo davlatlar bilan turizm aloqalari aniq maʼlumotlar bilan mustahkamlanganini taʼkidlab, quyidagi maʼlumotlarga toʻxtalib oʻtdi:

“2025-yilning dastlabki besh oyida Ozarbayjondan 317 ming, Qozogʻistondan 203 ming, Qirgʻizistondan 79 ming, Oʻzbekistondan 215 ming, Vengriyadan 58 ming, Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan 106 ming va butun Turkistondan 70 ming nafar sayyohni qabul qildik. Shu munosabat bilan Turkiyaga koʻrsatgan katta qiziqishingiz uchun barcha qardosh xalqlarimizga va siz, qadrli hamkasblarimga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman”.

“Tarixiy xarobalar kun yuzini koʻrmoqda”

Mehment Nuri Ersoy, shuningdek, vazirlik tomonidan madaniy meros hududlarida turistlar tajribasini boyitish maqsadida amalga oshirilayotgan turli loyihalar bilan oʻrtoqlashdi va tungi muzey amaliyoti boshlanganini eslatdi. Vazir 1-iyundan 1 oktabrgacha tashrif buyuruvchilar Ayasofya masjidi, Galata minorasi, Efes antik shahri, Nemrut va Zeugma mozaika muzeylari kabi 27 ta joyni kechqurunlari ham ziyorat qilishlari mumkinligini maʼlum qildi. Ayasofya va Efesda amalga oshirilgan loyihalarga oʻxshab, yoshlarga raqamli kontent orqali tarixni oʻrgatish uchun raqamli tajriba muzeylari tashkil etganliklarini aytib oʻtdi.

Turkiya turizm boʻyicha dunyoda 4-oʻrinni egalladi

Mehmet Nuri Ersoy, arxeologik qazishmalarning ilmiy samaradorlikni oshirish va mahalliy taraqqiyotga hissa qoʻshayotganini taʼkidladi. Unga koʻra, Gordiondagi 47-tepalikning kashf qilinishi Anqaraning YUNESKO Jahon merosi roʻyxatidagi joyini tanitishida muhim rol oʻynaydi.

BMT Jahon Turizm Tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan 2025-yil may oyi Jahon Turizm Barometriga koʻra, Turkiya 2024-yilda 56,7 million xorijiy sayyohni qabul qilib, dunyoda toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Oʻtgan yilga nisbatan bir pogʻona 5-oʻrindan 4-oʻringa koʻtarilgan Turkiya bu sohada barqaror yuksalishini davom ettirdi.

“Anqarani «2026-yil Turk dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilmoqchimiz»

“Qoʻshma turizm yoʻnalishlari tashkil etish, vizani yengillashtirish, madaniy merosni birgalikda targʻib qilish kabi qadamlar nafaqat mamlakatlarimizni, balki butun Turk dunyosini yanada koʻrimli va jozibador qiladi”,- deydi vazir uchrashuvga mezbonlik qilgan poytaxt Anqaraning tarixiy va madaniy boyligiga eʼtibor qaratib.

Vazir Anqaraning Saljuqiylar davridan Usmonlilar va Jumhuriyat davrigacha boʻlgan chuqur ildizlarga ega tarixi bilan muhim sivilizatsiya markazi ekanligiga toʻxtaldi va shunday dedi: “Bularni inobatga olgan holda TDT huzurida Anqarani 2026-yil uchun «Turk dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilmoqchi ekanligimizni mamnuniyat bilan bildirmoqchiman. Bu unvon Anqaraning madaniy diplomatiyadagi qudratini kuchaytirishiga va Turk dunyosidagi madaniy turizmga yangi turtki berishiga ishonaman».

“Turkiya turizm boʻyicha dunyo yetakchisi”

TDT Bosh kotibi Kubanichbek Oʻmuraliyev ham Turkiyaning turizm boʻyicha dunyo yetakchisi ekanini taʼkidladi. Oʻmuraliyev 2014-yilda Bodrumda boʻlib oʻtgan sammitdan buyon TDT tarixiy, madaniy va geografik boyliklarni umumiy kuchga aylantirish uchun katta saʼy-harakatlar qilganini taʼkidladi. Bugungi kunda TDT tomonidan amalga oshirilayotgan strategik va istiqbolli tashabbuslarda bu bogʻliqlik ruhi yashayotganini qoʻshimcha qildi:

“Bu qadimiy yoʻl savdo tarmogʻidan ham koʻra koʻproq Sharq va Gʻarbni murakkab hamkorlik tarmogʻida bogʻlovchi gʻoyalar, axborot va madaniyat almashinuvi kanali edi”. Yigʻilish Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan Anqaraning 2026-yil “Turk dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilinishi bilan yakunlandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish