Qidirish

20:06 / 2025-07-15 126 0 Dunyo

Antaliya sohillarida halokatga uchragan 2000-yillik kemadan noyob tarixiy ashyolar topildi

Antaliya qirgʻoqlaridan soʻnggi ellinistik-ilk Rim davriga oid juda yaxshi saqlangan kema qoldiqlari topildi.

world-news

Kumluja tumanidagi Adrasan yaqinida 33-46 metr chuqurlikdan topilgan kema qoldiqlari mutaxassislar tomonidan jahon suv osti arxeologiyasidagi yangi kashfiyot sifatida baholanmoqda. Uning sopol idishlar, kosalar va tovoqlardan iborat yuki 2000-yil davomida suv ostida qolganiga qaramay, deyarli oʻz holatini yoʻqotmagan.

Halokatga uchragan “Keramik kema” oʻsha davrda Oʻrta yer dengizida keng ishlab chiqarilgan yuzlab sharqiy sigillata sopol buyumlari, yuqori sifatli qizil sirli idish-tovoqlar tashigan. Ushbu kashfiyot, taxminan 25 xil dizaynga ega boʻlgan, nihoyatda mustahkam keramika idishlari bilan ilmiy jamoatchilikni hayratda qoldirdi. Keramikalar tashish paytida himoya qiluvchi qatlam sifatida ehtiyotkorlik bilan loy bilan qoplangan va ustma-ust joylashtirilgan. Ushbu qadimiy texnika 2 ming yil oʻtib ham qum qatlamlari ostida deyarli mukammal holatda saqlanishiga yordam berdi. Keramika qoldiqlari oʻzining gʻayrioddiy saqlanganligi bilan dunyoda noyob va yagona hisoblanadi.

“Tovoq va kosalar asl ranglari va yuzaki tuzilishlari bilan bugungi kungacha saqlanib qolgan boʻlib, bu 2 ming yil oldingi ishlab chiqarish hamda qadoqlash texnikalari haqida qimmatli maʼlumotlarni taqdim etmoqda”,- dedi kemani koʻzdan kechirish uchun suvga maxsus shoʻngʻigan Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy. U qoldiqlarni “nafaqat Turkiya uchun, balki butun dunyoning umumiy madaniy merosi uchun ulkan ahamiyatga ega boʻlgan kashfiyot” deb baholadi va hozirda asarlar Hududiy restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasida ehtiyotkorlik bilan saqlanayotganini taʼkidladi.

Suv osti tarixini namoyish qiluvchi yangi muzey

Ushbu noyob kashfiyotni butun dunyo bilan baham koʻrish maqsadida Turkiya, oldin eʼlon qilinganidek, Kemer-Idiros hududida maxsus Akdeniz suosti arxeologiya muzeyini barpo etadi. Vazir Ersoyning soʻzlariga koʻra, bu muzey Turkiyaning madaniy barqarorlikka oid kelajakka yoʻnaltirilgan vizyonini aks ettiradi. Dizayn bosqichi yakunlandi va qurilishi joriy oyda boshlanishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Antaliya arxeologiya muzeyi “Tungi muzeylar” loyihasi doirasida bu yoz soat 22:00 gacha ochiq boʻladi. Muzeyning bir qismi suv osti arxeologiyasiga bagʻishlanadi.

Madaniy merosni muhofaza qilish majburiyatini olgan Turkiya soʻnggi vaqtlarda arxeologiya sohasida jahon yetakchisiga aylandi. Mamlakat 2024-yilni “Kelajak uchun meros” loyihasi doirasida “Arxeologiyaning oltin davri” deb eʼlon qildi, bu loyiha butun mamlakat boʻylab toʻrt fasl davomida arxeologik tadqiqotlarni kengaytiradi. Ushbu tashabbus doirasida oʻtgan yili qazish ishlarining soni 765 taga yetgan boʻlsa, 2026-yilga kelib bu koʻrsatkichni 800 taga yetkazishni maqsad qilmoqda.

Ham ilmiy, ham turizm nuqtayi nazaridan muhim kashfiyotlar

Turkiyaning madaniy merosini muhofaza qilishga qaratilgan ushbu keng qamrovli vizyon dengiz ostida ham yoʻlga qoʻyilib, Turkiyani suv osti arxeologiyasida kashshofga aylantirmoqda. 2025-yildan boshlab Turkiya prezident farmoni bilan toʻrtta qazish ishlari, uchta muzey boshchiligidagi suv osti qazishmalari va uchta qoʻshimcha suv osti tadqiqot missiyasini yoʻlga qoʻyish orqali dengiz arxeologiyasiga tizimli va barqaror yondashuvini mustahkamladi. Vazir Ersoy, “Birgina Pataradan Mersingacha boʻlgan yoʻlni oʻzida 400 dan ortiq kema halokati aniqlandi. Olimlarimiz bu joylarda shiddat bilan tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Bu kashfiyotlar nafaqat ilmiy nuqtayi nazardan muhim, balki turizm uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi”, dedi.

Har bir kema qoldigʻi Turkiyaning dengizchilik tarixiga yangicha nuqtayi nazar taqdim etadi. Suv osti arxeologiyasi va boy tabiiy shoʻngʻish maydonlarining uygʻunligi Turkiyani dengiz tadqiqotlari boʻyicha global markazga aylantirmoqda. Xususan, Egey dengizi sohillari va Turk Riviyerasi yil davomida qulay suv harorati, yuzlab sertifikatlangan shoʻngʻish markazlari va tajribali murabbiylari bilan gʻavvoslarni oʻziga jalb qiladi.

Dunyoning eng yaxshi 10 shoʻngʻish maskanlari qatoriga kiruvchi Antalyaning Kash shahri, Egey va Oʻrta yer dengizining tutashgan nuqtasi boʻlgan Mugʻlaning Fethiye va Bodrum shaharlari, Gelibolu tarixiy suv osti parkiga mezbonlik qilayotgan Chanakkale – ushbu sohillar eng jonli shoʻngʻish maskanlari sifatida ajralib turadi. Bodrum suv osti arxeologiyasi muzeyi kabi muassasalar ham suv ostidagi kashfiyotlarni Turkiya jamoatchiligi bilan baham koʻrishda muhim rol oʻynaydi.

Izohlar 0

Fikr bildirish