Qidirish

11:08 / 2025-07-21 151 0 Dunyo

Turk Riviyerasining “jonli” shaharlari haqida eshitganmisiz?

Turk Riviyerasi Oʻrta yer dengizidagi eng jozibali manzillardan biridir. Ushbu moʻjizaviy yoʻnalish hayratomuz manzaralari bilan sarguzashtga boy sayohat istaganlar uchun ajoyib imkoniyatdir.

world-news

Kashdan Alaniya boʻylab sayohat sayyohlarga boy tarix, betakror tabiiy goʻzallik va madaniy rang-baranglikni tuhfa etadi. 1 000 kilometrdan ortiq uzunlikdagi qirgʻoq chizigʻining har bir burilishida sizni yashirin qoʻltiqlar, toza plyajlar, qadimiy moʻjizalar va maftunkor dengiz boʻyidagi shaharchalar kutib oladi. Suv sportlari, parashyutda uchish, golf kabi mashgʻulotlar, Oʻrta yer dengizining ajoyib taomlari, hashamatli mehmonxonalar va sogʻlom turmush tarzini ragʻbatlantiruvchi tajribalari bilan bu sayohat chinakam ertakka aylanadi.

Qadimiy moʻjizalar bilan Oʻrta yer dengizi jozibasini his qiling

Sohil boʻyidagi sarguzashtni boshlash uchun ikkita qulay aeroportdan birini tanlash mumkin: Antaliya yoki Dalaman. Har ikki aeroportda ham avtomobil ijarasi imkoniyatlari mavjud. Birinchi manzil — Kash boʻlib, bu qishloqning jozibasini ajoyib tabiiy landshaftlar bilan uygʻunlashtirgan sohil boʻyidagi tinch shaharcha. Uning toshli yoʻlaklari, bugenvilliya bilan qoplangan oq uylari, “Yevropaning eng yaxshi 40 plyajlari” qatoriga kiritilgan Kaputash kabi toza plyajlari va Xanthos, Patara va Myra kabi qadimiy Likiya xarobalari shaharning koʻrkiga koʻrk qoʻshadi. Bu, shuningdek, musaffo tabiati, jonli dengiz hayoti va qiziqarli kema halokatlari bilan dunyodagi eng yaxshi oʻnta shoʻngʻish joylaridan biridir. Kashdan taxminan bir soatlik masofada Kekova oroli joylashgan boʻlib, suv ostidagi qadimiy shahar qoldiqlariga ega. Bu yodgorliklarni tomosha qilishning eng yaxshi usuli esa — dengiz qayiqlarida ekskursiya qilish.

Sharqqa tomon taxminan 40 daqiqalik masofada qadimiy Myra (bugungi Demre) shahri joylashgan boʻlib, u yerda Santa-Klausga ilhom manbai boʻlgan tarixiy Aziz Nikolay cherkovi mavjud. Shuningdek, qoyatoshlarga oʻyilgan ajoyib Likya qabristonlarini ham koʻrish mumkin. Taxminan ikki soatlik yoʻldan keyin maftunkor xarobalar va yam-yashil Olimpos plyaji kutib oladi. Olimposdan biroz narida joylashgan Chirali esa caretta-caretta toshbaqalarining uyasi joylashgan uzun plyaji va togʻ yonbagʻrida yonib turgan abadiy olovi — Chimaera (Yanartaş) bilan mashhur. Yoʻl-yoʻlakay unutilmas onlar muhrlashning yagona yoʻli bu- bir vaqtlar Rim porti sifatida gullab-yashnagan romantik Phaselisda va shoʻngʻish yoki dengizda uchish uchun eng ideal markaz boʻlgan Kemerda toʻxtab oʻtishdir. Shuningdek, qirgʻoq boʻylab joylashgan ulugʻvor Tahtali togʻidagi teleferik sayohati dengizga qaragan eng baland choʻqqilardan biriga olib boradi.

Shaharning eski qismidagi tarix qatlamlari

Taxminan 45 daqiqalik manzarali yoʻldan soʻng dinamik madaniyat markazi boʻlgan Antaliya chiqadi. Bu yerda Rim, Vizantiya, Saljuqiylar va Usmoniylar davrlariga oid qadimiy devorlar, Rim imperatori Hadrian sharafiga qurilgan darvoza, tashqarisida esa Usmoniylar zamoniga oid tarixiy saroylar joylashgan. Bu hududning janubida tarixiy Rim bandargohi joylashgan boʻlib, u yerda anʼanaviy qayiqlar suvda suzib yuradi. Bu yerda dengiz boʻyidagi restoranlardan birida baliq, chigʻanoqli molyuskalar, sakkizoyoq, kalamar va qisqichbaqa kabi yangi ovlangan dengiz mahsulotlaridan tatib koʻrish mumkin.

Koʻproq koʻring, koʻproq his qiling

Sharqqa qarab harakatni davom ettiring — bu yoʻl sizni qadimgi dengiz mintaqasi Pamfiliya sivilizatsiyasining boy merosi sari olib boradi. Safarning taxminan 30-daqiqasida Rim davridan yaxshi saqlanib qolgan xarobalari bilan mashhur Perge shahri kutib oladi. Undan 40 daqiqa narida esa Aspendos shahri joylashgan boʻlib, u Rim muhandislik sanʼatining durdonasi sanalgan suv quvurlari va ajoyib teatr majmuasi bilan barchani lol qoldiradi. Bu ikki shahar oraligʻida joylashgan Belek — yam-yashil golf maydonlari va Moviy bayroq mukofotiga sazovor plyajlari bilan ajralib turadi. Keyingi bekat esa — Side shahri, u yerda qadimiy tarix va sohil jozibasi birlashadi. Suv boʻyida joylashgan Apollon ibodatxonasi, ayniqsa, betakror quyosh botishi manzarasi bilan hayratda qoldiradi. Aspendos va Side shaharlari yoz oylarida “Tungi muzey” loyihasi doirasida kechki 22:00 gacha ochiq boʻlib, maxsus yoritgichlar taʼsirida tamoman boshqa tusga kiradi. Bir soatlik yoʻldan soʻng, Injequm kabi moviy bayroqli plyajlar va Damlatash gʻori kabi tabiiy goʻzalliklarga burkangan Alaniyada shaharning qolgan qismini kashf etish mumkin.

Izohlar 0

Fikr bildirish