Qidirish

02:24 / 2022-01-15 71 0 Maqolalar

Aldangan Prezident yoxud koʻzga tashlangan koʻzboʻyamachiliklar haqida...

world-news

Koʻzboʻyamachilik holatlarini afsuski yot tushuncha deyolmaymiz. 2018-yil 28-29-yanvar kunlari prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida boʻlgan edi. Davlat rahbari oʻz safarini yakunlab poytaxtga qaytganidan soʻng, viloyatda bir kunlik issiqxonalar bilan prezidentga koʻzboʻyamachilik qilinganligi oydinlashib qolgandi. Qayd etish kerakki, viloyat boʻylab bunday issiqxonalar bir qancha joyda qurilganligi ijtimoiy tarmoqlar hamda rasmiy saytlarda juda keng muhokamalarga sabab boʻlgan.

Bu ham kamdek, 2020-yil noyabr oyida yana xuddi oʻsha Qashqadaryoda sargʻayib qolgan chimlar yashil rangga boʻyab chiqilayotganligi aks etgan rasm tarqaldi. Ushbu tomoshalar Oʻzbekiston prezidentining viloyatga tashrifi uchun “ideal manzara” qiyofasida oʻylangan reja boʻlganmi yoki... Xullas, sharh berishga qiynaladi odam. Bunday misollarni keltiraversak, chiqaverishiga shubha yoʻq.

“YASHIL MAKON” umummilliy harakati xavf ostidami?

Endi asosiy mavzuga toʻxtalaman. 2021-yilning 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy harakatini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 mln. tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish belgilandi. Bunday keng koʻlamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlardagi yashil maydonlar hududi hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshiriladi.

Afsus bilan shuni aytish kerakki, “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan mutasaddilar uchradi. Yaʼni, “Yashil makon” loyihasi ham koʻzboʻyamachilikdan holi boʻlmadi. 2021-yilning 26-noyabr kuni Namangan viloyatining Pop tumanidagi Sang qishlogʻida koʻchat ekish bilan bogʻliq tarqalgan videolavha qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Lavhada koʻrsatilishicha, Pop tumani boʻylab olib borilgan koʻchat ekish ishlarida “Bogʻ koʻcha” mahallasi mutasaddilari prezident ilgari surgan hayrli ishga qoʻl siltagan.

Vazifasiga “yuzsizlarcha” yondashgan MFY raisi, raisning obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda ushbu hududga bogʻlangan tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi masʼul xodimi egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Shuningdek, mahallada olib borilgan koʻchat ekish ishlarini nazoratga olmaganligi uchun tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻiga hayfsan eʼlon qilindi.

Xohlaymizmi yoʻqmi, bundan buyogʻiga yildan-yilga organizmimizda pasayish holatlari kuzatilaveradi. Sababi, ekologik muhitning yomonligi. Har yili kasalliklarga qarshi emlanish odatiy holga aylanishi mumkin. TOSHKENT ulkan harflar bilan alohida ataladi. Chunki, yirik qurilishlar hisobiga son-sanoqsiz daraxtlar kesilib ketdi. Afsuski, oʻn yillar davomida unib-oʻsganlarining oʻrni yetarlicha qoplanmadi. Qoplansa ham ular yana oʻsha darajaga yetgunicha oʻn yil kerak boʻladi. Daraxt koʻkartirishning oʻzi muammo. Vaziyat esa havas qiladigan darajada emas.

Mana yaqindagina kuzatilgan chang boʻronlari, “loyli yomgʻir”, ifloslangan qorni olaylik. Keksalar yarim asrdan buyon bunday holat kuzatilmaganligini taʼkidlashdi. Oʻsha kunlari nafas olish qiyinlashishi natijasida yuzlab fuqarolar shifoxonalarga murojaat qilgan. Biz shuncha vaqt tabiatni ayamadik. Bu hali ham davom etyapti. Taassufki, endi u javob qaytarayotganga oʻxshaydi. Qaytar dunyo degani shu boʻladi. Ammo ona tabiat oʻz zarbasi ogʻir boʻlishini ilk belgilaridanoq koʻrsatib qoʻydi. Buni tasavvur qilishning oʻzi dahshat.

Butun insoniyat javob berishga majbur. Juda kech boʻlmadi. Lekin kech boʻlishiga oz qoldi. Bu ham kamdek poytaxtda kasallikka tez chalinish xavfi yuqori va oddiy grippning ham tuzalishi oʻta sekin. Viloyatlarda yiliga bir marta kasal boʻlgan odam mamlakatning bosh shahriga kelsa, bu hol 5 marotabalab kuzatiladi. Afsus. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi 2021-yil davomida qancha daraxt ekilganligi va eng muhimi ularning qanchasi koʻkarib ketganligi toʻgʻrisida AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida xalqqa ochiq hisobotlarini taqdim etolmadi.

Prezident Mirziyoyev yoʻq qilingan daraxtlar oʻrnini iloji boricha tezroq qoplash kerakligini hayot-mamot masalasi sifatida kun tartibidan tushurmayotgan bir paytda loqaydlikdan salgina tiyilish vaqti keldi deb oʻylaymiz. Axir, nihollarni QADAB tashlayvergan bilan uni PARVALISHLASH degan joyi ham bor qadrli – qadrlilar…

Shavkat Mirziyoyev bekorga “Yashil makon” umummilliy harakatiga start bermadi. “Koʻzboʻyamachilik”ka yoʻl qoʻyib, faqat rasmiyatchilik uchun fotolar toʻplab hisobot berayotganlar, bir YAXSHILAB oʻylab koʻringlar: FAQATGINA PREZIDENTNI ALDAMAYAPSIZ. SIZDAN KEYIN BOLANGIZ HAM YASHAYDI!

Izohlar 0

Fikr bildirish