Qidirish

11:18 / 2023-03-11 247 0 Maqolalar

Turk sanʼatshunosi va kolleksioneri oʻzbek ikatiga mehr qoʻyib, butun dunyoni qanday hayratga soldi?

Oʻzbekiston Madaniy merosni oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon kolleksiyalarida” turkumining noyob, rang-barang nashrini chiqarishga hozirlanmoqda.

world-news

Rasmli kitob-albom mashhur kolleksioner Mehmet Chetinkaya tomonidan uzoq yillar davomida toʻplangan noyob toʻqimachilik kolleksiyasiga bagʻishlangan.

Mehmet Chetinkaya - turkiyalik kolleksioner, islomiy toʻqimachilikni oʻrganishga qoʻshgan hissasi uchun Jozef V. Makmallan mukofoti sovrindori, “99 Ikat Chapans / The Mehmet Çetinkaya Collectıons” (2007) katalogi muallifi. Aynan shu kitob oʻzbek ikatiga muhabbat izhoriga aylandi.

Kolleksioner, sanʼatshunos olim oʻzbek madaniyati bilan ilk bora 1992-yilda, Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida tanishganini aytadi. Rassom sifatida yurtimizdagi qadimiy shaharlarning ulugʻvorligi, meʼmorchiligi uni hayratga solgan. Ajablanarlisi shundaki, kolleksioner ikat bilan bundan ikki yil avval, San-Fransiskoda oʻtkazilgan 5-Xalqaro Sharq gilamlari konferensiyasi (ICOC) munosabati bilan AQSHga qilgan safari chogʻida tanishgan.

Aynan oʻsha erda Mehmet Chetinkayada abr matolariga nisbatan muhabbat uygʻondi va bu mehr shu kunga qadar davom etib kelmoqda.

– Men bu matolardan tikilgan kiyimlar – chopon va hokazolarni – Istanbul bozorida Markaziy Osiyo toʻqimachilik namunalari paydo boʻla boshlagan paytdan boshlab, yaʼni 1992-yildan buyon yigʻa boshladim. 1992-2004-yillar orasida Istanbul bozori juda faol edi. Mazkur yillar men uchun ham sermazmun boʻldi, chunki ular Markaziy Osiyo xalqlariga oid milliy libos namunalarini toʻplash uchun ajoyib imkon berdi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Ulkan kolleksiyamni yaratishda boshimdan oʻtgan koʻplab qiziqarli voqealar va xotiralar har bir buyumga oʻzgacha joziba bagʻishladi”, – deydi kolleksiyachi.

Mehmet Chetinkaya oʻzbek ikati butun dunyoni hayratga solishiga erishdi. 2007-yilda oʻtkazilgan “Istanbul (ICOC) konferensiyasi doirasida Turk va islom sanʼati muzeyida tashkil qilingan “99 Ikat Chapans / The Mehmet Çetinkaya Collectıons”, koʻrgazmasida oʻzbek choponlari toʻplami dunyoga mashhur mutaxassislar va toʻqimachilik sohasi mutaxassislarini maftun qildi.

“Ularning hech biri oʻzbek ipak matolarining rang-barangligi va chiroyidan hayratini yashira olmadi”,– deya sharhlaydi Mehmet Chetinkaya.

Uning kolleksiyasi asosini chopon, toʻn, yaxtak, ezor-poncha, paranji, kaltacha, mursak, kamzul, kurta kabi kiyim-kechak namunalari tashkil etadi. Bu betakror namunalar goʻzallik va nafosat, ranglarning boyligi, noyob rang uygʻunligi va mehnatining nozik mahorati bilan ajralib turadi.

Butunjahon madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish jamiyati tomonidan nashr etiladigan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon kolleksiyalarida” nomli yangi kitob albomga abr matolaridan 100 ga yaqin kiyim-kechak namunalari kiritiladi. Ayni paytda kitob uchun material yigʻish ishlari olib borilmoqda.

– Uzoq yillardan beri toʻplaganim - oʻzbek ikati toʻplamining alohida kitob holida taqdim etilishi men uchun katta sharaf va gʻururdir, u haqdgai kitob ham oʻziga oʻxshab goʻzal, yorqin va rang-barang boʻladi. Minglab odamlarni oʻzbek toʻqimachiligining beqiyos namunalari bilan tanishtirishning kitob nashr etishdan boshqa yoʻlini oʻylab topish qiyin. Bunday tashabbus uchun Jahon jamiyatidan behad minnatdorman”,  deydi kolleksiyachi Mehmet Chetinkaya.

– Oʻzbek sanʼatining ajoyib namunalari nafaqat kutubxona va muzeylarda, balki butun dunyoda saqlanmoqda. Haqiqiy asarlar, qimmatbaho olmoslar koʻpincha shaxsiy kolleksiyalardan topiladi. Mehmet Chetinkayaning toʻplami esa buning yorqin namunasidir. Shu bois kitob-albom nashr etib, odamlarga mazkur sanʼatning ajoyib goʻzalliklarini koʻrsatishga qaror qildik”, — dedi Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va targʻib qilish boʻyicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.

“Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” loyihasining bosh homiysi Eriell Group neft-servis kompaniyasi ekanligini qayd etib oʻtamiz.

Kitob “Oʻzbekistonning madaniy boyliklari jahon toʻplamlarida” nomli loyihani amalga oshirishga qoʻshilgan yana bir muhim hissa boʻladiki, bu toʻplamning Bosh homiysi ERIELLGroup kompaniyasi hisoblanadi. 

2018-yildan buyon ERIELL guruhi Boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashining raisi lavozimida ishlab kelmoqda. Mazkur yoʻnalishda tadqiqotlar va hamkorlik yoʻnalishidagi qoʻshgan hissasi uchun 2022-yilda u Parijdagi AvicenniaInternationalPrize xalqaro mukofotiga sazovor boʻldi.  

Izohlar 0

Fikr bildirish