Qidirish

20:08 / 2023-03-09 340 0 Biznes

“Qalbimni eʼtibor, gʻurur, hech bir ganj bilan uzib boʻlmaydigan minnatdorlik hissi oʻrtamoqda” – “Abdulla Oripov” badiiy filmining maxsus namoyishi boʻlib oʻtdi

Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan yaratilgan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri, davlat madhiyasi matni muallifi Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning maxsus namoyishi oʻtkazildi. Unda shoirning farzandlari, Agentlik rahbariyati, OAV vakillari, kinoijodkorlar va mutaxassislar ishtirok etishdi.

world-news

Qayd etilishicha, “Abdulla Oripov” filmi nafaqat shoirning oila aʼzolari bilan balki, oʻzbek adabiyotining koʻzga koʻringan yetuk namoyondalari, jumladan, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo kabi mutaxassislarning taklif va mulohazalari ostida ishlangan.

Film namoyishga kelganlarda iliq va ijobiy taassurot qoldirdi. Ayniqsa, taqdimotda qatnashgan Abdulla Oripovning farzandlari va nabiralari filmdan taʼsirlanib, koʻz yoshlarini yashira olishmadi. Namoyishdan soʻng oʻtkazilgan muhokamada kinoshunoslar, jurnalist va jamoat faollarining kartina boʻyicha tahliliy-tanqidiy mulohazalari hamda turli taklif va tavsiyalari bildirilgan.

Taqdimotda shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyevaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va film yaralishida oʻz hissasini qoʻshgan barchaga yoʻllangan tashakkurnomasi oʻqib eshittirildi:

 Abdulla aka haqida badiiy film suratga olinishi haqidagi qarorni oʻqiganimdan buyon koʻnglimda kechayotgan tuygʻularim(hayajon, iztirob, faxr va minnatdorlik) ni soʻz bilan ifodalay olmayman. Butun umringizni qayta koʻrish hayajoni, sogʻinch va diydor iztirobi, kamdan-kam odamga nasib etadigan eʼtibor, gʻurur, hech bir ganj bilan uzib boʻlmaydigan minnatdorlik hissi oʻrtamoqda qalbimni.

Buning uchun Prezidentga va shu ishda bosh-qosh boʻlgan Kinematografiya agentligi rahbariyatiga, filmni sahnalashtirishda sidqidildan mehnat qilgan ijodiy jamoaga, barcha ijrochi aktyor va aktrisalarga oilamiz nomidan minnatdorlik izhor qilamiz.

Filmni tasvirga olish jarayonida shaxsan ishtirok etdim. Film tayyor boʻlgach, uning ilk tomoshabini ham bizning oilamiz boʻldi va u barchamizga maʼqul keldi. Filmdagi voqealar shoirning bolaligi, talabalik yillari, toʻy va boshqa ijodiy jarayonlar, Abdulla akaning soʻnggi yillari haqidagi sahnalar boʻlgan voqealar asosida, oila aʼzolarimiz bilan bamaslahat holda aks ettirilgan.

Filmda Abdulla Oripovning Qashqadaryo viloyati Koson tumani Nekoʻz qishlogʻida oʻtgan va ijodga ilk qadam qoʻygan bolalik yillari, Toshkent shahrida oʻtkazgan talabalik davrlari, ijod namunalarining ilk nashri, uning shoir boʻlib shakllanishidagi hissiyotlari va tuygʻulari, shoirga xos sevgisi, mashhurlikning kelishi va Amerikada oʻtgan soʻnggi yillari ochib beriladi.

— Xabaringiz bor keyingi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan milliy kinematografiyani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yildan-yilga milliy kino mahsulotlarimiz soni va sifati ham ortib bormoqda. 2017-yilda agentlik buyurtmasiga binoan 23 ta film yaratilgan boʻlsa, 2022-yil davomida 158 ta badiiy va hujjatli filmlar ishlab chiqarildi.

Ayni paytda tarixiy va zamonaviy mavzularda oʻnlab filmlar ishlab chiqarish jarayonida turibdi. Yana bir yirik loyiha, Abdulla Oripovdek oʻzbek adabiyotining yetuk namoyondasi haqida badiiy film yaratish ham ulkan faxr, ham katta masʼuliyatdir. Kinoijodkorlarga yaratilayotgan sharoitlar hamda mana shunday masʼuliyatli va yirik loyihalarni ishonib topshirayotgani uchun hurmatli Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz, — dedi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Namoyishda soʻzga chiqqan shoirning qizi Shoira Oripova otasi haqidagi film oila aʼzolari bilan birgalikda maslahat qilib ishlangani uni xursand qilganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, soʻzga chiqqan boshqa kinoijodkorlar ham film haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi.

 Prezident oʻtgan yil Qashqadaryoga qilgan tashrifi davomida “Film samimiy boʻlsin. Abdulla akaning Toshkentga borgani, qiyinchiliklar koʻrgani, shunga qaramay ijodidan chekinmagani koʻrsatib berilishi kerak” degan fikrni ilgari surgan edilar. Bu biz uchun filmning yoʻnalishini aniq belgilab beruvchi gʻoyalar edi. Filmda Abdulla Oripovning salmoqli hayoti va ijodi, bolalik, oʻsmirlik, qarilik davrlari gavdalangan.

Filmni koʻrgan tomoshabin shoir haqida koʻp narsani bilib olishi mumkin. Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqni imkon darajasida xalqimizga manzur boʻladigan kinokartina sifatida yaratishga harakat qildik. Abdulla Oripovning adabiy va madaniy merosini yanada mustahkamlash yoʻlida oldinda yana bir qator maqsadlarimiz bor. Jumladan, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Abdulla Oripov haqida milliy kinoserial yaratishni ham rejalashtirganmiz, - dedi film rejissyori Muzaffarxon Erkinov.

Maʼlumot oʻrnida, filmning tasvirga olish ishlari Qashqardaryo viloyatining Nekoʻz qishlogʻida, Toshkent shahrida, Toshkent viloyatining Yangiobod shaharchasida hamda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilgan.

Filmda bosh rollarni “Doʻstlik" ordeni sohibi, Abdulla Oripovning shogirdi, shoir Shodmonqul Salom va mahoratli aktrisa Rayhon Asadova ijro qilgan. Shuningdek, Abdulla Oripovning keksalik davrini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Hanifa Mustafoyeva rolini esa Oʻzbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro qilgan.

Film postanovkachi rejissyori Muzaffarxon Erkinov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov, film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov.

Izohlar 0

Fikr bildirish