Qidirish

01:28 / 2023-02-28 451 0 Sport

“Yoʻl tanlamaslar jangi” — Toshkentda “Jeep sprint” musobaqasi boʻlib oʻtdi

Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Avto-moto turizm assotsiatsiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

world-news

26-fevral kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Oqsoqotasoy hududida “Jeep sprint” xalqaro musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash lozimki, musobaqada 50 dan ziyod professional va 20 ga yaqin havaskor, xususan, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston kabi davlatlardan kelgan ishtirokchilar oʻzlarining musobaqa uchun maxsus tayyorlangan transport vositalarida ishtirok etishdi.

Ular “AVT” (kvadratsikllar) yoʻnalishida, yoʻl tanlamas avtomobillar boʻyicha “Light” yoʻnalishida va yoʻl tanlamas avtomobillar boʻyicha “Extreme” yoʻnalishida gʻoliblik uchun kurash olib borishdi.

Biz bu musobaqada faqat sovrin uchun qatnashganimiz yoʻq. Sababi, “Jeep sprint” poygalari kutilmagan voqealarga, tavakkalga boy. Bugungi bahs ham biz uchun qiziqarli oʻtdi. Gʻolib boʻlish oson kechgani yoʻq.

Bunday musobaqalarda avval ham qatnashganman. Oʻtgan safar uchinchi oʻrinni olgandik, bu gal esa qiyinroq boʻlsada, birinchi oʻrinni egalladik”, — dedi “Gynesis” jamoasi haydovchisi Dmitriy Fesenko.

Maʼlumot uchun, Dmitriy Fesenko yoʻltanlamas avtomobillar boʻyicha “Light” yoʻnalishida sherigi Timur Yarullin bilan birga marraga birinchi boʻlib yetib keldi.

Musobaqa yakuniga koʻra “AVT” (kvadratsikllar) yoʻnalishida “Stels” jamoasi 1 oʻrinni, “Tovoqsoy” jamoasi 2 oʻrinni, “The Best Chust” jamoasi esa 3 oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Yoʻl tanlamas avtomobillar boʻyicha “Light” yoʻnalishida esa 1-oʻrin “Gynesis” jamoasiga, 2-oʻrin “Jazz” jamoasiga, 3-oʻrin esa “GCC” jamoasiga nasib qildi.

Shuningdek, yoʻl tanlamas avtomobillar boʻyicha “Extreme” yoʻnalishida 1-oʻringa “Fortuna» jamoasi, 2-oʻringa “The Best Chust” jamoasi, 3-oʻringa esa “KIP” jamoasi munosib koʻrildi. Gʻoliblarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan noanʼanaviy kuboklar, diplomlar, qimmatbaho va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Qolaversa, musobaqada faol ishtirok etgan ishtirokchilarga turli nominatsiyalar boʻyicha kubok va mukofotlar ham taqdim etildi.

Qayd etish joizki, ushbu musobaqani tashkil etishdan maqsad mamlakatda avtomobil va mototsikl, kvadratsikl turizmi, off-road turizmi (jeeping), karavaning va oilaviy sayohatlar hamda ekoturizm turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish, avto-moto turizm yoʻnalishida turistlarga xizmat qilayotgan tadbirkorlar muammolar va takliflarini oʻrganish, mamlakatga tashrif buyurayotgan avto-moto turistlarning huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, mamlakatning turizm imijini yanada oshirish, avto-mototurizmni yangi turizm yoʻnalishi sifatida rivojlantirishdir.

Izohlar 0

Fikr bildirish