Qidirish

21:48 / 2023-02-13 40791 0 Maqolalar

“Prezidentning koʻrinmas sotqinlari bor” — Qodir Quliyev bilan maxsus intervyu

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro ekspert Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi aniq strategiya yoʻqligini maʼlum qildi.

world-news

Korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish.

Koʻplab mamlakatlar ushbu illatga qarshi koʻp yillar davomida kurashib kelayotgani, ayrimlari esa korrupsiyaga yoʻl qoʻygan shaxslarni oʻlimga hukm qilayotgani ham sir emas. Ammo bu illat kamayishning oʻrniga, koʻpayib bormoqda. Xususan Oʻzbekiston bundan mustasno emas.

Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi qanday kurashish kerak? Uning ildizini quritishning iloji bormi? Oʻlim jazosini qaytarsa korrupsionerlar kamayadimi?

Aynan ushbu savollarga BMT huzuridagi Korrupsiyaga Qarshi Kurashish Akademiyasi bitiruvchisi, hozirda ushbu yoʻnalish boʻyicha Yevropadagi nufuzli universitetlarda dars berayotgan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro ekspert Qodir Quliyev javob berdi.

1. Oʻzbekiston “Transperency International” tashkilotining «Korrupsiyani qabul qilish indeksi”da 2022-yil natijalariga koʻra, 180 ta davlat orasida 126 oʻrinni egalladi. Statistikaga koʻra, bu yilgi reytingda Oʻzbekiston 31 ball olgan, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan 5 ballga yuqori. Aytingchi Oʻzbekiston yuqorilagani bu yutuqmi yoki salbiy natija?

Prezidentimiz sharofati bilan soʻnggi yarim oʻn yillikda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha koʻplab muhim islohotlar amalga oshirildi.

Mamlakatdagi umumiy ssenariy ijobiy, chunki biz korrupsiyani kamaytirish uchun biznes, fuqarolik jamiyati va hukumat tomonidan ijobiy kuchlar borligini koʻrmoqdamiz.

Biroq, Oʻzbekiston haqiqatan ham boshqa mamlakatlarga qaraganda koʻproq korrupsiyalashgan yoki yoʻqligini bilish uchun, afsus, bir necha sabablarga koʻra QQI indeksining yordami kam.

Eng asosiy sabablarini aytib oʻtaman:

Birinchidan, biz korrupsiya nimadan iborat ekanligi haqida bitta kelishuvga kelolmayapmiz.

Hatto Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasida ham korrupsiya tushunchasi mavjud emas va Konvensiyani ishlab chiqqanlar uning taʼrifi boʻyicha kelisha olmadilar.

Ikkinchidan, korrupsiya haqida maʼlumot olish qiyin. Aksariyat jinoyatlar va huquqbuzarliklar bilan bogʻliq jabrlanuvchilar mavjud va ular oʻz tajribalari haqida rasmiylarga xabar berishlari mumkin. Ammo pora bergan fuqarolar uni talab qilgan yoki olgan mansabdor shaxs haqida xabar berishlari dargumon.

Buning sabablari koʻp va men buni Telegram kanalimda muhokama qilganman.

Oʻzbek amaldorlari davlat pullarini oʻzlashtirgani va tegishli tekshiruv oʻtkazilgunga qadar tashkilot yoʻqotishlar haqida hatto xabardor boʻlmasligi ham noodatiy misol boʻlishi mumkin.

Baʼzan “jabrlanuvchi” yanada mavhumroq boʻladi, masalan, “jamiyat”. Bu misollar barchasi korrupsionerga sezilarli foyda (naf) keltiradigan holatlar haqida gapiryapman.

Oʻzbekistonda esa ijtimoiy korrupsiya keng tarqalgan. Masalan, “tanish-bilish”, nepotizm yoki siyosiy yordam olish evaziga imtiyozlar berish yoki yoki lavozimga tayinlashlarday koʻp uchraydigan korrupsiya holatlarini aytingchi qanday oʻlchaysiz?

Indeksning noxolis boʻlishining yana bir omili shundaki, “Transperency International” Korrupsiyani qabul qilish indeksini ishlab chiqarishda boshqa manbalar tomonidan oʻtkazilgan soʻrovlarni jamlab standartlashtiradi.

Manbalar yildan-yilga bir oz oʻzgarganligi sababli, natijalarni vaqt oʻtishi bilan solishtirish oʻrinli emas.

Shuning uchun men har doim tahlilchilarga indeksni boshqa manbalar bilan taqqoslash orqali analiz oʻtqazishlari kerakligini taʼkidlab oʻtaman.

Bundan tashqari, indeks afsus keng jamoatchilikning fikrinimas, balki asosan biznesmenlar va mutaxassislarning fikrlariga asoslangan.

Shuning uchun Oʻzbekistonni boshqa davlatlar bilan solishtirishda indeksning roli, ayniqsa bizning muhitda, foydasi juda kam.

Bizda hali mamlakatdagi korrupsiya haqidagi keng jamoatchilik fikrini toʻplash uchun xolis tizim mavjud emas.

Haqiqiy ssenariy shundan iboratki, biz “qayta kuchli korrupsiyalanish” xavfi ostidamiz. Prezidentimizning yurt uchun koʻp ishlar qilayotganini koʻrib turibmiz, lekin ayni paytda bizda Prezidentning “koʻrinmas sotqinlari” bor.

Men past mansabdagi amaldorlar ham, huquq-tartibot idoralari xodimlari ham, yuqori lavozimlarda oʻtirganlar ham, shunchaki koʻz-koʻz qilishni va koʻtarilishni yaxshi koʻradigan, lekin haqiqatda oʻz lavozimi davomida imkon qadar koʻproq pul oʻgʻirlaydiganlar haqida gapiryapman.

Prezident ishonch bilan ortiqcha vakolatlar beryapti, lekin afsuski, bugungi kunda bu ishonchlar koʻpincha suiisteʼmol qilinmoqda.

Koʻp salbiy belgilar mavjud, ammo men yana bir asosiy muammolardan birini aytmasdan tugatolmayman.

Korrupsiya va axloq tushunchalari bugungi kunda fuqarolarimiz uchun mantiqiy emas. Oddiy qilib aytganda, oʻzbekistonliklarning odob-axloqi va korrupsiyaga moyilligi oʻz shaxsiy manfaatlari bilan bogʻliq emas.

Achinarlisi, fuqarolarning mutasaddilar ishiga ishonchi islohotlar shiddati bilan solishtirganda ortgani yoʻq.

Ommaviy axborot vositalari korrupsiyaga qarshi kurashning muvaffaqiyatlari kabi koʻplab muvaffaqiyatsizliklar haqida xabar bermoqda.

Prezidentga ishonch bor lekin davlat idoralariga ishonch soʻnyapti. Davlat tashkilotlariga ishonchning pastligi jamiyatda xavflilik hissini kuchaytirdi.

Agar odamlar xodimlarning axloqsizligi tufayli ularga ishonchlari soʻnsa, ular jinoyatlar haqida xabar berishga va ular bilan hamkorlik qilishdan choʻchishadi.

Bu, odatda, jinoyatchilik darajasining oshishiga olib keladi va shuning uchun keng jamoatchilik orasida ishonchsizlik hissi kuchayadi.

Shuni tushunish zarurki, Oʻzbekistonliklarning odob-axloq tuygʻusi va korrupsiya oʻz opportunizmlari bilan ham bogʻliq boʻlishi kerak.

Yaʼni, sogʻlom axloq va korrupsiyani kamaytirish ular uchun nafaqat yaxshi gʻoyalar, balki ular fuqarolarning hayot sifati bilan ham chambarchas bogʻliqdir. Yaxshiroq davlat xizmatlari, mansabdor shaxslarning adolatli munosabati, mazmunli huquqlar va inson qadr-qimmati – bularning barchasi yaxshi hayotning jihatlari boʻlib, bularning barchasi barcha darajadagi kamroq korrupsiya va axloqiy xatti-harakatlar bilan bogʻliq.

Bundan tashqari, mahalliy qadriyatlar va tajribalarga asoslangan keng konsensus boʻlishi kerak.

Bu, albatta, har bir kishi mukammal bir fikrda boʻlishi kerak degani emas va, albatta, korrupsiyani aniqlashda radikal madaniy relativizm haqida bahslashmayapman.

Aksincha, axloq va korrupsiya tushunchalari Oʻzbekistonda odamlarga mantiqiy boʻlishi kerak va oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgandek yoki “galochka” uchun qilingan deb koʻrinmasligi kerak.

Nihoyat, fuqarolar oʻzlariga nisbatan oʻsha axloqiy qadriyatlarni amalda qoʻllashning real imkoniyatlarini koʻrishlari, fuqarolar mansabdor shaxslardan ularga xuddi shunday munosabatda boʻlishini talab qilishlari kerak. Bu jarayon axloqni va amalga oshirilayotgan islohotlarni kundalik hayotda “haqiqiy” qiladigan narsaning bir qismidir.

2. Umuman olganda Oʻzbekiston korrupsiya degan illatdan qutilishi uchun qanday amaliy ishlar olib borishi kerak?

Korrupsiya insoniyat tashkilotining boshidan beri biz bilan boʻlgan. Korrupsiya doimo muvozanatda boʻladi va uni oʻzgartiruvchi omillarni bilishgina uni nazorat qilishga yordam beradi.

Muammoni hal qilish uchun siz ushbu muammoning asosiy sabablarini tushunishingiz kerak, shunda siz ushbu sabablarga hujum qilishingiz mumkin.

Nima sababdan davlat amaldori korrupsiyaga qarshi kurash olib borishi kerak, qachonki korrupsiyasiz hayotdan koʻra korrupsiyali hayot foydaliroq ekanini tushunsa yoki korrupsiyaga qoʻl urmaslik uni sodir etishdan koʻra qimmatroqqa tushsa?

Agar siz davlat amaldoriga yaxshi hayot kechirish uchun yetarlicha pul toʻlasangiz, oilasi va shaxsiy hayoti uchun yetarli vaqt ajratsangiz va u korrupsiyani milliy tahdid va Oʻzbekiston fuqarolari uchun katta yoʻqotish deb bilsa, korrupsiya darajasi sezilarli darajada kamayadi.

Faqat shundagina, manfaatlar toʻqnashuviga qarshi kurash va mol-mulk deklaratsiyasiga qarshi qonunlar ijobiy natijalar beradi.

Korrupsiya demokratik madaniyat, raqobat va yaxshi nazorat tizimi mavjud boʻlgan va odamlar (xodimlar, mijozlar, nazoratchilar) maʼlumot olish va himoya qilish huquqiga ega boʻlgan joyda rivojlanmaydi.

Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda kuchli strategiya yoʻq. Buning belgilaridan biri halol, dono va samarali kadrlarga nisbatan nafratdir.

Yana bir alomat shundan iboratki, vazirlik darajasidagi xodimlarning aksariyati mansabparastlar boʻlib, halollik emas oʻz martabasini oshirish haqida oʻylashadilar.

3. Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish uchun qaysi davlatdan andoza olgani maʼqul?

Korrupsiya hamma mamlakatlarda bir xil emas; ular asosan turi, darajasi va bosqichi boʻyicha farqlanadi va bir mamlakatning korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyat formulasi boshqasiga toʻgʻri kelmaydi. Biroq, Singapur, Gonkong va Botsvana kabi davlatlardan oʻrganish (nusxa olish emas, balki oʻrganish) arziydi.

Ularning korrupsiyaga qarshi kurash agentliklari korrupsiya darajasini past darajada ushlab turish boʻyicha ajoyib natijalarga ega.

Ularning korrupsiyani past darajada ushlab turishda muvaffaqiyat qozonishlarining asosiy sababi shundaki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina oʻsha idoralar zimmasiga yuklangan.

Bu degani, masalan, ular tergov qilishlari mumkin boʻlgan tashkilotdan mustaqil hisoblanadi.

Masalan, ularga politsiya korrupsiyasini tekshirish vazifasi qoʻyilgan boʻlsa, ular hech qachon tergov oʻtkazish vakolatini politsiyaning oʻziga yuklamaydi. Ular oʻzlarining tergov vakolatlariga ega. Bundan tashqari har biri yetarli mablagʻ va aniq masʼuliyat va aniq mehnat taqsimotiga ega.

4. Oʻzbekistonda korrupsiyani yoʻqotish uchun eng ogʻir jazo qoʻllash joriy qilinsa siz qaysi birini tanlagan boʻlar edingiz: barmoqlarni kesish yoki oʻlim jazosi?

Bu yerda dilemma bor. Bu juda masʼuliyatli va nozik savol boʻlgani uchun javobim uchun kuchli asosga ega boʻlishim kerak. Men yaxshisi qattiq jazolar korrupsiyaning oldini oladimi va jamiyatimizda ogʻir jazoni joriy etish toʻgʻrimi degan savollarga javob beray?

Xitoy, Kuba, Marokash, Vyetnam va Eron kabi davlatlar ogʻir korrupsiya xillariga qarshi oʻlim jazosini qoʻllaydilar va statistika shuni koʻrsatadiki, bugunga qadar bu davlatlar korrupsiyani samarali toʻxtatish yoki bartaraf etishga erisholma yapdilar.

Men sizga bu paradoksni faqat huquqni muhofaza qilish organlari nuqtayi nazaridan tushuntira olaman.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, shunchaki qattiq qonun va qattiq jazoga tayanish korrupsiyani kamaytirishda sezilarsiz taʼsir koʻrsatadi.

Bu faqat korrupsiyani tekshirish chastotasini kamaytiradi. Buning sababi shundaki, “korrupsiya” va “korrupsiyani tekshirish” bir tomonlama qaror qabul qilish jarayoni emas. Aksincha, bu ikki aqlli (ratsional) oʻyinchi oʻrtasidagi interaktiv jarayonning bir qismidir.

Korrupsiyaning oldini olishda jazo choralarini samarali qilish uchun korrupsiyaga qarshi kurashga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarning davlat tomonidan uning qadrlanishi va toʻlovi korrupsiyaga qarshi jazolash bilan bogʻlash zarur.

Ijtimoiy tilda aytganda, ularning korrupsiyaga qarshi ragʻbatlantirilishini kuchaytirish zarur. Faqatgina shu yoʻl orqali siz aytgan qattiq jazolar qoʻllashning ishonchliligini oshiradi va ularning oldini olish kuchini oshiradi!!!

Jazolarning yanada ishonchli ijro etilishi korrupsiyani kamroq tez-tez tekshirishni talab qilish orqali korrupsiyaga qarshi kurash xarajatlarini kamaytiradi.

Agar korrupsiyaga qarshi kurashga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar masʼuliyatli boʻlib, korrupsiyani jamiyat uchun yoʻqotish deb hisoblasa va korrupsion daromad qancha koʻp boʻlsa, jamiyat shunchalik koʻp yoʻqotishlarni boshdan kechirishini tushunsa, korrupsiyani nazorat qilish uchun koʻproq xohish va motivatsiyaga ega boʻladi.

Shu bilan bir qatorda, agar korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha mutasaddilar korrupsiyani tekshirishdan katta foyda (odatda ijtimoiy sezilarli foyda) olsalar, ular ham korrupsiyaga qarshi kurashish uchun yuqori istak va motivatsiyaga ega boʻladilar.

Biroq, agar bu amaldorlarning oʻzi ham korrupsiyaga uchragan boʻlsa yoki korrupsiyaga salbiy qaramasa, korrupsiyaga qarshi kurash muvaffaqiyatsiz boʻlishi mumkin.

Axir Xitoyda korrupsiya Venesuela, Shimoliy Koreya yoki Turkmaniston kabi choʻqqisiga chiqmagan va Belarus yoki Bolgariya kabi davlatlardan, hatto Turkiya yoki Qozogʻistondan ham yuqori oʻrinni egallab turgani deb men bilan bahslashishingiz mumkin.

Mening qarshi argumentim shundan iboratki, Xitoy hukumati mahalliy amaldorlarni korrupsiyaga qarshi ragʻbatlantirishni maʼlum darajada taʼminlash uchun baʼzi moliyaviy, siyosiy va hatto mafkuraviy choralarni kiritdi va bu choralarni amalga oshirish oson emas.

Biroq, bu chora-tadbirlar ham cheklovlar va nojoʻya taʼsirlarga ega boʻlib, oʻlim jazosining korrupsiyani toʻxtatuvchi kuchini pasaytirganini statistik maʼlumotlar va hisobotlarda koʻrishingiz mumkin. Men bunga chuqurroq kirmoqchi emasman, lekin baʼzida mafkuralar mamlakatni Xitoy kabi bir partiya boshqarayotganda yaxshi lekin qisqa muddatda samara berishi mumkin. Ammo bugungi global boshqaruv davrida bunday pozitsiyaning taʼsiri uzoq davom etmaydi. .

Keling, ekspertlar muhokamasini tashkil qilaylik, oʻlim jazosi boʻlgan mamlakatlarda hali jinoyat kamroq, desa, men nafaqat statistika, balki amaliy faktlarni keltiraman va bu haqiqat emasligini isbotlash uchun iqtisodiy va psixologik nazariyalar orqali tushuntiraman.

Jamiyatimizdagi aksariyat odamlar oʻlim jazosi qoʻrquvni keltirib chiqaradi va shuning uchun korrupsion harakatlar sonini kamaytiradi deb oʻylashadi. Sizga bu borada yomon xabarim shuki, bu haqda hech qanday dalil yoʻq.

Bundan tashqari, odamlar oʻz harakatlarining uzoq muddatli oqibatlari haqida oʻylamasliklarini va ogʻir jazo qoʻllash jinoyatni toʻxtata olmasligini aniq koʻrsatadigan psixologik model mavjud.

Buni soddalashtirib, sezilarli tushuntirish uchun misol qilib VICH/OITSning olidni olish uchun prezervativlardan foydalanishning muhimligi haqidagi xalqaro miqyosidagi ogohlantirishlar, mashinada xavfsizlik kamarlarini taqish va mashina haydash paytida telefonlardan foydalanmaslikka qarshi qonunlarni olaylik.

Bu qoidalarning barchasi oʻlimni oldini olishga harakat qilyapti axir. Ishonchim komilki, koʻpchilik bu dunyoda avtohalokat yoki VICH/OITSning yuqishi ehtimoli haqida qoʻrquvga ega emaslar yoki umuman odamlar oʻz harakatlarining uzoq muddatli oqibatlari haqida oʻylash tendensiyasiga ega emaslar.

Xususan, oʻlim jazosi haqida gapiradigan boʻlsak, Oʻzbekistonda yoki xalqaro jamiyatning bir boʻlagi boʻlishga harakat qilayotgan har qanday davlatda buni joriy etish allaqachon maʼnosiz va maqsadga muvofiq emas.

Bu Oʻzbekistonning dunyoga ochilib, faol xalqaro hamjamiyatning bir qismi boʻlish istiqbolli sadoqatini namoyon etganidan buyon Oʻzbekistonning bugungi qiyofasi va rivojlanishiga keskin ziddir.

Oʻzbekiston BMTning boshqa 172 ta nufuzli aʼzosi bilan birga 1995-yilda Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktni (FXHP) ratifikatsiya qilgan.

Qonun aʼzo mamlakatlarni insonning asosiy huquqlari, jumladan, oʻlim jazosidan himoya qilish majburiyatini yuklaydi (6-modda).

Baʼzi “aqlli advokatlar” ICCPR cheklangan sharoitlarda oʻlim jazosini qoʻllashga ruxsat berishini taʼkidlaydilar, ammo ular bunday qarorlar ortidagi mantiqiy vaziyatni tushunmaydilar va kelajakdagi prognozlarni eʼtiborsiz qoldiradilar.

Aslida, ICCPRʼning maqsadi - shubhasiz - oʻlim jazosini bekor qilish boʻlgan, lekin uni ishlab chiquvchilarning ehtiyotkorligi tufayli u majburiy holga keltirilmagan.

Bu oltmishinchi yillar davrida boʻlgan va ular avtokratik davlatlarni ratifikatsiya qilishdan qaytarishdan qoʻrqishgan. Bugungi kunga kelib, 100 dan ortiq mamlakatlar oʻlim jazosini bekor qilgan.

Xalqaro inson huquqlari guruhlari ham oʻlim jazosini tanqid qilishda birlashgan. Amnesty International, Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi va Human Rights Watch oʻlim jazosini yashash huquqi va shafqatsiz, gʻayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan himoyalanish huquqining buzilishi, deb atadi.

Shuni taʼkidlashim kerakki, oʻlim jazosini saqlab qolish tarafdori boʻlgan dalillar koʻpincha uning toʻxtatuvchi taʼsiri kabi isbotlanmagan ayblovlarga tayanadi yoki faqat oʻlim jazosini bekor qilish yoki saqlab qolish toʻgʻrisidagi qaror milliy suverenitet doirasida qolishi haqidagi dalilga qaratiladi.

Umuman olganda, korrupsiyaning ogʻir darajalari mavjud. Ogʻir jinoyatga ogʻir jazo qoʻllash mantiqiy. Biroq oʻlim jazosi men isbotlarimga koʻra istisno.

Oʻzbekistonda oʻlim jazosi boʻlmasada boshqa ogʻir jazolar qoʻllashdan oldin, korrupsiyaga qarshi kurashni ragʻbatlantirishga qodir boʻlgan siyosat choralarini izlash muhimdir.

Abror Eshonxonov suhbatlashdi

Izohlar 0

Fikr bildirish