Qidirish

13:34 / 2022-12-10 140 0 Maqolalar

Oʻzbekistonda soʻnggi kunlar isteʼmolchilarga qancha tabiiy gaz yetkazib berilgani maʼlum qilindi

world-news

Soʻnggi kunlarda butun mamlakat boʻylab havo haroratining keskin pasayishi sababli tabiiy gaz isteʼmolining oʻsishi davom etmoqda. 8-dekabr davomida mamlakat isteʼmolchilariga qariyb 106 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bu oʻtgan yilning shu kuniga nisbatan 14 foizga oshgan (2021-yil 8-dekabrda 92,8 mln kub metrdan ortiq gaz yetkazib berilgan edi). Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda 457 mahallada (61 ming xonadon) tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki gaz taʼminotidan uzilish kuzatilmoqda. Lekin vaziyat tobora yaxshilanayotganligini qayd etish mumkin, chunki 5-dekabr kuni bu koʻrsatkich 516 ta mahallani (79 ming xonadon) tashkil etgan.

Hozirgi vaqtda “Hududgaztaʼminot” AJga eng koʻp murojaatlar Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona va Samarqand viloyatlari aholisidan kelmoqda.

Aholi va ijtimoiy obyektlarni “zangori” yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Jumladan, yirik sanoat obyektlari, AGQKSH va xususiy sektorga gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar qoʻyildi. Bu sovuq qish mavsumida (16-noyabrdan 7-dekabrgacha) qoʻshimcha 24,7 mln kub metr tabiiy gazni aholi va ijtimoiy obyektlarning ehtiyojlari uchun yoʻnaltirishga imkon yaratgan.

Joylarda gaz taʼminoti mutaxassislari tomonidan katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkentning Yangihayot tumanidagi “Chashma” mahallasida gaz taʼminotini yaxshilash uchun ikkita yangi gaz taqsimlash punkti oʻrnatilmoqda va bu 200 ta xonadonni gaz bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga imkon beradi.

Poytaxtning Sergeli tumanidagi “Nomdanak” mahallasi Ziyokor koʻchasida yuqori bosimli gaz taqsimlash punktini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida 750 ta xonadonga gaz yetkazib berish yaxshilanishi kutilyapti.

Shuningdek, Toshkentning Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish koʻchasida gaz quvuri qayta tiklanmoqda. Bu ishlarni amalga oshirish natijasida 30 ta koʻp qavatli uy va 500 ta xonadonning gaz bilan taʼminlashining yanada yaxshilanish masalasi oʻz yechimini topishi mumkin.

Bundan tashqari “Hududgaztaʼminot” AJ tabiiy gaz yetkazib berilmagan hududlar aholisiga suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazib bermoqda. Masalan, 7-dekabrda 2,2 ming tonna, 8-dekabrda (bayram kuni) 1,5 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Jarayon dam olish kunlari ham davom ettiriladi.

Taʼkidlash lozimki, yuklatilgan vazifalarga muvofiq “Hududgaztaʼminot” AJ magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi sababli uylarga tabiiy gaz yetkazib berish toʻxtagan isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berilishini taʼminlamoqda. Gaz ballonlari Zangiota, Parkent, Yangiyoʻl, Boʻstonliq, Oqqoʻrgʻon, Boʻka, Yuqorichirchiq, Oʻrtachirchiq va Toshkent tumanlari aholisiga bepul yetkazib berildi. Bunday isteʼmolchilarni yoqilgʻi bilan taʼminlash uchun 12 ta avtomobil va gaz taʼminoti sohasining 50 nafar xodimi ajratilgan. Aholiga jami 600 ta gaz ballonlari bepul tarqatilgan.

“Barcha isteʼmolchilarni «zangori” yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishni, faqat birinchi navbatda zarur boʻlgan gaz uskunalarni ishlatishni va uydan chiqayotganda iloji boricha isitish moslamalarini oʻchirishni qatʼiy iltimos qiladi.

“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati isteʼmolchilarni aholi va ijtimoiy obyektlarni oʻz vaqtida tabiiy gaz bilan taʼminlashga oid koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida xabardor qilishni davom ettiradi.

Gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni hal qilish boʻyicha barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar tashkilotning 1104 Call-markazi va 104 dispetcherlik raqamlari orqali, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi ochiq guruh tomonidan qabul qilinadi», deyiladi AJ xabarida.

Izohlar 0

Fikr bildirish