Qidirish

15:18 / 2022-02-08 1003 0 Maqolalar

Toshturmada kechgan 74 kun...

Poytaxtlik tadbirkor Hojiakbar Ahmadjonov 74 kun hibsxonada nokonuniy saqlandi.

world-news

Poytaxtlik tadbirkor Hojiakbar Ahmadjonov 74 kun hibsxonada nokonuniy saqlandi. Qamoqda oʻtirish qiyin, lekin qilmagan ishing uchun qamashsa, azobing ming chandon ortadi.

Sodir etgan jinoyating uchun kameraga tiqib qoʻyishsa, koʻngilning bir chetidan “qilmishimga yarasha-ku” degan fikr oʻtadi va shu bilan yupanasan, tuhmat bilan kirsang, dunyolarga sigʻmay ketasan. Bir necha oyda yillarga qariysan.

Ikki yarim million dollarlik saboq

2018-yilning yoz faslida tadbirkor Hojiakbar Ahmadjonovga tanishi tijoriy taklif bilan chiqdi. kafel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod ochgani, Italiyadan lizing asosida zamonaviy uskunalar olib kelgani, lekin faoliyatni boshlashga mablagʻi yetmayotganini aytib, Hojiakbarni hamkorlikka taklif qildi.

Muzokaralardan keyin ikki tadbirkor zavodning 60/40 foiz ulush boʻlishishga kelishishdi. Hojiakbarga loyiha yoqqandi. Zavod mahalliy va xorijiy bozorga ob-havo harorati oʻzgarishlariga chidamli, suv taʼsiriga bardoshli keramogranit mahsulotlarini taklif qilish qudratiga ega yirik korxonalar sirasidan oʻrin olishga qodir edi.

Italiyadan mutaxassislarni taklif qilib, ularga katta miqdorda maosh toʻlab, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga jon-jahdi bilan kirishdi.

Afsuski, ish yurmadi. Mahsulot sifatsiz chiqardi. Uni bu kabi yaroqsiz holatida bozorga ham taklif qilib boʻlmasdi. Italiyadan kelgan mutxassislar bu muammoni bartaraf qilish uchun 5-6 oy talab qilinishini taʼkidlashdan charchashmasdi. Ishlab chiqarish jarayoni faqat harajatlardan iborat boʻlib qolgan, kirim esa umuman yoʻq edi. Yevropalik mutaxassislar ham tekinga ishlashni istashmasdi. Ustiga ustak, soliq toʻlovlari va lizingdan qarz miqdori oshib borardi.

Bu paytga kelib, Hojiakbar Ahmadjonov zavodga 2 million 514 ming AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritib boʻlgandi.

Moliyaviy muammolar boshlandi. Sheriklar oʻzaro kelishib, 2019-yili zavodni 4 million AQSH dollariga sotishdi. 1 million 513 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ zudlik bilan korxonaning soliq va boshqa toʻlovlar, shuningdek, lizing shartnomasi boʻyicha qarzlariga oʻtkazildi. 1 million AQSH dollari naqd pul shaklida biznes xamkoriga berildi.

Shu bilan keramogranit mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasiga nuqta qoʻyildi. Kimning yutgani yoki yutqazgani ahamiyatsiz, chunki bu biznes va unda hamisha bu kabi muammolar yuzaga kelib turadi. Muximi, har bir magʻlubiyatdan toʻgʻri va xolis xulosa chiqarishdir. Lekin bu loyiha oradan bir necha yil oʻtib, hibsxonagacha olib kelishini Hojiakbar Ahmadjonov xayoliga ham keltirmagan boʻlsa kerak.

Tadbirkorlikdan firibgarlikkacha bir qadam

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 7-iyul 2021-yili Hojiakbar Ahmadjonovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

20-avgust 2021-yili jinoyat ishi Oʻzbekiston JK 168-moddasining (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 228-moddaning 2-qismi “b” bandi va 228-modda 3-qismi bilan qaytadan malakalandi. 10-sentyabr kuni hujjatlarni soxtalashtirishda va firibgarlikda ayblangan Hojiakbar Ahmadjonovga nisbatan arizachi bulmasada qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyev oʻzlariga berilgan vakolat doirasidan chetga chiqib, fukarolik munosabatlaridagi tortishuvli xolatni jinoyatga aylantirib,.. Hojiakbar Ahmadjonovni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlarini mensimasdan, ularga xilof ravishda hibsda ushlab turishgan. Asossiz va daʼvogarning arizasisiz uni jinoyat sodir etganlikda ayblashgan. Bosim oʻtkazishga urinishgan, “firibgar qamoqda oʻtirishi kerak”, “san aferistsan” deb haqorat qilishgan.

Shu tariqa, kechagi tadbirkor firibgar va hujjatlarni qalbakilashtirgan shaxs sifatida Toshturmaga yoʻl olgan.

Eski Toshturma, yangi Toshturma, baribir turma

Yunusobod tumanidagi eski binodan yangisiga koʻchib oʻtgan boʻlsa ham, xalq ichida “Toshturma” nomi bilan yuritiladigan tergov hibsxonasida, tan olish kerak, hamma sharoit bor.

Oʻzbekistondagi hibsxonalarning, masalan, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston turmalariga nisbatan olganda, ustivor va ijobiy jihati bor. Bu muassasaga birinchi marta kirib kelgan shaxsni hech qachon ikki va undan ortiq marta qamalgan, boshqacha aytganda, “zona koʻrganlar” orasiga tashlashmaydi. Teng-tengi bilan oʻtiradi.

Aytishlaricha, Toshturmaning yangi binosini loyihalashtirish va qurishda shamolning esishidan tortib, quyosh nurining tushishigacha inobatga olingan ekan. Yuqoridan qaraganda, sakkiz qirrali yulduz shaklini eslatadigan bino jihozlanishi va koʻrinishiga koʻra, Markaziy Osiyoda tengsiz deyishadi.

Sezgandirsiz, bu yerda hamma sharoit bor, lekin qamoqxonaning yaxshisi boʻlmaydi. Chunki inson ozod yashash uchun yaralgan. Bu joylarda hamma narsa bor, ammo ozodlik yoʻq. Erkingiz cheklangan. Oʻy-xayollaringizdan boshqa hech nimaga hukmronlik qilolmaysiz. Nima yeyishingizdan tortib, ichishingizgacha, qachon uyquga yotib, turishingizgacha boshqalar hal qiladi.

Ayniqsa, tuhmat bilan va qilmagan jinoyatingiz uchun hibsxonaga tashlashsa, ruhingiz faryod uradi. Devorlarni parchalab-parchalab chiqib ketgingiz, temir eshiklarni tepib-tepib, “dod” degingiz keladi. Kechalari, bir shoir aytganidek, “koʻrpa ostida yigʻlab ham olasiz”. Mavhumlik, tuhmatdan yonayotgan yurakni oʻchirishga najot topolmay qolasiz.

Hojiakbar Ahmadjonov ham xayoliga kelmagan va qilmagan jinoyatlari uchun 74 kunni shunday sharoitda oʻtkazdi.

                   Ozodlik sari yoʻl

Mahbusni tashqari bilan bogʻlab turadigan va kelajakka umid beradigan yagona rishta bor. Bu – advokat. Ichkarida koʻproq shu insonni kutasan. Nazaringda, quvontiradigan xabar olib keladigandek tuyulaveradi. Kuchli va qonunni yaxshi bilgan advokatni topish ham muvaffaqiyat asoslaridan biridir. Bu borada Hojiakbar Ahmadjonovning omadi keldi. Uning himoyasi “Femida-Himoya” advokatlar hayʼati advokati Ulugʻbek Turgʻunov tomonidan olib borildi.

Koʻp yillik tajribaga ega mutaxassis oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondoshib, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyevning noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan murojaat qilishni toʻxtatmadi. Ularning oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilishgani, mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻyishgani ortidan aybsiz odamning hibsxonada saqlanayotganiga eʼtibor qaratishdan charchamadi.

Saʼy-harakatlari samara berdi va Hojiakbar Ahmadjonovning jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligining Tergov departamentiga oʻtkazildi.

Oradan bir oy oʻtar-oʻtmas, xolislikni taʼminlash va tergov jarayonlarida qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilganini aniqlash maqsadida jinoyat ishi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi yurituviga olindi.

Bosh Prokuratura hammasini yana boshidan boshladi. Takroran koʻrsatmalar oldi, tomonlarni yuzlashtirdi, jinoyat ishida yigʻilgan hujjatlarni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqdi.

Nihoyat, 10-dekabr 2021-yili Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan fuqaro Hojiakbar Ahmadjonovga qoʻyilgan ayblovni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga muvofiq tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi JPKning kelajakka umid beradigan, “eng shirin” satrlaridan biri ham 83-moddadir. Uning jaranglashini qarang: “ish qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi oʻtkazilgan ish boʻyicha jinoiy hodisa yuz bermagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi aybsiz deb topiladi va reabilitatsiya etilishi lozim”.

                 Qonunning ham vijdoni boʻladi        

       

Afsuski, baʼzida adolat yoʻqligi, hamma narsa tanish-bilish, pul bilan bitishi, huquq-tartibot idoralarida qonunga amal qilinmasligi toʻgʻrisidagi daʼvolarni eshitib qolamiz. Aslini olganda, bu kabi fikrlar mantiq fani talablariga mutlaqo mos kelmaydi. Zero, umumiylik va xususiylik oʻrtasidagi chegarani aniqlashtirib olish muximdir. Tasodifiy kimsalar esa har bir sohada bor.

Hojiakbar Ahmadjonov ishi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi tizimida ishlayotganlarning aksariyati halol, insofli, vijdonli, bilimli, yuksak ahloqli, oʻz ishini sevadigan insonlardan iborat ekanini yana bir karra isbotladi. Bu oddiy, lekin samimiy haqiqatni asossiz qamalib ketishiga bahyalar qolgan Hojiakbar Ahmadjonov kabi insonlar juda yaxshi anglashadi.

Adolatsizlik zaifni sindiradi, kuchlini chiniqtiradi

Hojiakbar Ahmadjonov boshiga tushgan ishlardan koʻp narsa yoʻqotdi. Gap faqat moddiyat bilan bogʻliq emas. Oʻrtada or-nomus masalasi ham bor. Qarindosh-urugʻlar oldida yuzi shuvut boʻlganini unutolmaydi. Misqollab yiqqan obroʻsining ikki tergovchining oʻzboshimchaligi ortidan toʻkilganini hazm qilolmaydi. Tijoriy sheriklar bilan ishonch asosiga qurilgan munosabatlarini qaytadan tiklash kerakligini yaxshi anglaydi.

Bugun u ozodlikda, lekin hibsxonada kechgan kunlari, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyevning oʻziga nisbatan soxta ayblovlar uyushtirishgani, hibsxonaga asossiz qamashgani, ruhiy bosim oʻtkazishganini unutolmaydi. Qilmishlari uchun qonun doirasida javob berishmas ekan, ulardan yana koʻplab insonlarning aziyat chekishidan xavotir oladi.

U biz bilan suhbatda oilasi bagʻriga eson-omon qaytgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirligi Tergov Departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tergov boshkarmasi xodimlaridan cheksiz minnatdorligini qayta-qayta taʼkidlaydi. Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari tizimi qonunni mensimaydigan Ulugʻbek Abdurahmonov va Ulugʻbek Madaliyev kabi tasodifiy xodimlardan tozalanmas ekan, fuqarolarning qonuniylikni taʼminlashga nisbatan ishonchiga putur yetaveradi. Bu esa halol va vijdonli xodimlar shaʼniga ham dogʻ boʻlib tushadi.

Shularni inobatga olib, Hojiakbar Ahmadjonov Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyevning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishini soʻrab, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildi.

Effect.uz tahririyatining norasmiy manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi boʻlim boshligʻi Ulugʻbek Abdurahmonov va tergovchi Ulugʻbek Madaliyevga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlangan, demak, bu mavzuga yana qaytamiz.

Behzodbek Rahmonov

 

Izohlar 0

Fikr bildirish