So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Amir Temurdan ham ziyoda yashagan Rashid Qodirov haqida berilgan vaʼda nega bajarilmadi? Sobiq bosh prokurorning kirdikorlari qachon ochiqlanadi?
Shu yilning 5-yanvar kuni Oʻzbekiston Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani maʼlum boʻldi.
Bugun, Amir Temur bobomiz koʻrmagan sharoitlarda yashab, qamoqda ayollar lozimini koʻzni quvontiradigan darajada tikishni oʻrgangan, shuningdek, Surxondaryoni rasvosini chiqargan Milliy Xavfsizlik xizmatining sobiq tergovchisi Nodir Toʻraqulovning qaynotasi, Oʻzbekiston bosh prokurori lavozimida 15 yil oʻtirgan – yaqinda esa qamoqdan afv etilib, ozodlikka chiqqan Rashid Qodirov haqida batafsil maʼlumot beramiz.
Shu yilning 5-yanvar kuni Oʻzbekiston Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov shartli ravishda ozodlikka chiqarilgani maʼlum boʻldi. Xoʻsh, qamoqqa oʻzi bilan bir qancha mansabdorlarni tortib ketgan sobiq bosh prokuror oʻzi aslida kim, u qanday qamoqqa olingan va qamoqdan qanday chiqdi?
2000-yildan 2015-yilning apreligacha Prokuratura rahbari lavozimida – Rashid Qodirov 2018-yilning 22-fevralida Toshkent shahrida Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qoʻlga olingandi. Qodirov “Tovlamachilik”, “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish”, “Pora olish” moddalari bilan ayblangan.
Qodirov ushlangani toʻgʻrisidagi dastlabki xabarlar OAVda 2018-yil 22-fevralda tarqalgan. Bosh prokurorga nisbatan yirik miqdorda davlat mulkini oʻzlashtirish va xorij banklari vositasida pul yuvish amaliyotlari oʻtkazish aybi yuklangan. Shu sababli unga nisbatan hibsga olish ehtiyot chorasi qoʻllaniladi. Biroq, oʻsha vaqtda Bosh prokuratura bu maʼlumot mutloq asossiz ekanligini taʼkidlagan.
Ammo Bosh prokuratura oradan bir kun oʻtishi bilan Qodirovga nisbatan Jinoyat kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar beradi.
Qayd etilishicha, 2018-yilning 23-fevral kuni Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Boshqa tafsilotlar esa ochiqlanmagan. Maʼlumot uchun: Jinoyat kodeksining 165-moddasi - Tovlamachilik, 205-moddasi - Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, 210-moddasi esa Pora olishdir.
Keyinroq “Qodirov ishi” ishi doirasida jami 21 kishi qamoqqa olingani jamoatchilikka maʼlum qilindi. Prezident 2018-yilning 13-aprel kuni Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan yigʻilishda Sobiq Bosh prokurorning 2 nafar oʻrinbosari qamoqqa olinganini ochiqlaydi.
“Bundan tashqari, sobiq MXX raisining 3 nafar oʻrinbosari ham qamoqda. Bittasi – Shuhrat Gʻulomov umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan. Nimaga? Korrupsiya! Vaqt keladi, tergov harakatlari tugasa, men hammasini televideniye orqali aytaman: Bosh prokuror nimalar bilan shugʻullanganini ham» - deya soʻzida Rashid Qodirovni eslagan Prezident.
Gap jinoyat ishi boʻyicha bosh prokurorning sobiq oʻrinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari Jamshid Fayziyev va Ulugʻbek Sunnatov haqida bormoqda.
Qodirovning oʻrinbosari Sunnatov bir qator ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 2019-yilning iyunida 19 yilga kesilgan boʻlsa, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Jamshid Fayziyev 13 yillik qamoqqa mahkum qilingan.
Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi oʻrinbosari – “Temir prokuror” laqabi bilan mashhur boʻlgan Miraʼlam Mirzayev muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq boʻlgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, boz ustiga maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilingan. Xuddi shunday, jazo Jamshid Fayziyev va Ulugʻbek Sunnatovlarga ham tegishli boʻlgan.
Eslashingiz uchun, Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 8-yanvarida Toshkent viloyati boʻyicha boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida oʻsha paytda viloyatda prokuror boʻlib ishlagan, Jamshid Fayziyevni tanqid qilib, uni kinoya bilan “Janob Fayziyev” deya atagandi.
2018-yil mart oyi boshlarida Rashid Qodirovning oʻgʻli Alisher Qodirov Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan. Biroq vazirlik saytida bu borada tegishli maʼlumot eʼlon qilingan.
Qayd etilishicha, Alisher Qodirov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi A-bandi, shu moddaning 3-qismi A-bandi, 168-moddaning 3-qismi A-bandi shu moddaning 4-qismi A-bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib, unga nisbatan qiduruv eʼlon qilingan.
2018-yil mart oyi voqealarini davom ettiradigan boʻlsak, Qodirovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha uning yaqin kishilaridan biri boʻlgan xususiy banklardan birining norasmiy egasi – Farhod Mamajonov “Rashid Qodirovning pullarini yuvish” bilan shugʻullanishda ayblanib, soʻroq qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Oʻshanda Farhod Mamajonov ushlangach, uning mol-mulklari xatlangani toʻgʻrisida shov-shuvlar bolalaydi. Lekin bu safar ham Bosh prokuratura bu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qilgan.
Bundan tashqari, Rashid Qodirovning kuyovi – sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov boʻlimi boshligʻi – polkovnik Nodir Toʻraqulov 2018-yilning 25-oktyabrida 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Prezident Surxondaryoni ot oʻyiniga aylantirgan, Nodir Toʻraqulovni qilgan ishlari uchun sotqinlikda ayblagan.
Shundan soʻng, 2018-yil may oyida Prezident Ulugʻnor tumanidagi faollar ishtirokida oʻtkazilgan videoselektorda Rashid Qodirovni yana bir marta eslagan.
“Mana, Bosh prokuror butun boshli jamoasi bilan qamoqda yotibdi. Million-million dollar topshiryapti. Ikki-uch oy ichida televideniye orqali oʻzini gapirtiraman. Korrupsiyalashtirib yuborgandi, har bir tuman prokuroridan 30-40 ming dollar olgan. Hammasini qaytarib beryapti. Bitta noinsof oʻgʻli milliarder! Va boshqa tashkilot rahbarlari ham, MXXning sobiq besh nafar muovini ham qamalib yotibdi. Hammasi oʻgʻri, qip-qizil oʻgʻri. Qanday ogʻir boʻlmasin, men baribir hammasini joyiga qoʻyaman.
Hammasi borib, Boltiqboʻyida uy qurib olgan. Suratlarini koʻrsangiz, kechirasiz, Amir Temur bobomiz shuncha millatning rahbari boʻlib ham, unday joylarda yashamagan. Amirlikning shayxlari ham bunaqa joyda yashamaydi. Kimning puli bular - xalqniki. Qodirov kim oʻzi? Qip-qizil oʻgʻri odam boʻlgan. Shuning uchun, prokuraturada 70 foiz odam almashdi, halol odamlarni qoʻydim. Kim xiyonat qilsa, shunday yoʻldan boradi. Hammani kechiraman, faqat oʻgʻirlik qilmay, xiyonat qilmasa, u mening doʻstim boʻladi. Ana shuni xalq bilishi kerak”, degan Prezident.
2018-yilning 5-iyun kuni Bosh prokuraturada ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtgan. Ochiq savol-javob tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda, Rashid Qodirov ishi boʻyicha jami 21 kishi qamoqqa olingani aytiladi.
Xalqaro press klubning 2018-yil dekabr oyidagi sessiyasida Bosh prokuror oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev Rashid Qodirov ishi boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot bergan. Yoʻldoshev oʻshanda jinoiy ishning natijalari keng ommaga oshkor qilinishi haqida gapirgandi.
Biroq Qodirovga oid jinoyat ishining xronologiyasi negadir keng ommaga koʻrsatilgani yoʻq. Hatto Qodirov haqida suratga olingan 70 daqiqalik hujjatli film ham negadir zangori ekran yuzini koʻrmadi. Buning oqibatida esa jamoatchilikda salbiy fikrlar paydo boʻldi. Nega film xalqqa koʻrsatilmadi, degan haqli savolga mana hozirgacha hech kim javob bera olgani yoʻq. Ehtimol, film endilikda ommaga koʻrsatilishi ham mumkin. Chunki, Janob Qodirov endi panjara ortida emas!. Balki...
15 yillik Bosh prokurorning Sud jarayoni 6 oyga yaqin davom etgan. Ish jarayonida “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda oʻtkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning koʻrsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirilgan, 200ga yaqin guvohlarning koʻrsatuvlari tinglanib, ish boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida toʻplangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtayi nazaridan taftish qilingani aytiladi.
Jinoyatlari uchun sud hukmi bilan aybli deb topilgan Qodirovga, Jinoyat kodeksining 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Effect.uzʻning huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga koʻra, Qodirov sogʻligʻidagi muammolar tufayli 2022-yil Konstitutsiya bayrami arafasida Prezident tomonidan afv etilgan. Uning qanday tartibda afv etilgani bizga hozircha nomaʼlum.
Qodirovning ozodlikka chiqqanidan xabar topgan, inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebookʻdagi sahifasida quyidagilarni yozdi:
“Vaqt yugurik, yelday uchadi. 3,5 yil avval ayni saratonda olamshumul jinoyatlari uchun 10 yilga qamalgan sobiq mulozim ozodlikka chiqibdi! Bular u kishining uyini jinoiy daromaddan topilgan sanab, 10 milliard boshlangʻich narx bilan savdoga qoʻyishgandi. Endi nima boʻladi, janob qishning qahratonida qayerdan boshpana toparkin!? Ishqilib, qiynalib qolmasin! U kishining qilmishi haqida film qilinadi, deyishgandi. Rejissyorlarimizning dangasaligi tufayli bundan ham bebahra qoldi xalq”, — deya Qodirovning ozodlikka chiqqaniga munosabat bildirgan Abdurahmon Tashanov.
Eslatib oʻtamiz, “Ezgulik” jamiyati raisi 2021-yil 22-sonli koloniyada Oʻzbekistonning ikki sobiq bosh prokurori — Rashidjon Qodirov va Ixtiyor Abdullayev bilan boʻlgan uchrashuvi haqida shunday yozgan edi.
“Sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov tikuv sexida ishlayotgan ekan. Uning qoʻlidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar koʻylagi, lozimi va boshqa ashyolar koʻzni quvontiradi. General Abdullayevni chinni sexida idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratdim”, deya kinoya qilgan Abdurahmon Tashanov.
Maʼlumot oʻrnida, Rashidjon Qodirov — Oʻzbekistondagi eng qudratli va sirli shaxslardan biri boʻlgan. Chunki u haqida ommaviy axborot vositalarida juda ham oz maʼlumot uchraydi.
Qodirov 1952-yilning 23-fevralida oʻsha paytdagi Namangan viloyatiga qarashli boʻlgan Baliqchi tumanida tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti hozirgi Oʻzbekiston milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan.
Faoliyatini 1975-yilda Andijon viloyati prokuraturasi tergovchiligidan boshlagan. 1980—1991-yillarda Oʻzbekiston SSR Davlat xavfsizlik qoʻmitasi tergov boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. 1992—1994-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari boʻlgan.
1994-yili u respublika Bosh prokurorining oʻrinbosari etib tayinlangan. 2000-yilning fevralida esa Bosh prokurorlik kursisini egallagan. Shundan soʻng u uch marta, jumladan, 2005, 2010, 2015-yillarda besh yillik muddatga ushbu lavozimga qayta tayinlangan.
2015-yilning boshida 4-muddatga tayinlangan Rashidjon Qodirov oʻsha yilning 21-aprelida lavozimdan ozod qilingan. Uni lavozimdan ozod qilish haqidagi Prezident farmonida oʻzgarish sababi Rashidjon Qodirovning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagani va uning boshqa ishga oʻtayotgani vaji koʻrsatilgan edi. Yana bir eʼtiborli jihati, yangi Bosh prokurorni jamoaga oʻsha paytdagi Oʻzbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev shaxsan tanishtirgan edi. Lavozimga Qodirovdan keyin ayni vaqtda qamoqda qolayotgan sobiq DXX raisi Ixtiyor Abdullayev kelgan.
2015-yilning 16-may kuni Rashidjon Qodirov Konstitutsion sud sudyasi etib tayinlangan. Ushbu qaror Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi tomonidan qabul qilingan.
Biroq Oliy Majlis Senatining 2017-yilning avgustidagi yalpi majlisida Konstitutsiyaviy sud aʼzolari qayta tayinlanganda Rashidjon Qodirov ushbu lavozimdan mahrum boʻlganligini koʻrish mumkin edi.