Qidirish

14:25 / 2023-01-18 832 0 Siyosat

“Ustingdan tepkilasalar ham, shunchaki qoʻy boʻlish kerak” — jamoatchilik Islomovning kutilmagan qadamidan norozi

Huquqshunos Saidali Muxtoraliyev sud tizimini isloh qiluvchi farmonda koʻplab kamchiliklar borligini yozdi.

world-news

Prezidentning “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Huquqshunos Saidali Muxtoraliyev farmonda keltirilgan oʻzgarishlar sud tizimini isloh qilinishiga toʻsqinlik qilishini maʼlum qildi.

Bu Farmonning tashabbuskori Oliy sud, asosiy ijodkori Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov albatta. Bahodir yozganini koʻrdim, “ja unaqamasdir” deb oʻyladim. Lekin hujjatni birma-bir oʻqib-turib mening ham xafsalam pir boʻldi, toʻgʻrisi.

Sud ishlarini koʻrib chiqish bosqichlari tubdan oʻzgarib ketmoqda. Jumladan, tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan koʻrilgan ishlar viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqiladigan boʻladi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlarni shu sudlarning oʻzida taftish tartibida qayta koʻrib chiqiladi.

Hamda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hayʼatlarida taftish tartibida qayta koʻrib chiqiladigan boʻlar ekan.

Oldin quyi sudlarda shu islohotlarga tayyor boʻlgan bilimli va malakali sudyalar korpusini yaratib olish kerak emasmidi? Xullas, 2016-yildan buyogʻiga sudlar tajriba quyonchasi boʻlib kelganligini mana oxiri tushunib yetdik", - deb yozdi u.

Farmonning 4 bandiga kiritilgan oʻzgarishlar tufayli, endilikda sud jarayonini yoritgan bloger yoki jurnalistlar javobgarlikka tortilishi mumkin.

Farmonning 4-bandida shunday deyilmoqda: “sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qatʼiy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etilsin”.

Qonunchilikda “aralashuv” degan jumlaga aniq taʼrif berilmagan, demakki, yaqin kelajakda sudda taraf va taraf boʻlmaganlarning har qanday pozitsiyasini, jumladan advokatlar, jamoatchilik faollari, bloger va jurnalistlarning tanqidlari aralashuv sifatida qabul qilinib, ularni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin boʻladi.

Farmonda “sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash” ham nazarda tutilmoqda.

Qarang, sudning, sudyaning mislsiz adolatsizligi va vijdonsizligi jon-jonidan oʻtib ketgan oddiy bir fuqaroning, advokatning, tashkilot yuristining emotsiyalari sudga hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin boʻladi. Va ular xatto jinoiy javobgarlikka tortiladigan boʻladi. Shunchaki qoʻy boʻlib yuraverish kerak, ustingdan tepkilab tashlasalar ham”, — deb yozdi huquqshunos.

Saidali Muxtoraliyev ushbu farmon orqali sud tizimi orqaga ketishini aytib, hujjatda eng asosiy masala qolib ketganini qayd etdi.

Eng yomoni, Farmonda sudyalar sonini koʻpaytirish haqida lom-mim deyilmagan. Aslida sud tizimidagi eng muhim muammo sudyalar sonini koʻpaytirish edi.

Nazarimda sud tizimida orqaga qaytiladi shekilli. Farmonda eski maktab vakillarining xidi ham urf urib turgandek. Haligi borku, hamma ularning oldida “mute” (ovozsiz — tahr) boʻlib, qoʻl-qovushtirib nima desa “xop boʻladi” deb turgan zamonlarda davron surganlar.

Balkim bu hujjatga mutasaddilar aniqroq tushuntirish bergani maʼquldir. Agar ularning maqsadi biz oʻylaganimizdek boʻlib chiqsa, orzu va umidlarimiz haqiqatdan ham sarob boʻlsa, barini shunchaki yigʻishtirib qoʻya qolamiz. Taʼlimi ham, tibbiyoti ham, energetikasi ham, sudi ham jonga tegdi toʻgʻrisi”, — deb yozdi Muxtoraliyev.

Izohlar 0

Fikr bildirish