Qidirish

16:45 / 2023-01-13 248 0 Biznes

“Oʻzbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” anomal sovuq kunlari konlarda tabiiy gaz qazib chiqarish holatini oʻrganish uchun Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida boʻldi

2023-yil 9-14-yanvar kunlari Oʻzbekiston boʻylab kuzatilayotgan anomal sovuq kunlari aholi va isteʼmolchilarga tabiiy gaz hamda suyultirilgan gaz yetkazib berishning barqarorligini taʼminlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” Qashqadaryo viloyatida boʻldi.

world-news

“Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida quduqlarini burgʻilash, kapital taʼmirlash va texnologik obyektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi holati boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Dastlab, “Ishchi guruh” aʼzolari 11-yanvar kuni boshqarmada avariyali toʻxtalishi yuz bergan “Zevarda” va “Dengizkoʻl” siquv kompressor stansiyalari 2-navbatlarida boʻlishib, u yerda gaz haydash agregatlarini ishga qoʻshish hamda gaz qazib chiqarishni toʻliq qayta tiklash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Boshqarma rahbariyati va mutaxassislar bilan siquv kompressor stansiyalarining barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha mavjud muammolar tahlil qilinib, zarur choralarni koʻrish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berildi.

Shundan soʻng Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolari “Yangi Alat”, “Oltinkoʻl”, “Yangi Tegirmon” kabi istiqbolli maydonlarida olib borilayotgan geologik-qidiruv ishlari bilan tanishdi.

Xususan, “Yangi Alat” maydoni 4-, 5- sonli, “Oltinkoʻl” maydoni 1-sonli va “Tegirmon” koni 6-sonli quduqlarda olib borilayotgan burgʻilash jarayonlari koʻzdan kechirildi.

Burgʻilash ish maydonlarida sovuq kunlarda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning yashash, ishlash sharoitlari ham oʻrganildi. Sovuq ob-havo sharoitida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida uglevodorodlar qazib chiqarish boʻyicha 2023-yil yanvar oyida amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi oʻtkazildi va belgilangan reja koʻrsatkichlarini bajarilishini taʼminlash uchun oy oxiri bilan 4 ta quduqlarni ishga tushirish, 2 ta quduqlarda mukammal taʼmirlash ishlarini bajarish tadbirlarini jadallashtirish boʻyicha alohida koʻrsatmalar berildi.

Boshqarma boʻyicha 2023-yilda geologik texnik tadbirlar doirasida jami 42 ta quduqlarni burgʻilashdan ishga tushirish, 245 ta quduqlarda taʼmirlash va intensifikatsiya ishlari bajarish hamda 8 ta texnologik obyektlarni ishga tushirish rejalashtirilib olindi.

Tadbirlar hisobidan 2023-yilda qoʻshimcha 1 630,6 mln. kub metr gaz va 14,3 ming tonna syuq uglevodorodlarni qazib olishga erishish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolarining tabiiy gaz konlari va quduqlari hamda ishlab chiqarish zavodlaridagi oʻrganish ishlari davom etadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Izohlar 0

Fikr bildirish