Qidirish

05:39 / 2020-02-25 237 0 Hodisalar

Qamoqdagi sobiq bosh prokuror Otabek Murodovga sud hukmi oʻqildi

Oʻzbekistonning sobiq bosh prokurori Otabek Murodovga 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi, DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning oʻrinbosari boʻlgan Jahongir Egamov 19 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi oldi.

world-news

Bugun, 25-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan sobiq bosh prokuror Otabek Murodov hamda DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev va uning oʻrinbosari Jahongir Egamovga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga koʻra, oʻtkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilarning, yetmishdan ortiq jabrlanuvchi va guvohlarning koʻrsatmalari tinglanib, muhokama qilindi. Dastlabki tergov organi tomonidan toʻplangan dalillarga baho berilib, sudlanuvchilarning vajlari tekshirilgan.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va toʻliq oʻrganib, sudlanuvchi Otabek Murodovni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

«Sudlanuvchi O. Murodovga nisbatan jazo chorasini belgilashda sud Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida belgilangan insonparvarlik va adolat tamoyillariga ham asoslandi. Xususan, sudlanuvchining sodir etgan jinoyatlari uchun chin koʻngildan pushaymon ekanligi va jinoiy qilmishlarni fosh qilishda faol yordam berganligi hamda jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar toʻla qoplanganligi eʼtiborga olindi.

Natijada, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, sudlanuvchining shaxsi, oilaviy ahvoli, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlar eʼtiborga olinib, O. Murodovga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, sudning hukmiga koʻra, Ixtiyor Abdullayevga 19 yil, Jahongir Egamovga 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, har biri muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yilning yanvaridan Oʻzbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan Otabek Murodov 2019-yil yozida lavozimidan ozod etilib, sentyabr oyida qamoqqa olingandi.

2015-yil aprelidan 2018-yil 31-yanvariga qadar Oʻzbekiston bosh prokurori, 2018-2019-yillarda Davlat xavfsizlik xizmati rahbari boʻlgan Ixtiyor Abdullayev esa 2019-yil yanvarida ishdan ketganidan bir oy vaqt oʻtib qoʻlga olingan, unga nisbatan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, poraxoʻrlik bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik boʻyicha jinoyat ishi ochilgandi.

2019-yil sentyabrida Harbiy sud Ixtiyor Abdullayevni jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini koʻzlab, juda koʻp miqdorda pora olish, Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgani xabar qilingandi.

2018-yil fevralida DXX raisi Ixtiyor Abdullayevga oʻrinbosar etib tayinlangan Jahongir Egamov 2018-yil dekabrida ishdan olingan, 2019-yil 2-yanvarida qoʻlga olingandi. 2019-yil sentyabrida unga nisbatan 16 yilga ozodlik mahrum etish jazosi tayinlangandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish