Qidirish

03:09 / 2022-12-08 62 0 Siyosat

Ularni hatto Sardor Umurzoqovning vajohati ham qoʻrqita olmayapti

Ularni Sardor Umurzoqovning vajohati qoʻrqita olmayapti. Bittasini “qamatgan”, ikkinchisini “itarish” bilan qoʻrqitgan soʻkongʻich hokimlarning qulogʻidan tortib qoʻyishdi

Joriy yilning noyabr oyi soʻkinishni qoyillatgan hokimlarning jazolanishi bilan oʻtdi. Internetda haqoratli audiolari tarqalgach, el-yurt oldida noqulay ahvolga tushib, sharmandasi chiqqan mansabdorlarni bila turib, yetarli xulosa chiqarmagan Angren va Yangi Namangan tumani hokimlarining qulogʻidan choʻzib qoʻyishdi.

Xususan, Angrenda tadbirkorni qamatgani bilan maqtangan hokim Alisher Rayimovga hayfsan intizomiy jazosi qoʻllanilgan, Namanganda esa Prezidentga vaʼda berib, vaʼdasini bajarishga toʻsqinlik qilish maqsadida tadbirkorni kamsitib, nojoʻya soʻzlar bilan haqorat qilgan Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevga ham “Hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllanilib, barcha turdagi ragʻbatlantirishlardan mahrum qilingan.

Yodingizda boʻlsa, Effect.uz noyabr oyida dastlab Toshkent viloyati Angren shahar hokimi Alisher Rayimovga, soʻngra esa Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevga tegishli boʻlgan haqoratli audiolar eʼlon qilingan edi. Shundan soʻng, jamoatchilikda ushbu holatlar natijasi qanday yakun topgani haqida tabiiy savollar tugʻildi.

Jamoatchilik nazdida soʻkingan hokimlarni ishdan olish kerakligi koʻp bora taʼkidlangan boʻlsa, ayrimlar tanganing ikkinchi tomonini ham koʻrish kerakligini taklif qilishdi. Toʻgʻri, tanganing ikkinchi tarafida koʻrinish berib, kamsitilgan tadbirkorlar qandaydir xatolarga yoʻl qoʻygan boʻlishi mumkin.

Ularning xatolari bor deb ham hisoblaylik, lekin bu haqida bizga kimdir asoslantirilgan maʼlumotlarni taqdim etolmadi. Bu bilan ular xatolardan xoli demoqchi emasmiz. Ha, inson shunday mavjudot xato qilishga moyil, ammo Prezident ishongan hokimlarning kurakda turmaydigan soʻkinishlari, oriyati bor insonning qalbiga juda ogʻir botadi.

Angren hokimiga bogʻliq vaziyat haqida toʻxtaladigan boʻlsak, 19-noyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi Odob-ahloq komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtgan. Yigʻilishni komissiya raisi – viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Muzaffar Fayziyev olib borgan.

Yigʻilishda EFFECT.UZʻda chop etilgan Angren shahri hokimi Alisher Rayimovga tegishli boʻlgan, davlat xizmatchisi uchun nomaqbul soʻzlar, haqoratlar ishlatilgan audioyozuv keskin tanqidiy muhokama qilingan.

Angren shahri hokimi Alisher Rayimov holat boʻyicha komissiyaga tushuntirish berib, qilgan hatti-harakatlari uchun qattiq pushaymon ekanligini bildirgan.

Komissiya bu oʻrinda davlat xizmatchisiga doir odob-axloq qoidalari buzilganini qayd etib, yigʻilish bayonnomasi asosida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga xodimning hatti-harakatlari yuzasidan tegishli chora koʻrish uchun taqdimnoma kiritgan.

Viloyat hokimi 24-noyabr kuni Alisher Rayimovga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisida farmoyishga imzo chekkan.

Farmoyishda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga muvofiq, Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-qismiga asosan:

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 595-sonli qarori talablariga rioya qilmaganligi, davlat xizmatchisining kasb etikasini buzganligi, mansab vakolatlarini suisteʼmol qilib, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun Angren shahar hokimi Alisher Abdumalikovich Rayimovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.

Angren hokimi qamatgani aytilayotgan Latif ismli tadbirkorning taqdiri hozircha nomaʼlum. Muxbirimiz tadbirkorni soʻkkan, ustiga-ustak, qamatgani bilan maqtangan Rayimov 3-dekabr kuni Nurafshonda oʻtkazilgan Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan xayriya tadbiriga bemalol inson kabi koʻrinish berganini tasvirga oldi.

Effect.uz tadbirkor bilan bogʻliq holatni kuzatib bormoqda, katta ehtimol bilan ushbu ish boʻyicha boshlagan jurnalistik surishtiruvlarimizni davom ettiramiz.

Bundan tashqari, Namanganda prezidentga bergan vaʼdasini sunʼiy toʻsiqlar ortidan bajara olmayotgan tadbirkor Anasxon Dedaboyevni haqorat qilgan Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevga viloyat hokimi Shavkat Abdurrazoqov tomonidan “Hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllandi. Shuningdek, Abdullayev barcha turdagi ragʻbatlantirishlardan mahrum qilingan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 3-dekabr kuni Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov boshchiligida Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 15-oktyabrdagi 595-son qarori ijrosi boʻyicha kengaytirilgan muhokama yigʻilishi oʻtkazilgan.

Selektor tartibida oʻtkazilgan yigʻilishda viloyat sektor rahbarlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, maslahatchilari, shahar va tuman sektor rahbarlari, viloyat boshqarmalari, shahar va tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalliy Kengash deputatlari, Odob-axloq komissiya aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan.

Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevning ijtimoiy tarmoqlarda joylangan telefon orqali yozib olingan audio suhbati qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Albatta, bu hol nafaqat tumanning, balki Namangan viloyatining shaʼniga nomunosib harakat sifatida baholandi, deyiladi viloyat hokimligi eʼlon qilgan axborotda.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Yangi Namangan tumani rahbarining bu harakatlarini aslo oqlab boʻlmasligini taʼkidlagan.

“Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda, “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinib, yangi bosqichdagi islohotlarda viloyatimizning hissasi oʻz mevalarini bera boshlayotgan, erishayotgan yutuqlarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida eʼtirof etilayotgan, qolaversa bizga yuksak ishonch bildirib, turilgan bir vaqtda shahrimizni sanoat, tadbirkorlik va kichik biznes asosiy drayver boʻlgan Yangi Namangan tumani rahbarining bu harakatlarini aslo oqlab boʻlmaydi!”, degan viloyat hokimi.

Shuningdek, Namanganda oʻtkazilgan yigʻilishda joriy yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat boshqarmalari, tegishli tashkilotlar rahbarlarining xatti-harakatlari boʻyicha yoritilgan masalalar atroflicha muhokama qilingan.

Maʼlumot uchun ayti joiz, EFFECT.UZ hokimlarning bunday hatti-harakatlarini yoritishdan, ommaga olib chiqishdan hech qanday manfaatdor emas.

Yangi Oʻzbekiston rahbarlari Vatanda boʻla turib, oʻz hamyurtini, xohlang u oddiy fuqaro boʻlsin, xohlang boshqa boʻlsin, Inson qadri ulugʻlanayotgan yurtda odamlarga nisbatan shanga, or-nomusga tegadigan soʻzlarni ishlatish haqida mutlaqo hayoliga keltirmasligi shart.

Har bir muammoni diplomatik usul yoki biroz ogʻir-vazminlik bilan hal qilish shu muammoni bartaraf etishning eng ijobiy varianti boʻladi deb oʻylaymiz. Effect.uz har ikki masalani ham oxirigacha kuzatib boradi.

Shuni qoʻshimcha qilishimiz ham muhimki, qonunlar ustuvor mamlakatda har bir noqonuniy harakatlar va harakatsizliklar uchun tegishli jazolar mavjud, faqat ularni ijrosini viloyat hokimlari emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar taʼminlashi darkor.

Chunki viloyat hokimlari nari-borsa, oʻzining kimligini unutgan qoʻl ostidagi mulozimlarini nari-borsa faqat qulogʻidan choʻzib qoʻyishi mumkin xolos. Aks holda lavozimga yaqinda tayinlangan Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovning vajohati ham ayrim hokimlarni qoʻrqita olmayapti. Nazarimizda, hokimlar bilan ish tashkillashda qandaydir boshqacha yondoshuv kerak.

Aks holda Xalq va prezident ishonchini suisteʼmol qilayotgan ayrim hokimlarni jiddiy siyosati bilan tilga tushgan Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqovning vajohati ham qoʻrqita olmayapti.

Kimnidir qamatib, boshqasini esa “itarish” bilan qoʻrqitgan hokimlarga berilayotgan yengil intizomiy jazo chorasi ertaga yana boshqa bir hokimlarni yanada erkalatib yuborishi mumkin. Rahbarlar bu kabi xatolarni kelajakda  takrorlamasligi uchun ular bilan ishlashdagi yondoshuvni oʻzgartirish vaqti keldi nazarimizda.

Akmal Eshonxonov

Izohlar 0

Fikr bildirish