Qidirish

17:12 / 2022-12-27 808 1 Siyosat

Senatda Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonunning maʼqullanishi rad etildi

Senatning oʻttiz oltinchi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

world-news

Taʼkidlanishicha, mazkur Qonun Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat siyosatini samarali roʻyobga chiqarish, mazkur jabhadagi munosabatlarni toʻliq tartibga solishni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Taʼkidlanganidek, Qonun ijodkorligida shoshma-shosharlikka, yuzakichilikka, hamma uchun majburiy boʻlgan qoidalarni shunchaki, yetarli asoslarsiz belgilab ketishga zinhor yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Majlisda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun ham bu talabdan mustasno emasligiga eʼtibor qaratilgan.

Qonun 8 ta bob va 88 ta moddadan iborat boʻlib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida oʻtkazilgan muhokamalar uni qayta koʻrib chiqish lozimligini koʻrsatganligi qayd etildi.

Senatorlarning bildirishicha, Qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bogʻliq boʻlgan qoidalarga nomuvofiq, hatto baʼzi oʻrinlarda zid va qarama-qarshidir.

Xususan, Qonunning 19-moddasida sogʻliqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar oʻrtasida alkogol va tamaki mahsulotlari, isteʼmol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol taʼsirida mast holatda boʻlgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam koʻrsatish belgilab berilmoqda.

Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir yaʼni, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunda esa yigirma bir yoshga toʻlmagan shaxslar toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etish subyektlari sifatida belgilangan.

Har ikkala qonundagi mazkur oʻzaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, yaʼni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha boʻlgan shaxslar bilan bogʻliq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi qayd etildi.

Ikkinchidan, Qonunning 3-moddasida “voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs” tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni taʼminlash, tarbiyalash va unga taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs deb taʼrif berilmoqda.

Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan Qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs boʻyicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Uchinchidan, Qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Amaldagi normalarda esa, rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Biroq, Qonunda ushbu vakolatning nima uchun Hukumatdan vazirlikka olib berish koʻzda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmadi.

Vaholanki, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy boʻlgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir.

Qolaversa, Qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur Qonun jiddiy qayta koʻrib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda maʼqullanishi amaliyotda samaradan koʻra, koʻproq muammo tugʻdirishi taʼkidlangan. Shu sababdan qonun senatorlar tomonidan rad qilingan.

Izohlar 1

Ендирбаев Улугбек
2022-Dec-28 20:36
Рад қилиб яхши қилган қонун устиворлигини таъминлаш керак
Fikr bildirish