So`ngi yangiliklar
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti endilikda O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti deb nomlanadi
Quyosh, dengiz, tarix va hashamat. Antaliya dunyoga nimasi bilan mashhur?
Prezident taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi
Namangan shahar hokimi noqonuniy oʻrnatilgan radarlarni olib tashlashni soʻradi
“Kattalar”ning bosimida qolgan sud qarori
Futbol boʻyicha oʻn yetti yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo kubogi oʻyinlari gʻoliblari va ishtirokchilarini mukofotlash toʻgʻrisida qaror chiqarildi
Suv xoʻjaligi yoki pul xoʻjaligi: Kattalarning vaʼdalari suvga qoʻshilib oqib ketdimi?
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
“Sirop tarkibida zaharli modda boʻlgan” – SSV 18 bolaning vafotiga sabab boʻlgan “Dok-1 Maks” bilan bogʻliq hodisa ortidan oʻrganish natijalarini eʼlon qildi
Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Dok-1 Maks siropini isteʼmol qilishi ortidan 18 bola vafot etgandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu hodisa ortidan oʻrganish natijalarini maʼlum qildi.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, ishda jinoyat alomatlari mavjud, barcha masʼullar ishdan olingan, materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Taʼkidlanishicha, holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻiga asosan maxsus ishchi guruh aʼzolari tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan.
Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci Oʻzbekistonda 2012-yildan roʻyxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bergan maʼlumotga koʻra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Oʻzbekistonga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingan.
Tekshiruv jarayonida Oʻzbekistonda oʻtkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida oʻlim holati aniqlangan.
Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga meʼyoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol boʻlgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʻgʻri qoʻllanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab boʻlgan.
Vaholanki, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori boʻlgandagina kuniga 1 yoki 2-marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati meʼyorida boʻlganda ushbu dori vositasini isteʼmol qilish qatʼiyan man etiladi.
Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator oʻrganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham koʻrsatdi. Ushbu modda zaharli boʻlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʻzgarishlarni, yaʼni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʻtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Vazirlik ishchi guruhi oʻrganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari eʼtiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va beeʼtibor munosabatda boʻlgani, bolalar oʻlimi tahlilini oʻz vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni koʻrmagani uchun 7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilib, qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Toʻplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari Oʻzbekistondagi barcha dorixonalar savdosidan oʻrnatilgan tartibda qaytarib olingan. Oʻrganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati masalasi Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida Hayʼat yigʻilishida koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
“Shu oʻrinda vazirlik ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq boʻlmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor retsepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini soʻrab qoladi”, deyiladi SSV xabarida.




Izohlar 2

Салим Ёдгоров
2022-Dec-27 20:02