So`ngi yangiliklar
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Prezident rasman “eski tizim”dan voz kechdi
Hukumatga boʻysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilmoqda. Bunda, 20 ta idora toʻliq tugatilmoqda;
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish koʻpligi, keraksiz shtatlar borligi, markazlashuv yuqoriligini, oqibatda bugungi murakkab masalalarga toʻgʻri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanayotganini qayd etgan edi.
Shu munosabat bilan Davlat rahbari ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtish, Hukumat, vazirliklar va hokimliklarning ish faoliyatini tubdan isloh qilish, ular faoliyatining mezoni sifatida faqat va faqat odamlarni rozi qilishni belgilash maqsadida keng koʻlamli maʼmuriy islohotlarni ilgari surgan edi.
Uzoq tayyorgarlik koʻrilgan va chuqur tahlil qilingan ushbu islohotlarni hayotga joriy etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz hayotida tarixiy ahamiyatga ega hujjat – “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon va uning ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha qaror imzolandi.
Yangi farmon va qaror bilan nimalar oʻzgaradi?
1. 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
Hukumatga boʻysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilmoqda. Bunda, 20 ta idora toʻliq tugatilmoqda;
barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartiriladi;
ilgʻor xorijiy tajribalar asosida davlat boshqaruvi idoralari faqat vazirlik, qoʻmita, agentlik va inspeksiyadan iborat boʻladi. Bunda, vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlib, tarmoqqa kiruvchi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.
2. Hukumatda amaldagi 8 nafar Bosh vazir oʻrinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir oʻrinbosari qoldirilmoqda.
Bosh vazir oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamaydi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini toʻgʻridan-toʻgʻri boshqarmaydi.
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida amaldagi 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi. Bunda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar boʻyicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi boʻlimlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimidan iborat Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.
Uning oʻrniga Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.
3. Vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy masʼuliyati hamda javobgarligi keskin oshirilmoqda. Ularning sohaga ajratiladigan mablagʻlarni ishlatishdagi mustaqilligi belgilanmoqda.
Shuningdek, ajratilgan mablagʻlar va umumiy shtat birligi doirasida vazirlarga oʻz tuzilmasini mustaqil belgilash vakolati berilmoqda.
Vazirlar konstitutsiyaviy maqomidan foydalangan holda, Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan tizim joriy etilmoqda. Yaʼni, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar vazirlar ishtirokida muhokama qilinib, kollegial hal etiladi.
Sodda qilib aytganda, vazirlar:
- yangi qaror loyihalarini oʻzlari ishlab chiqadi;
- qaror loyihasining dolzarbligi, tashkiliy-moliyaviy mexanizmlari va kutilayotgan natijalarini Hukumat aʼzolari oldida oʻzlari himoya qiladi.
4. Vazirlik va idoralarning funksiyalari qayta koʻrib chiqilib, bir-birini takrorlaydiganlari qisqartiriladi. Bunda, xususiy sektorga oʻtkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga koʻpaytiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir vazirlikning yil davomida erishishi zarur boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi.
Vazirlar har yil boshida oʻzining oʻrinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi.
Xuddi shu kabi, vazirliklarning joylardagi boʻlinmalari rahbarlari ham maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi.
Vazirlar va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining yil yakuniga qadar ushbu dasturlar ijrosi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganligi yuzasidan ochiq hisobot berishi belgilanmoqda.
6. Davlat boshqaruvida ochiqlikni taʼminlash, raqamli boshqaruv modeliga oʻtish maqsadida vazirliklarning buyruq va qarorlarini “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda.
7. Davlat boshqaruvi apparatini saqlash xarajatlarini qisqartirish maqsadida vazirliklarda:
- masofaviy “onlayn qabul”, “virtual tashrif” kabi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ish uslublari kengaytiriladi;
- energiya sarfi bosqichma-bosqich, shu jumladan tejamkor texnologiyalar joriy etish hisobiga kamaytiriladi.
Umuman, farmon va qaror bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati va ish tizimini takomillashtirish boʻyicha yana bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.
Yangilangan vazirliklar roʻyxati:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Togʻ-kon va geologiya vazirligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
Tabiat resurslari vazirligi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Suv xoʻjaligi vazirligi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Adliya vazirligi;
Transport vazirligi;
Madaniyat va turizm vazirligi;
Mudofaa vazirligi;
Energetika vazirligi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi.