Qidirish

12:45 / 2025-10-13 1739 0 Jamiyat

O‘zbekiston paviloni Osaka EXPO–2025 ko‘rgazmasida oltin medalga sazovor bo‘ldi

Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tgan «EXPO 2025 Osaka, Kansai» xalqaro ko‘rgazmasi yakunlariga bag‘ishlangan marosimda O‘zbekiston paviloni nufuzli «BIE» mukofotining oltin medali bilan taqdirlandi.

world-news

2025 yil 12 oktyabr kuni Osaka shahridagi «Shining Hat» Ekspo-xollida Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi («BIE») mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir «EXPO 2025 Osaka, Kansai» xalqaro ko‘rgazmasining yorqin yakuniy bosqichi bo‘ldi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston paviloni 1500 m² gacha bo‘lgan pavilonlar orasida o‘z toifasidagi eng oliy mukofot — «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» nominatsiyasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Qaror 21 may kuni pavilonga tashrif buyurgan to‘qqiz nafar ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan. Mukofotlar besh toifadagi pavilonlar o‘rtasida uchta asosiy nominatsiya — «Arxitektura va landshaft», «Ko‘rgazma dizayni» hamda «Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi» bo‘yicha taqdim etildi.

«Biz taqdim etgan “Bilimlar bog‘i: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya” konsepsiyasida an’analar va innovatsiyalar uyg‘unligi ifodalangan. G‘oyamiz jahon hamjamiyatida keng ko‘lamli aks-sado berdi», — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.

U professionallik va ushbu loyihaga bo‘lgan ishonch uchun butun jamoaga, shuningdek xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, 1928 yilda tashkil etilgan Butunjahon ko‘rgazmalar byurosi («BIE») mukofoti EXPO doirasida ko‘rgazmaning asosiy mavzusi bilan hamohang sohalardagi ilg‘or yutuqlar uchun beriladi. U innovatsion g‘oyalar, zamonaviy texnologiyalar va ishtirokchi davlatlarning madaniy jihatlarini namoyon etgan eng yaxshi pavilonlarga taqdim etiladi.

Nufuzli «BIE» mukofoti dunyo ko‘rgazmalari rivojiga hissa qo‘shgan ishtirokchilarning noyob yutuqlarini e’tirof etadi hamda ularning sohadagi liderligini tasdiqlaydi.

Izohlar 0

Fikr bildirish