Qidirish

21:41 / 2025-09-15 2555 0 Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev: “Bu bog‘da yerga mehr, sidqidildan qilingan mehnat ko‘rinib turibdi. Natijasi, avvalo, daromad, xalqimizga manfaat”

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumanining Chimyon mahallasida barpo etilayotgan yirik agrosanoat bog‘i bilan tanishdi. Loyiha yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot yetishtirish, 12 mingdan ziyod kishini ish bilan ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

world-news

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘stonliq tumanining Chimyon mahallasida barpo etilayotgan agrosanoat bog‘ini borib ko‘rdi.

Bo‘stonliqda suv mo‘l, yeri unumdor. Shu imkoniyatlardan kelib chiqib, hududda turizm va agrar soha uyg‘un rivojlantirilmoqda. Jumladan, Chimyon mahallasida 3 ming gektar maydonda malina, qorag‘at, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi mevalar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq bo‘lib, bog‘lar tashkil etish, mevani qayta ishlash korxonalari hamda katta sig‘imli omborxonalar qurish nazarda tutilgan. Ayni paytda 50 gektarda malina va qulupnayning xorijiy eksportbop navlari ekilgan. Bog‘ to‘liq tomchilatib sug‘oriladi. Malinaning har gektaridan 400 million so‘m, qulupnaydan esa 500 million so‘mgacha daromad olinishi kutilmoqda.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot yetishtiriladi. Uning salmoqli qismi – o‘rmon yong‘og‘i va rezavorlar eksportga yo‘naltiriladi. Eng muhim jihati, bog‘larda 12 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari loyihani qo‘llab-quvvatlar ekan, qayta ishlash jarayonlarini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Zamonaviy yondashuv – navni tanlashdan tortib, ishlov berish, mevalarni terish va saralashgacha sifat va xaridorgirlikni ta’minlaydi.

– “Bu bog‘da yerga mehr, sidqidildan qilingan mehnat ko‘rinib turibdi. Natijasi, avvalo, daromad, xalqimizga manfaat. Bu jihatlari boshqa an’anaviy ekinlarga nisbatan bir necha barobar yuqori. Shuning uchun bunday mahsulotlar yetishtirishni ko‘proq odamlarga o‘rgatib, daromadini ko‘paytirish kerak”, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Fikr bildirish