Qidirish

10:02 / 2025-09-14 1270 0 Jamiyat

Namanganda 7,2 mlrd so‘mlik yashirin dori omborlari aniqlandi

Namangan viloyatida olib borilgan tezkor tadbir davomida kontrafakt va hujjatsiz dori vositalari saqlangan omborxonalar fosh etildi. Ulardan umumiy qiymati 7,2 milliard so‘mga teng 100 mingdan ortiq quti dori topildi va hozirda mazkur holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

world-news

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Namangan viloyati bojxona boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda noqonuniy dori savdosi fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Uychi tumanida yashovchi 1985, 1992 va 1993 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, kontrafakt va sifat sertifikatisiz dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullanib kelgan.

Tezkor tadbir davomida ularga tegishli Namangan shahri va Uychi tumanidagi 5 ta yashirin ombor ko‘zdan kechirildi.

Natijada, Xitoy, Rossiya, Xindiston, Fransiya, Italiya, Turkiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Ukraina, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan, hujjatsiz va kontrafakt hisoblangan dori vositalari aniqlandi. Ularning umumiy hajmi 102 640 quti (1267 turda) bo‘lib, taxminiy qiymati 7,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, kuchli ta’sir etuvchi moddalar qatoriga kiruvchi “Testosteron” va “Retobolil” preparatlari ham ombordan topilgan.

Aniqlanishicha, mazkur dorilar Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatga noqonuniy olib kirilgan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3 va 251-1-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilgan. Hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish