So`ngi yangiliklar
Qoraqalpogʻistonda psixofaol dorilar savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxs ushlandi
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yoʻlladi
Jismoniy shaxslarga tegishli transportlar soni 4,6 milliontaga yetdi
Mashina ustida mushakbozlik qilgan bloger 7 sutkaga qamaldi
Oʻzbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari 9 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot aʼzolarini qoʻlga oldi
Fargʻonada “Cobalt” va “Lacetti” toʻqnashib yonib ketdi
Bolgariyada 22 yoshli oʻzbekistonlik qoyatoshlar orasiga qisilib, vafot etdi
Turkiya yarim yilda turizmdan qariyb 26 mlrd dollar daromad oldi
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston quruvchilariga bayram tabrigi yoʻlladi
Bugun Oʻzbekistonda quruvchilar, muhandis va mutaxassislar bayrami nishonlanmoqda.

Hurmatli quruvchilar, muhandis va mutaxassislar, soha faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlugʻ kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlar, loyihachi va mutaxassislarning mashaqqatli mehnati bilan Yangi Oʻzbekistonning yangi, obod va koʻrkam qiyofasi shakllanmoqda, xalqimizning hayoti tobora farovon boʻlib bormoqda. Buning uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Keyingi yillarda qurilish industriyasi rivoji yangi bosqichga koʻtarilib, ushbu soha milliy iqtisodiyotimizning drayverlaridan biriga aylandi. Soʻnggi sakkiz yil davomida qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion soʻmdan 2024-yilda qariyb 234 trillion soʻmga yetgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Oʻtgan yili yurtimizda jami 40 million 500 ming kvadrat metr bino va inshoot qurilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.
Xalqimizning oʻsib borayotgan talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2024-yili 100 mingdan ziyod xonadonga ega boʻlgan 2 ming 44 ta koʻp qavatli uy barpo etildi. Bugungi kunda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy hajmi 2020-yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetganini alohida taʼkidlash lozim.
Eʼtiborlisi, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 56 ta hududdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshiriladi. 2030-yilgacha “Yangi Oʻzbekiston” massivlari sonini 100 taga yetkazish maqsad qilingan, bu esa 250 mingta xonadon degani.
Dunyoning ilgʻor kompaniyalari bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratilmoqda.
Ayni vaqtda Yangi Toshkent shahri qurilishining birinchi bosqichida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, muzeyi, ixtisoslashtirilgan maktab va maqom markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kabi yirik bino va inshootlar qad rostlamoqda.
Bularning barchasi qoʻligul bunyodkorlarimiz qanday ulkan marralarga erishayotganini yaqqol namoyon etadi.
Qadrli doʻstlar!
Boshqa sohalar qatori qurilish tarmogʻida ham davr talabi asosida raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda. Sohada 30 dan ortiq axborot tizimi joriy qilindi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida 22 ta davlat xizmati raqamlashtirilgani natijasida ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchiliklarga chek qoʻyildi. Tender platformasi joriy etilishi tufayli inson omilining aralashuviga barham berildi, shaffoflik, ochiq raqobat muhiti shakllantirildi.
Uy-joy qurilishida ulushdor sifatida ishtirok etadigan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida “Eskrou” tizimi tatbiq etilmoqda. Shu asosda ishonchli developerlar bozori shakllantiriladi.
Bugungi kunda shaharsozlik sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, toʻgʻri boʻladi. Endilikda bosh rejalar mutlaqo yangi mazmun va koʻrinishda ishlab chiqilib, geoaxborot tizimiga joylashtirish uchun raqamlashtirilmoqda. Xususan, 2024-yilda 146 ta shaharsozlik hujjatlari raqamlashtirildi. 2025-yilda ushbu koʻrsatkich 180 taga yetkaziladi.
Qurilish resurslari milliy klassifikatori yaratilib, narxlarni shakllantirish va obyektlar smeta qiymatini aniqlash ham elektron tizimga oʻtkazilmoqda.
Qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish, nazorat jarayonida ishtirokini taʼminlash hamda qurilish sifatini yaxshilash maqsadida nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu borada nazorat faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, obyektlarda ishlarning borishini kunlik nazorat qilib borish hamda real vaqt rejimida kuzatish imkonini yaratgan holda kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish soha vakillari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Aminmanki, sizlar bugungi zamonning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan ana shunday muhim talablarni chuqur anglab, yuksak natijadorlik bilan mehnat qilasizlar. Zahmatkash quruvchilarimizning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib ragʻbatlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi.
Har bir qurilgan bino – bu bizning kelajak avlodlarga qoldiradigan buyuk merosimiz, har bir koʻcha va shaharchaning koʻrinishida sizlarning qoʻl izingiz borligini, insonlar baxti va quvonchi aynan sizlarning mehnatingiz bilan bogʻliqligini hech qachon unutmang.
Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda oldimizda zamonaviy shaharlar, qulay turar-joy massivlari, insonlarga shodlik baxsh etuvchi betakror imoratlar qurish kabi ulkan vazifalar turibdi va buni amalga oshirishda biz sizdek – moʻjizakor, mohir va zahmatkash quruvchilarimizga ishonamiz hamda suyanamiz!
Hurmatli quruvchilar!
Sizlarni – mamlakatimizni har tomonlama goʻzal va betakror diyorga aylantirishdek sharafli ishga sidqidildan hissa qoʻshib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
El-yurtimiz ravnaqi va farovonligi yoʻlida siz, azizlarga yangi yutuq va omadlar yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti



