So`ngi yangiliklar
Samarqandda harakatlanayotgan Tracker-2 yonib ketdi
Ertaga qanday ob-havo boʻladi?
“Toshshahartransxizmat”ning sobiq rahbari qamoqdan ozod etildi
Davlat oliygohlari uchun kvotalar tasdiqlandi
Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik maosh 6 mln soʻmga yaqinlashdi
Ikki viloyatda oʻqishga kiritib qoʻyish uchun pora olganlar ushlandi
Avtosugʻurta narxi kamida 4 barobar oshiriladi
Toshkentdagi avariyada 20 yoshli haydovchi halok boʻldi
Yangi o‘quv yilidan boshlab В2 sertifikati mavjud bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari ishlan bo‘shatiladi(mi?) Sertifikat mashmashasi qachon tugaydi?!
O‘zbekistonda chet tili o‘qituvchilari uchun B2 darajasidagi til sertifikatini majburiy talab etish haqidagi qaror mamlakat bo‘ylab keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ushbu talabni yangi o‘quv yilidan kuchga kiritilishi e’lon qilingach, bir guruh o‘qituvchilar bosh vazir, bosh prokuror, Adliya vaziri, Xalq ta’limi vaziri va Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbarlariga murojaat bilan chiqdi. Ular bu qaror ortida inson qadri, mehnat huquqlari va ta’lim tizimining barqarorligiga oid jiddiy savollar yotganini ta’kidlashmoqda.

Bir guruh xorijiy til o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri A.N.Aripovga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yuldashevga, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J.Tashkulovga, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.M.Rafikovga hamda O‘zbekiston Respublikasi MMT vaziriga murojaat yo‘lladi.
Unda aytilishicha, aksariyat fan ustozlari yozda xotirjam dam olayotgan vaqtda chet tili fani o‘qituvchilari 2 yildirki yozgi ta’tilni qanday o‘tkazishmoqda. Bir qism xorijiy til o‘qituvchilari ustama beruvchi sertifikatlarga tayyorlovchi kurslar bilan, boshqa bir qismi 2025-2026 o‘quv yilida ishda qolish uchun talab qilinayotgan B2 daraja sertifikatiga tayyorgarlik bilan, yana bir qismi kuzgi atttestatsiyaga tayyorgarlik bilan band.
Sentyabr oyidan boshlab chet tili sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari 4 yillik mehnat evaziga olingan diplomi, ish tajribasi, malaka toifasidan qat’i nazar, maktabdan haydalishi mumkin. Sababi shundaki, o‘tgan oylarda O‘zbekistondagi xorijiy til o‘qituvchilariga maktab direktorlari nomidan ogohlantirish xatlari yuborilgan.
“…Sizga shuni ma’lum qilamizki, 2025-2026 o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasangiz, siz bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantiramiz”, deyiladi unda.
Bunga Vazirlar Mahkamasining "Xorijiy tillarni o‘rganishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 312-sonli (2021 yil 19 may) qarori asos qilib olingan. (https://lex.uz/docs/-5431845)
Mazkur qarorning 9-bandiga muvofiq, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab, davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Lekin MMTVning 31 iyul 2024 yildagi 03..12-1053-sonli xatiga ko‘ra, B2 sertifikat olish talabi 2025-2026 o‘quv yiligacha surilgan edi. Qiziq tomoni shundaki, o‘qituvchilarning B2 darajali sertifikatdan-da qimmatliroq diplomi “yuqoridagilarni” qiziqtirmayapti.
Ogohlantirish xati berilishiga yana bir asos bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2024 yil 31 iyulda maktablarga rasmiy xat yubordi.
Demak, Vazirlar Mahkamasi o‘z tarkibidagi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalarga berayotgan diplomni tan olmaydi yoki uni yetarlicha kuchga ega emas, deb baholaydi. Aks holda, bir umrga amal qiladigan diplom qolib, “yaroqlilik muddati 2 yil bo‘lgan” sertifikatni ishdan ketish yoki qolish darajasidagi masalaga aylantirisharmidi?
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra 60 foiz xodimda bu sertifikat mavjud emas va ololmagan. Ololmaganlik sabablari bir necha faktorlarga bog‘liq. Ishga talabgorlar soni esa xorijiy til bo‘yicha 30 foiz xolos. Ana shu B2 sertifikati yo‘qlarning 3 dan 2 qismini 45 yoshdan oshganlar tashkil qilmoqda. Xo‘sh, sentyabr oyidan oradagi farq 50 foiz defetsit o‘qituvchi o‘rni qanday qoplanadi.
Demak, davlat maktablarining 50 foiz xorijiy til o‘qituvchini darsi vakant bo‘lish ehtimoli yuqori. Nimaga? O‘zbekistonda faqat chet tili fani ustozlari ishlaydimi?
“4 yil o‘qidik, bu ixtiyoriy bo‘lishi kerak, pul ishlash manbayi emas. Sertifikat diplomdan ustun bo‘lishi mumkinmi?... Va bu nega faqat chet tili o‘qituvchilarida? Hozir hamma fanda daraja sertifikat imtihoni bor, lekin ularda bu sertifikat natijasi ahamiyatsiz. Usiz ham diplom bilan bemalol ishlayveradi. Chet tili o‘qituvchilari esa busiz ishlolmaydi. Nega? Biz demokratik jamiyatning teng huquqli fuqarosimasmizmi?” deydi xorijiy til o‘qituvchisi.
Bank xodimiga nega sertifikat talab kilinmaydi, vaholanki ular o‘qituvchidan 2 barobar ko‘proq maosh olishadi. Moliya, soliq sohasidagilardan-chi? Bundan tashqari, “tejaymiz" deb chet tilichilarni sherigi ketsa, oylik maoshi to‘lanmaydi. Narigi gruppa o‘tiraveradi qo‘shib o‘tib, o‘quvchilar og‘zini ochib. Sherigi ketdi maoshi to‘lanmasa uning mehnati 0 ekan-da.
Ma’lumki chet tili darslari bo‘linib o‘tiladi. sentyabrdan darslar 2 ga bo‘linmay palapartish qo‘shib o‘tiladi. Sifat esa 0 ga tushadi.
Vazirliklarda ishlayotganlar o‘kituvchidan 5 barobar ko‘p maosh olishadi. Ular ham sertifikat olishsin. Bo‘lmasa ularni xam ishdan olishsin.... Ishsizlikni bartaraf qilamiz deb ishsizlikni kupaytirmayapsizlarmi?
Diplomning obro‘si kayerda? Unda diplom nimaga kerak, agar sertifikat xamma ishni hal kilsa!!!
Yana bir pedagog ta’lim sohasi xodimlariga eng kam maosh to‘lanishini, o‘sha maoshni olish uchun ham turli-tuman imtihondan o‘tkazilishini aytdi:
“O‘zi eng kam ish haqini o‘qituvchi olsa, shu eng kam ish haqiga ham mingta imtihon, mingta sinov, mingta chig‘iriqdan o‘tkazadi! 15-20 million so‘m oylik oladiganlarga hech qanday sinov yo‘q. Qishda ham, yozda ham konditsioner tagida o‘tirib olishyapti o‘sha bir necha o‘n millionlarni” .
Hozir hamma fanda daraja sertifikat imtihoni bor, lekin ularda bu sertifikat natijasi ahamiyatsiz. Usiz ham diplom bilan bemalol ishlayveradi. Chet tili o‘qituvchilari esa busiz ishlolmaydi. Nega? Biz demokratik jamiyatning teng huquqli fuqarosimasmizmi?” deydi xorijiy til o‘qituvchisi.
“Sertifikat esa hozirda real olib qaraganda diplom, yosh, mehnat staji, toifasi, va boshqa kriteriyalardan birinchi ustunga chiqib qolayotganday. Masalan, men bir-ikki o‘quv markazlariga kirdim. 10-15 milliondan ortiq oylik olyapti yosh bolalar. Lekin 3 yildan beri institutga kira olmayapti. Sertifikati bor. Bolalarga dars o‘tishini ko‘rdim. Maktabdagidan umuman boshqacha. Yana o‘quvchiga bilimni tushuntirmayapti, bajarib kelgan narsasini tekshirib beryapti. To‘g‘ri, hozirgi o‘qituvchi ko‘proq bolani ishlatishi, fikrlashga o‘rgatishi kerak. Lekin avval o‘rganish uchun ham nimadir o‘rgatishi, berishi kerak-da o‘rta maktablarda”, deydi yana bir mutaxassis.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarga B2 sertifikatini olish bo‘yicha qo‘yilgan talabni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan izohlaydi. Ammo Vazirlar Mahkamasi qaroridan-da ustuvorroq bo‘lgan pedagoglar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar bor. Bular "Pedagogning maqomi to‘g‘risida"gi qonun va O‘zbekiston Mehnat kodeksidir.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov o‘qituvchilarga qo‘yilgan talabni ham qonunga, ham mantiqqa zid ekanini tushuntirgandi:
"Pedagogning maqomi to‘g‘risida"gi qonunda yozilgan: "Ta’lim tizimida ishlayotgan pedagogning kasbiy darajasiga doir talablar "Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori"da hamda pedagogning kasbiy standartlarida belgilanadi" (3-modda). Endi "Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori"ga qaraymiz (3730): Unda o‘qituvchiga qo‘yiladigan talab: bakalavriat yoki ayrim hollarda — o‘rta maxsus professional ta’lim va kasbiy tajriba. Ya’ni davlat tomonidan tan olinadigan "o‘qituvchi" degan diplomi bor har qanday mutaxassis pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli.
Holatning mantiqqa zidligiga to‘xtalsak, chet tili o‘qituvchisining qo‘lida oliy filologik ta’lim to‘g‘risida diplom bo‘ladi. Ya’ni OTM uning xorijiy tilni bilishini tasdiqlab, davlat tan oladigan diplom beryapti. Demak, davlat o‘z nomidan beriladigan diplomga ishonmayaptimi? O‘qituvchining qo‘lidagi diplomi "sertifikat bo‘lmasa haqiqiy emas" deydigan bironta huquqiy asos yo‘q-ku. Menimcha, Vazirlar Mahkamasi qarori bu bandining o‘zi qay darajada qonuniyligi ham bahsli masala”.
Vazirlar Mahkamasi qarori esa qonundan ustun bo‘lolmaydi. “Mehnat kodeksi”ga ko‘ra, “xodimning malakasi yetarli bo‘lmagani sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi” aniqlangan taqdirda, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinadi. Malakani belgilovchi hujjat bu – diplom. Bundan kelib chiqadiki na maktab direktori, na vazirlik xodimlari diplomli pedagogni sertifikat bahona ishdan haydash vakolatiga ega emas. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Vazirlar Mahkamasining qarorini bajaraman deb qarordan ustuvor bo‘lgan qonunlarni sariq chaqaga olmay, mensimasdan oyoqosti qilgan bo‘ladimi shunda?
O‘zbekistonda qonunlarning aniq va bir xilda ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuratura va normativ huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini belgilaydigan adliya tizimi bu masalaga qarsak chalib turishi juda kulgili va ajablanarli emasmi?
O‘qituvchilar har yili malaka oshirish darslariga boradi, uni tugatgach, test topshiradi. Bundan tashqari, har besh yilda malaka toifasini belgilab beruvchi imtihonga yuboriladi. Endi esa pedagoglar har ikki yilda chet tili bilimini baholash sertifikatini olish uchun ham imtihon topshirishlari kerak.
Vazirlik ta’limni kuchaytirish yo‘lida qila oladigan yagona islohot – pedagoglarni qayta va qayta imtihondan o‘tkazishmi? Aslida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashi, ularga qulay mehnat sharoitlari yaratishi kerak emasmi?
Qayta va qayta o‘qish, imtihon topshirish biror samara bersa, nega bu amaliyot barcha sohalarga tatbiq etilmaydi? Yana qaysi kasb egalari har ikki va bir yilda imtihon qilinyapti, qonunga zid qarori tufayli o‘qituvchilarga shart qo‘ygan Vazirlar Mahkamasi a’zolarimi?
Bu juda dolzarb masala. Tajribali, metodikasi kuchli, lekin sertifikat ololmagan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish – adolatdanmi? To‘g‘ri, sertifikat yangi avlod o‘qituvchilari uchun ish o‘rini ochiladi. Biroq tajribali o‘qituvchilarni yo‘qotish, ularni shu kasbga bo‘lgan mehri, davlatga ishonchi yo‘qolishini, ortida turgan oilasi tirikchiligi haqida Singapur, Finlandiya yoki Janubiy Afrika kattakonlari o‘ylaydimi? Eng maqbul yo‘l – tajribali o‘qituvchilarga muqobil baholash tizimini joriy qilish.
Chunki tajriba va metodika – sertifikat bilan emas, yillar davomida shakllanadi-ku. Zero, til bilish – yaxshi o‘qituvchi bo‘lish degani emas Grammatika yoki imtihon texnikasini yaxshi bilish dars berish qobiliyatiga teng kelmaydi. O‘quvchilarga bilimni qanday yetkazish muhimroq. Xorijiy til fan darsliklarini o‘z vaqtida yetkazib bermay, ayniqsa daftarlari yil davomida kelmasdan, hujjatda yetkazildi deb, milliardlab pullar taqdiri nima bo‘layotganini ko‘tarmayapmiz-ku.
Imtihon topshirish hamma uchun oson emas – keksaroq o‘qituvchilar rasmiy imtihon formatiga moslasha olmasligi mumkin. Balki ular amaliy baholash orqali o‘z bilimlarini isbotlashi kerakdir.Ularning aybi oldingi tizimda, yo‘nalish va uslubda o‘qiganimi? U paytda sertifikat degan baloning S xarfi ham bo‘lmagan-ku.
Har bir o‘qituvchi har xil davrda oliygohlarda ta’lim olgan. Yoshi 45 yoshdan yuqori bo‘lgan o‘qituvchilardan yoshi 25 yoshdagi o‘qituvchilarga mos dasturlar asosida yaratilgan sertifikatlash tizimi noto‘g‘ri deb o‘ylaymiz. Yoki sertifikatlash ham biznesga aylandimi? Bechora o‘qituvchilar sertifikatga pul to‘lasinmi, oilasini boqsinmi, farzandiga kontrakt puli to‘lashsinmi yoki olgan kreditini?!
Yillar davomida oliygohda o‘qib diplom olgan o‘qituvchilar sertifikatsiz ishsiz qoladimi endi? Unda nimaga kerak bu diplom?
Oilasi, sog‘ligi va ba’zan ishi sabab o‘ziga ham e’tibor bera olmaydigan ustozlarni" "Sertifikat" mashmashasidan qutqarish vaqti qachon kelar ekan?
O‘qituvchi jamoasi borki, doimo o‘z ustida ishlaydi. Qaysidir o‘qituvchining metodik, qaysiningdir falsafiy yoki psixologik salohiyati juda yuqori. Sertifikatlash esa o‘qituvchilarni bilimdon qilib qo‘ymaydi. Aniqki, ishlayotgan o‘qituvchi bilimsiz bo‘lmaydi. Mabodo sertifikat olmagan o‘qituvchilar ishsiz qolsa, bu "ishsizlikka" qo‘yilgan qadam bo‘lib qolmaydimi?
MMT vazirligining ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi strategiyasi Normativ huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi normalarga tushmayapdi. Tartib bo‘yicha:
1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
2. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
6. Vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari tartibida amalga oshirganda qonuniy bo‘lardi. Vazirlikning hozirgi pozitsiyasi esa ushbu tartibga amal qilinmagan.
O‘qituvchilar har yili Malaka oshirish institutida o‘qitiladi, toifa (attestatsiya) imtihoni topshirishadi (bu uchun ham to‘lov qilishadi), ochiq darslar o‘tib berishadi, turli konferensiyalarda qatnashishadi. Yana nima qilishsin o‘qituvchilar?
Qachon tugaydi bu Sertifikat mashmashasi???
Shundan kelib chiqib ushbu yuqoridagi qarorning 9-bandiga kichik o‘zgartish kiritishni taqozo qiladi. Shunda ushbu muammo biroz bo‘lsada yengillashadi.
1-taklif
"Mazkur talab 2019 yildan oldin oliy ta’limni tamomlagan oliy toifadagi pedagoglarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi"
Sababi, sertifikat bilan bog‘liq tizim 2020-2021 yillardan keyin boshlandi.
2-taklif
"Mazkur talab xuddi shu fan bo‘yicha 20 yil va undan ortiq uzluksiz ishlab kelayotgan oliy toifadagi pedagoglarlarga nisbatan tatbiq etilmaydi"
Vazirlik bu narsadan aslo cho‘chimaslik kerak. Qaytaga bu o‘zgartish orqali mana uzoq yillar uzluksiz mehnat qilsa davlat bizni qadrimizga yetarkan degan ma’noda nafaqat shu fan bo‘yicha 20 yil va undan ortiq uzluksiz ishlab kelayotgan oliy toifadagi pedagoglarlarga, balki keyingi yosh pedagoglarga ham motivatsiya bo‘ladi.
3-taklif
Mazkur talab 45 yoshdan oshgan va ish staji 20 yil uzluksiz stajdan oshgan pedagoglarga tatbiq qilinmaydi”.
Stajni kamida 20 yil ko‘rsatganimiz sababi 20 yil uzluksiz ishlagan pedagog shundoq ham 5-10 yil ichida pensiyaga ketadi va bu uzluksiz stajda bo‘lganlar hozirgi tartib-talabga 80 foizi tusha olmaydi. Biroq har qanday sertifikat olib kelgan yangi pedagogdan ko‘ra darsda o‘quvchiga mavzuni yetkazib bera oladi.
4-taklif
“Mazkur talab oliy toifali pedagoglarga tatbiq qilinmaydi”
Endi oliy toifali pedagog qandaydir sabab bilan sertifikat ololmagan bo‘lsa bu bilimsiz degani emas va sertifikat bu toifadan ustun degani ham emas demoqchimiz.
5-taklif
“Mazkur talab yoshi 45 yoshdan oshgan oliy toifali va 20 yil ish stajiga ega shu fan o‘qituvchilariga tatbiq qilinmaydi”
Ya’ni 1-2-3-4 takliflardagi barcha kriteriyalarga kiradiganlarga tatbiq etilmasligi aytilmoqda. Boshqacha qilib aytganda 5-taklifdagi barcha 4 ta me’yorlardan 3 tasi to‘g‘ri kelib, 4- kriteriyasi tushmasa ham ularga o‘z-o‘zidan tatbiq etilmaydi. Talabni qo‘yayotganda barcha 3 ta omil to‘liq tushsa deyilmoqda.
Ehtimol, masalaning yechimi adolatli 70 foiz yechimini topar. Buni endi ekspertlar hal qilishar. Surishtiruvlarimiz natijasida misol uchun xorijiy til sertifikati olgan pedagoglar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ertaga yangi o‘quv yilida shu sertifikat talabi orqali 50 foiz xorijiy til pedagoglari ishsiz qolishini tasavvur qilish esa achinarli holat.
Yana bir yilga surish esa jamoatchilik o‘rtasida kulgili vaziyatni, vazirlik imijiga salbiy tushunchalarni olib kelishi mumkin. Shu bois, muammoni yechish uchun revolyutsion usulda emas, vaziyatni qonuniy yumshatish orqali yuqoridagi takliflarni kiritgan holda ish tashkil qilish mumkin.
Bu muammoning yanada chigallashganidan ko‘ra adolatli yo‘li bo‘larmidi. Axir, ta’limda eng tinib tinchimas fan sohiblari - xorijiy til o‘qituvchilari ekani ham ayni haqiqat-ku.
Hurmatli bosh vazir va vazirlik mas’ullari!
Sizdan chet tili fani ustozlarining yozda emin-erkin dam olishlariga to‘sqinlik qilayotgan bu muammo bo‘yicha tezroq munosabat berishingizni so‘raymiz!
BIR GURUH XORIJIY TIL O‘QITUVCHILARI



