Qidirish

17:47 / 2025-07-19 160 0 Jamiyat

Kanada va Germaniyadan ham yaxshiroq: O‘zbekiston xavfsizlik darajasi bo‘yicha yuqori natijani qayd etdi

O‘zbekiston Numbeo va Global Terrorism Index kabi xalqaro reytinglarda xavfsizlik darajasi bo‘yicha Kanada va Germaniyadan ham yuqori o‘rinni egallab, dunyodagi eng tinch 30 davlat qatoriga kirdi. Mamlakatda qasddan odam o‘ldirish, giyohvandlik va terrorizm holatlari o‘ta past darajada qayd etilmoqda. Bu natijalar ichki barqarorlik, huquqiy nazorat, jamoaviy hushyorlik va aholi ongining oshgani samarasidir.

world-news

So‘nggi vaqtlarda jamiyatimizda jinoyatlar, ayniqsa inson o‘limi bilan bog‘liq ba’zi holatlar muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Bu kabi xabarlar har qanday sog‘lom jamiyatda xavotir uyg‘otishi tabiiy. Lekin shunday paytda ehtirosga emas, xolis tahlilga suyangan holda gapirish juda muhim. Har bir o‘lim – og‘riq, har bir zo‘ravonlik esa jamiyat uchun jiddiy “signal”.
Aslida vaziyat qanday? 
Numbeo xalqaro reytingining 2024 yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston jinoyatchilik darajasi bo‘yicha 147 davlat orasida 121-o‘rinda. Bu ko‘rsatkich “ro‘yxatning oxirida” ekanimizni anglatmaydi, aksincha, biz dunyodagi eng tinch 30 davlat qatorida turibmiz degani. 
Chunki ushbu reytingda yuqori o‘rinlar xavfli, jinoyatlar ko‘p sodir etiladigan mamlakatlarga tegishli. Masalan, Venesuela, Afg‘oniston va Nigeriya ro‘yxatning yuqori qismida. O‘zbekiston esa 30,5 balli jinoyatchilik indeksi va 69,5 balli xavfsizlik darajasi bilan Kanada, Germaniya, Turkiya va AQSH kabi rivojlangan davlatlarga nisbatan ham yaxshiroq natija qayd etgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘istonda jinoyatchilik – 45,9 ball, Qirg‘izistonda – 54 ball, xavfsizlik ko‘rsatkichlari esa O‘zbekistonnikidan ancha past. Bu esa ichki barqarorlik bilan bir qatorda insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, jamiyatdagi kuchli fuqarolik hissi va huquqbuzarliklarga nisbatan jamoaviy hushyorlik mavjudligini ham ko‘rsatadi.
Bu fikrni Jahon bankining ma’lumotlari ham quvvatlaydi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda qasddan odam o‘ldirish darajasi har 100 ming aholiga faqat 1 ta holatni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich jahonda 100 ming kishiga o‘rtacha 5,8 ta, Osiyoda esa 2,3 tani tashkil qiladi. 
Davlatlar kesimida oladigan bo‘lsak Rossiyada 7 ta, AQSHda 6,9 ta Qozog‘istonda va Turkiyada 3 ta, Braziliyada esa ahvol og‘ir – 22 ta. O‘zbekiston bu ko‘rsatkichda qo‘shnilardan ham, ko‘plab rivojlangan davlatlardan ham yaxshiroq natijani qayd etgan.
Terrorizm bo‘yicha ham xolis raqamlar shunga guvoh. Global Terrorism Index (Sidneydagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan) e’lon qilgan hisobotda O‘zbekiston 90-o‘rinni egalladi va “terrorizm tahdidi past bo‘lgan” mamlakatlar qatoriga kirdi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda siyosiy barqarorlik, aholining ekstremizmga qarshi immuniteti va xavfsizlik tizimlarining samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.
Giyohvandlikka qarshi kurashda ham mamlakatimizning natijalari diqqatga sazovor. World Population Review ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston dunyo bo‘yicha giyohvand moddalar iste’moli ko‘p bo‘lgan davlatlar ichida 
8-o‘rinni egallagan bo‘lsa, O‘zbekiston 95-o‘rinda. Bundan ma’lumki, yoshlar o‘rtasida zararli illatlarga qarshi profilaktika, ta’limdagi tarbiyaviy yondashuv va huquqiy nazorat o‘z samarasini bermoqda.
Bu raqamlardan taskin topish yoki faxrlanish uchun emas, ularni saqlash va yanada yaxshilash uchun xulosa chiqarish kerak. Zero, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatimizdagi 5200 ta mahallada bitta ham jinoyat qayd etilmagani, shunchaki bir kunlik yutuq emas. Bu tizimli ish, mas’ul rahbarlar, fidoyi mahalla faollari, aholining o‘ziga xos ongi va birdamligi natijasi. 
Prezidentimizning 2025 yildagi birinchi qarorining aynan jinoyatchilikni kamaytirishga bag‘ishlanishi, har bir mahallaga mas’ul biriktirilishi, “yo‘l xaritasi” asosida ish olib borilishi bugungi barqarorlikning asosiy sabablaridir.
Albatta, jinoyat butunlay yo‘qolmagan. Lekin shunisi aniq: har bir holatga javobgarlik hissi bilan yondashilayotgan mamlakatda tinchlik faqat statistika emas, hayot tarziga aylanadi.
Bugun dunyo har qachongidan ham tinchlikka muhtoj. Yurtimizdagi tinchlik bu izchil davlat siyosati, fidokorona mehnat, xalq va davlat birdamligining samarasidir. Shoir aytganidek, “Tinchlik deya yurak bag‘ri kuyik eldir bu!”

Izohlar 0

Fikr bildirish