Qidirish

16:29 / 2025-06-27 61 0 Jamiyat

Mahalliy Kengashlar faoliyatida yangi bosqich: islohotlar va imkoniyatlar

O‘zbekistonda mahalliy Kengashlar instituti so‘nggi yillarda tubdan yangilandi. Yangi Konstitutsiyada va Prezident farmonlarida Kengashlarning huquqiy maqomi va vakolatlari kengaytirilib, ular jamiyat va davlat boshqaruvida muhim o‘rin egallayotgan xalq vakillik organiga aylanmoqda. Aholi muammolarini hal etish, ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilish, ochiqlik va javobgarlikni ta’minlashda mahalliy Kengashlar roli keskin ortib bormoqda.

world-news

So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda mahalliy Kengashlar instituti tubdan yangilandi. Konstitutsiyaviy islohotlar va Prezident farmonlari mahalliy vakillik organlarining huquqiy maqomi, vakolatlari hamda jamiyatdagi o‘rnini sezilarli darajada oshirdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy davlat hokimiyatining ikki bo‘g‘ini — vakillik va ijro hokimiyatlari aniq ajratib berildi. Kengash raisi va hokim lavozimlarining alohida qilinayotgani hokimiyatlar bo‘linishi prinsipining mahalliy darajada to‘liq amalga oshirilishini ta’minlamoqda.

Mahalliy Kengashlar faoliyatiga “Kengash so‘rovi”, “Kengash tekshiruvi” kabi yangi mexanizmlar joriy etildi. Sessiyalar har chorakda emas, balki har oyda, zarurat tug‘ilganda esa oyiga ikki marta chaqirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

2024 yil 2 fevraldagi Prezident Farmoniga muvofiq, mahalliy Kengashlarga jamiyat va davlat hayotining muhim yo‘nalishlari bo‘yicha 30 dan ortiq funksiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, 2024 yil 23 fevralda tasdiqlangan “2030 yilgacha mahalliy vakillik organlarini rivojlantirish konsepsiyasi” doirasida 7 yo‘nalish va 53 chora-tadbirni qamrab olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Konsepsiyaning asosiy maqsadlari:

xalq hokimiyatchiligini to‘liq ta’minlash;

ijro organlarining Kengashlar oldida hisobdorligini kuchaytirish;

hududiy boshqaruvni nomarkazlashtirish;

Kengashlarning xalqaro aloqalarini rivojlantirish.


Deputatlarning aholi muammolarini hal etishdagi vakolatlari kengaymoqda. Mahalliy budjet xarajatlarining 3–5 foizi endi deputat tashabbuslari asosida shakllantiriladi. Shuningdek, deputatlarga transportda bepul yurish, ish joyida deputatlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, “Saylovchi – deputat – hokim – Kengash” tizimini yo‘lga qo‘yish kabi yangiliklar nazarda tutilgan.

Kengash qarori bilan tayinlanadigan mansabdorlarning faoliyati yuzasidan javobgarlik mexanizmlari kuchaytiriladi. Deputat so‘rovlari va tavsiyalarini rad etish yoki javob bermaslik holatlari bartaraf etiladi. “Kengash soati” instituti joriy etilmoqda, bu orqali muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan jamoatchilikka tezkor axborot taqdim etiladi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Sessiyalar jamoatchilik uchun ochiq o‘tkaziladi, qarorlar va hisobotlar “E-Kengash” platformasida e’lon qilinadi. Elektron jamoaviy murojaatlar, jamoatchilik maslahat guruhlari va fuqarolarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokiga yo‘naltirilgan mexanizmlar amaliyotga joriy etilmoqda.

Mahalliy ahamiyatga molik bir qator masalalar — mahalliy to‘lovlar, ijara haqlari, dafn xizmati tariflari, ish o‘rinlari kvotalari bo‘yicha qaror qabul qilish huquqi mahalliy Kengashlarga beriladi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mahalliy Kengashlar – xalq ovozi, jamiyat manfaati va davlat siyosatini mahalliy ehtiyojlarga moslashtiruvchi asosiy institutga aylanmoqda. Ular qudratli bo‘lsa, davlat ham barqaror va ta’sirchan bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, mazkur islohotlar mahalliy boshqaruvda xalq ishtirokini, ochiqlikni, samaradorlik va javobgarlikni ta’minlashga qaratilgan. Bu xalqimiz orasida keng tarqalgan “O‘ttiz kishi bilan kengash, bir kishi bilan ish ko‘r” degan hakimona naqlning amaldagi tasdig‘idir.

Sakinaxon Said Gaziyeva,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati

Izohlar 0

Fikr bildirish